“Visit Uzbekistan Partnership” Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi imijini mustahkamlashda davom etmoqda

17:43 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
294 0

Yaqinda Toshkentda Visit Uzbekistan Partnership tashabbusi bilan madaniyat, sanʼat, anʼanalar va Buyuk Ipak yoʻlidagi hayot tarziga bagʻishlangan madaniy tadbir boʻlib oʻtdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

Visit Uzbekistan Partnership – “Dinara&Co.” nashriyot uyining xalqaro tashabbusi bilan tashkil etilgan va Oʻzbekistonning turistik salohiyatini kengaytirish uchun mamlakatning xalqaro imijini mustahkamlashga befarq boʻlmagan kishilar va tashkilotlarni birlashtiruvchi biznes-klub.

Taʼkidlash joizki, Visit Uzbekistan Partnership tashabbusi birinchi marta 2019-yilning may oyida eʼlon qilingan. Sayyohlar va xorijiy ishbilarmonlar auditoriyasiga moʻljallangan shu nomli jurnal esa 2017-yildan buyon Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining qoʻllab-quvvatlashi ostida chop etib kelinadi. Bu vaqt ichida London, Dehli, Singapur, Berlin, Madrid, Moskva, Parij, Seul va Tokio shaharlarida Visit Uzbekistan taqdimoti oʻtkazildi. Shu bilan birga, jurnal elchixonalar hamda “Oʻzbekiston havo yoʻllari”ning xalqaro vakolatxonalari, “Afrosiyob” poyezdlari, turistik yarmarkalar va xalqaro tadbirlar doirasida tarqatiladi. “Silk Road Treasures” nomi ostida oʻtgan oqshomda faoliyati turizm sohasi bilan bogʻliq boʻlgan idora va tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Tadbirni “Dinara&Co.” rahbari Dinara Dultayeva ochib berdi. Milliy ruhda oʻtgan tadbir doirasida kulolchilik, zargarlik boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi. Ilk marta Milanda namoyish etilgan Bukhara Brilliant Silk (ipak matolarning eng yirik ishlab chiqaruvchisi) va Anor Couture (modalar uyi)ning muvaffaqiyatli kollaboratsiyasi namoyishi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, yigʻilganlar “Begim” parfyumeriya brendining yangi iforlari bilan tanishib, “Manas” restorani va Bagizagan sharob zavodining rang-barang menyusidan bahramand boʻlishdi. Tadbir doirasida maʼlum qilinishicha, yaqin kunlarda Oʻzbekiston delegatsiyasi Visit Uzbekistan Partnership liniyasida Dehlidagi “Luxury Simposium” tadbirida, soʻng Londondagi “World Travel Market” koʻrgazmasi va “UzInvest Forum” investitsion forumida ishtirok etishi kutilmoqda. Visit Uzbekistan Partnershipʻning maslahat kengashi 12 mamlakatda Oʻzbekiston bilan bogʻliq loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekspertlar va doʻstlariga ega. Visit Uzbekistan Partnership Oʻzbekistonning xalqaro imijini mustahkamlash yoʻlida yangi gʻoyalar, tashabbuslar hamda saʼy-harakatlarni birlashtirish uchun ochiqdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?