Vladimir TYURDЕNЕV: “Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning Oʻzbekistonga davlat tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida muhim voqeaga aylanadi”

11:54 17 Oktyabr 2018 Siyosat
652 0

Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi munosabatlar keyingi yillarda yanada yuqori bosqichga koʻtarildi. Muxbirlarimiz hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari hamda yirik investitsiyaviy loyihalar haqida Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir TYURDЕNЕV bilan suhbatlashdi.

— Elchi janoblari, Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar surʼatini qanday baholaysiz, ular nimalarda namoyon boʻlmoqda?
— Rossiya — Oʻzbekiston munosabatlarining izchil rivojlanishiga mamlakatlarimiz rahbarlari Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar va ishonchli muloqot katta turtki beryapti. Zero, ular turli xalqaro sammitlar doirasida uchrashuvlar oʻtkazib, muhim masalalarda muntazam ravishda telefon orqali muloqot qilishmoqda.
Darhaqiqat, vazirliklar va idoralar yoʻnalishlari boʻyicha ham hamkorlik faollashdi. Birgina 2018 yilning boshidan buyon Rossiyadan Oʻzbekistonga 30 dan ziyod delegatsiyalar tashrif buyurgani buning tasdigʻidir.

Mintaqalararo aloqalar ham jadal rivojlanyapti. Xususan, 2017-2018 yillarda Rossiya mintaqalari rahbariyatlari darajasida, jumladan, Checheniston Respublikasi va Tatariston rahbarlari, Sankt-Peterburg, Chelyabinsk, Ivanovsk va Orenburg viloyatlari gubernatorlari bilan 20 dan ortiq ikki tomonlama tashriflar amalga oshirildi. Oltoy oʻlkasi, Novosibirsk va Sverdlovsk viloyatlari rahbarlari oʻrinbosarlari darajasida delegatsiyalar tashrif buyurdi. Yaqin kunlarda Toshkentda ikki davlat Prezidentlari ishtirokida “Oʻzbekiston — Rossiya” hududlararo hamkorlik forumi oʻtkaziladi. Bu Rossiya Federatsiyasi subyektlari va Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy-hududiy birliklari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot uchun doimiy maydonga aylanishi, shubhasiz.

Rossiya — Oʻzbekiston munosabatlarining holati va istiqbollarini baholaganda, ikki tomonlama iqtisodiy koʻrsatkichlarga eʼtibor qaratish oʻrinlidir. 2018 yilning yanvar — avgust oylarida Oʻzbekiston tashqi savdosida Rossiyaning ulushi 18,3 foizni tashkil etdi. Binobarin, Rossiya Oʻzbekistonning yetakchi savdo sherigi boʻlib qolmoqda. Oʻzaro tovar ayirboshlashning ijobiy dinamikasini inobatga olgan holda, 2018 yil yakunida koʻrsatkichlarni besh milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyilayotir. Bunda 2017 yilda yoʻlga qoʻyilgan “yashil yoʻlak” — soddalashtirilgan bojxona va fitosanitar nazorati muhim oʻringa ega boʻlishi kerak. Zero, shu orqali Oʻzbekistondan Rossiyaga meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish muddatlari sezilarli darajada qisqartirildi.

Atom energiyasidan tinchlik yoʻlida foydalanish sohasidagi hamkorlikning faollashuvi oʻzaro aloqalar uchun katta voqeadir. Oʻzbekistonda Rossiya texnologiyalari boʻyicha AES qurish bu boradagi eng muhim loyiha hisoblanadi. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning Oʻzbekistonga davlat tashrifi chogʻida ikki mamlakat rahbarlari tomonidan mazkur qurilishga ramziy start beriladi.

Mutaxassislarimiz oʻzbekistonlik hamkasblari bilan byudjetni prognozlashtirish, bojxona va soliq qonunchiligini takomillashtirish jabhalarida eng yaxshi amaliyotlarni almashib kelishmoqda.

Taʼlim sohasidagi oʻzaro aloqalar ham katta istiqbolga ega. Oʻzbekiston Rossiya oliy oʻquv yurtlarida talabalarning tahsil olish koʻrsatkichlari boʻyicha yetakchilar qatorida turadi. 2017 yilda oʻzbekistonlik 5500 dan ziyod abituriyentlar Rossiya oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirdi. Ularning 170 nafari Rossiya hukumati tomonidan ajratiladigan taʼlim kvotalari boʻyichadir. 2018 yilda mazkur kvota 203 oʻringacha koʻpaytirildi. Oʻz navbatida, oʻzbekistonliklar uchun, jumladan, ijodiy yoʻnalishlar boʻyicha ham byudjet kvotalarini kelgusida yanada koʻpaytirishga doir kelishuv mavjud.

Yurtingizda samarali faoliyat yuritayotgan M. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, G. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti hamda I. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti qatoriga joriy yilning sentyabr oyidan Olmaliqda Moskva poʻlat va qotishmalar institutining Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti filiali ham qoʻshildi. Kelgusi oʻquv yilidan boshlab, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti va Moskva muhandislik-fizika instituti filiallarini ochish rejalashtirilyapti. Shuningdek, Oʻzbekiston tomoni respublika hududlarida A. Pushkin nomidagi Rus tili davlat instituti filiallari hamda OTM bazalarida “rus tili va adabiyoti” mutaxassisligi boʻyicha taʼlim olib boradigan rus tili markazlarini ochishga ham qiziqish bildirmoqda.

Yana bir yangilik. Toshkentda mamlakatlarimiz tarixida ilk bor Taʼlim forumi boʻlib oʻtadi. Unda Rossiyadagi 80 dan ortiq yetakchi oliy oʻquv yurtlari vakillari qatnashadi.

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil aprel oyida Rossiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi chogʻida qiymati 16 milliard dollarlik hujjatlar imzolangan edi. Unda koʻzda tutilgan loyihalarni amalga oshirish jarayoni qanday ketmoqda?
— Tasdiqlangan loyihalarning koʻpchiligi sanoat va energetika sektorida roʻyobga chiqarilyapti. Xususan, 2018 yil aprel oyida Buxoro viloyatida Qandim gazni qayta ishlash majmuasining ishga tushirilishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Bu Rossiyaning Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi eng yirik sarmoyadori — “Lukoyl” kompaniyasi ishtirokidagi navbatdagi yirik loyiha. Uning umumiy qiymati 3,4 milliard dollardan ortiq. Korxona yiliga 8,1 milliard kubometr gaz qazib chiqarish va qayta ishlash quvvatiga ega.
Rossiyaning boshqa bir energetika giganti — “Gazprom” kompaniyasi ham Oʻzbekistonda faol ish olib bormoqda. U oʻzbek gazini sotib olish va geologiya-qidiruv ishlarida ishtirok etayotir. Mahsulotni taqsimlashga doir kelishuvga asosan, “Shoxpaxta” gaz konini oʻzlashtirish boʻyicha pilot loyihani amalga oshirish davom ettirilyapti.

Telekommunikatsiya sohasida “VыmpelKom” kompaniyasining “Yunitel” MCHJ shuʼba kompaniyasi Oʻzbekiston bozorida 2006 yildan buyon faoliyat olib boryapti. Bugungi kunga kelib, uning umumiy investitsiyalari hajmi 1,15 milliard dollardan ziyod. Kompaniyaning aloqa bozoridagi ulushi — qariyb 50 foiz (10 million abonent)ga teng.

Rossiyaning “Yevrotsement” xoldingi tarkibidagi “Ohangaronsement” OAJ Oʻzbekistonda sement ishlab chiqarish quvvati boʻyicha ikkinchi oʻrinda turadi. Hozirgi kunda xolding tomonidan Toshkent viloyatida “quruq usul” bilan sement ishlab chiqariladigan yangi zavodni barpo etish boʻyicha loyiha amalga oshirilmoqda.

“Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ bazasida “Rostselmash” zavodi ishtirokida kombaynlar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

— Shu kunlarda yurtimizga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan keladi. Yuqori darajadagi uchrashuvlardan nimalar kutilmoqda?
— Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida muhim voqeaga aylanadi. U nafaqat 2017 yil aprel oyida Moskvada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish natijalarini koʻrib chiqish, balki Rossiya — Oʻzbekiston hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish, ikki mamlakat xalqlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirishda yangi tutash nuqtalarni izlash imkonini beradi.
— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!
“Xalq soʻzi” muxbirlari
Omonulla FAYZIYEV va
Saidjon MAXSUMOVsuhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?