«Vijdon ila insof farm»... Yakkabogʻda vaziyat qanday?

18:38 16 Iyul 2020 Jamiyat
559 0

Prezident tomonidan hokimlar va sektor rahbarlari jiddiy ogohlantirildi: “Qancha mablagʻ kerak boʻlsa, beramiz. Lekin dori vositalari qimmatlashsa, odamlarimizning noroziligiga olib keladi. Ana shuni qattiq nazoratga olish kerak...”

Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan uy sharoitida COVID-19 infeksiyasini davolash uchun tavsiya etilgan profilaktik dorilarning Yakkabogʻ tumanidagi dorixona shoxobchalarida mavjudligi yuzasidan Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan 2020-yilning 16-iyul kuni tanlanma asosida tumandagi 20 ta dorixona shoxobchalarida jamoatchilik kuzatuvlari olib borildi.

Xoʻsh natijalar qanaqa?

Jamoatchilik nazorati tartibida oʻtkazilgan kuzatuvlarda, tumandagi mavjud dorixonalarda faqatgina «Azitromitsin» dori vositasi savdoda mavjud boʻlib, narxlar ishlab chiqarilgan davlatlariga (Oʻzbekiston, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi) qarab 5000 soʻmdan 26000 soʻmgacha sotilayotganligi kuzatildi.

Kuzatuvlar oʻtkazilgan 20 ta dorixonaning birortasida «Plakvenil», «Lopinavir/Ritonavir», «Remdesivir», «Umifenovir» va «Favipiravir» dori vositalari mavjud emasligi yoki sotish uchun soʻngi uch oy davomida umuman olib kelinmaganligi va sotilmayotganligi kuzatildi.

Tumandagi «Xurramov Sherobot» xususiy korxonasi, «Laylo Farm» xususiy korxonasi, «Ibn-Sino» xususiy korxonasi, «Davo Farm servis» masʼuliyati cheklangan jamiyati, «Alpalaid», «Anis Miga farm» xususiy korxonalari, «Ergashev Ulugʻbek Ergashovich» xususiy dorixonasi, «Galin», «Qorasuv Javoxiri», «Eko optika», «Shahbozbek Lider», “Ideal shifo”, «Feruza Ledr», «Inbes Layn», “Turon” xususiy korxonalari, “Mustafo Jumanov”, «Vijdon ila insof farm», “Yakkabogʻ farm” masʼuliyati cheklangan jamiyatlariga qarashli dorixona shoxobchalarida faqat «Azitromitsin» dori vositasining 3 dona kapsulasi 5000 dan 26000 soʻmgacha sotilayotganligi, uy sharoitida COVID-19 infeksiyasini davolash uchun tavsiya etilgan profilaktik dorilardan “Plakvenil», «Lopinavir/Ritonavir», «Remdesivir», «Umifenovir» xamda «Favipiravir» dori vositalari umuman savdoda mavjud emasligi aholining jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

Kuzatuvlarda tuman hududidagi koʻplab dorixona shoxobchalari amaldagi talablarga mutlaqo zid tarzda faoliyat olib borayotganligi, tumaning “Obod” mahallasi hududida joylashgan dorixonaning nomlanish peshlavhasi, ish rejimi mavjud emasligi, dorixona amaldagi meʼyoriy talablarga mutlaqo javob bermasligi, dorixona shoxobchasi tomonidan asosan tungi vaqtlarda savdo faoliyati amalga oshirilishi aniqlandi.

Kelgusida Federatsiya tomonidan hududlarda sotilayotgan dori vositalar va ularning narxi jamoatchilik nazorati tartibida doimiy oʻrganib boriladi hamda bu borada keng jamoatchilik xabardor qilinadi.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari
federatsiyasi Matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?