Vladimir TYURDЕNЕV: “Davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik keng miqyosda izchil rivojlanmoqda”.

15:09 30 Avgust 2018 Siyosat
80 0

Vladimir TYURDЕNЕV, Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi:

— Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan mamlakatning barqaror taraqqiyotini taʼminlash imkonini beruvchi zamonaviy davlat va jamoat institutlarini shakllantirish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ayni damda respublikaning bunday rivojlanishi nafaqat mamlakat rahbariyatining, balki oʻzining mehnatsevarligi, qatʼiyati va mashaqqatlardan hayiqmasligi bilan nom qozongan butun oʻzbek xalqining ham xizmatidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi asosida mamlakatda olib borilayotgan ulkan miqyosdagi islohotlar jamiyat hayotining turli sohalaridagi ijobiy oʻzgarishlarga, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash omili boʻlmoqda. Misol uchun, birgina valyutani ¬erkin konvertatsiya qilishga yoʻl ochilgani xorijiy, xususan, rossiyalik investorlarning xavotirlariga barham berganini aytish joiz.

Davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik keng miqyosda izchil rivojlanmoqda. Xususan, rossiyalik mutaxassislar oʻzbek hamkasblari bilan soliq, moliya va kadastr sohalarida faol tajriba almashmoqda.

Ishonchim komilki, milliy iqtisodiyot salohiyatini toʻla ochish, tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan yangi-yangi islohotlar Rossiya — Oʻzbekiston aloqalarini yanada mustahkamlash, butun Markaziy Osiyo¬da barqarorlikni saqlashga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston ahlining bayramlari bizning bu yerdagi vatandoshlarimiz, turli sohalarda ish olib borayotgan rossiyalik mutaxassislar va tadbirkorlar, diplomatlar — umuman, koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, xalqlarimizni asrlar mobaynida bogʻlab kelgan doʻstlik va hamfikrlik rishtalarini mustahkamlashga baholi qudrat hissa qoʻshayotgan barcha uchun muhim voqeadir.

Oʻzbekistonliklarni Mustaqillik kuni bilan chin yurakdan muborakbod etaman! Barchaga mustahkam sogʻliq, ezgulik va farovonlik tilayman! Xonadoningizdan tinchlik-xotirjamlik, hamjihatlik, mehr-oqibat arimasin!


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?