Virtual olamdagi firibgarlardan ehtiyot boʻling!

10:28 09 Avgust 2019 Jamiyat
133 0

Illyustrativ foto

Afsuski, yurtimizda qonunda belgilangan normalarni buzib, oʻzgalar hisobiga rohatda yashamoqchi boʻlgan kimsalar uchrab turibdi. Ular turli bahonalar va xatti-harakatlar orqali insonlarning ishonchiga kirib, aldov yoʻli bilan moʻmaygina daromadga ega boʻlmoqdalar. Ammo ularning xursandchiliklari uzoqqa choʻzilmay, firibgarlikni oʻziga kasb qilgan shaxslar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qoʻlga olinib, qonun oldidagi javobgarligi taʼminlanmoqda. Chunki Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasida firibgarlik, yaʼni aldash, ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini yoki oʻzganing mulkiga boʻlgan huquqni qoʻlga kiritganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Bugungi kunda yangicha ish uslubi bilan xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari jinoyat va uning asoratlariga qarshi kurashish bilan birga, jamiyatimizda yuz berayotgan har bir huquqbuzarlikni chuqur tahlil etgan holda, uning kelib chiqish sabablari, jinoyatlar sodir etilishiga zamin yaratayotgan omillarni bartaraf etishga ham alohida eʼtibor qaratmoqda.

Ana shunday saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldi olinib, jinoyatlar soni yil sayin kamayib bormoqda. Jumladan, joriy yilning oʻtgan olti oyi mobaynida sodir etilgan jinoyatlar soni 14 633 tani tashkil etgan boʻlsa, ushbu jinoyatlardan 1 574 tasini, yaʼni 20,3 foizini firibgarlik jinoyati tashkil etdi.

Mazkur raqamlarni oʻtgan yilgi faoliyat natijalari bilan taqqoslaydigan boʻlsak, 2018-yilning 6 oyida umumiy jinoyatlar soni 21 568 tani, uning tarkibida firibgarlik jinoyati 21,82 foizni yaʼni 2 942 tani tashkil etgan edi.

Yuz bergan jinoyatlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, Andijon shahrida yashovchi 1988-yilda tugʻilgan Sardor ismli fuqaro ham ana shunday firibgarlardan birining tuzogʻiga ilinib qolgan. 2018-yilning 30-iyul kuni Andijon viloyati Shahrixon tumanida yashovchi 1964-yilda tugʻilgan Bobur ismli shaxs uni Koreya Davlatiga ishlashga borishiga yordam beraman deb aytib, uning ishonchiga kirgan. Shundan soʻng Sardor 13 700 AQSH dollarini Boburga berib yuborgan. Sardorning ishonuvchanligidan foydalangan Bobur esa pullarni olib, vaʼdasini bajarmay pullarini oʻz ehtiyojlari yoʻlida ishlatib yuborgan. Keyinroq aldanganini sezgan Sardor Andijon shahar IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, IIB xodimlari tomonidan koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida Bobur qoʻlga olingan.

(Yuqori va quyida qayd etilgan holatlardagi shaxslarning ismlari qonunchilikda belgilangan normalarga muvofiq oʻzgartirib berilgan.)

Firibgarlar maqsadini amalga oshirish yoʻlida hech narsadan toymaydi. Ayniqsa bugun jahon boʻylab axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal taraqqiy topib borayotgan bir vaqtda firibgarlar internet tarmoqlaridan keng foydalanib, odamlarni aldab chuv tushirib ketishga urinmoqdalar.

Shu yilning 17-fevral sanasida Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida yashovchi Xolida ismli ayol ichki ishlar organlariga murojaat qilib, unda internet tarmogʻidagi “Apple New” reklama sayti orqali oʻzini Qozogʻiston Respublikasi fuqarosi Jaden Guldana deb tanishtirgan ayol “Telegram” ijtimoiy tarmogʻi orqali Xolida bilan gaplashib, u 2 dona “iPhone XS” mobil telefoni sotib olsa, unga yana 1 dona mobil telefonini qoʻshib berishini aytib ishontirganligini, soʻng 2018-yil 26-dekabr kuni Xolida Qoʻqon shahridagi bankning xalqaro elektron pul oʻtkazmasi orqali J.Guldana nomiga 1 200 AQSH dollarini yuborganligi, lekin mobil telefonini ham, pullarini ham qaytarib ololmayotganligini maʼlum qilgan edi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ushbu jinoyatni sodir etgan nomaʼlum shaxsni aniqlash va ushlash choralari koʻrilgan.

Fuqarolarimizni ogohlantirish maqsadida bu kabi holatlar ichki ishlar vazirligining rasmiy saytida chop etib kelinmoqda. Ammo qars ikki qoʻldan chiqadi deganlaridek, bir tarafdan respublika ichki ishlar organlari xodimlari fuqarolar aldovlar taʼsiriga tushib qolishini oldini olish maqsadida tinimsiz targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishiga qaramay, ayrim fuqarolarimiz bunga ahamiyat bermay internet saytlari orqali arzon narxlarda mahsulot olishni koʻzlab, oʻz bilgancha yoʻl tutmoqda. Natijada esa...

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashovchi 1988-yilda tugʻilgan Alisher ham ana shunday aldanib qolgan shaxslardan biridir. 2018-yilning sentyabr oyida nomaʼlum shaxs internet tarmogʻidagi “Olx.uz” onlayn-eʼlonlar sayti orqali “Lasetti” avtomashinasini 4 300 AQSH dollariga sotmoqchi ekanligi haqidagi eʼlonni joylashtirgan. Unga Alisher qiziqish bildirayotganini bilgan nomaʼlum shaxs avtomashina Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtganligini, shunday boʻlsa-da avtomashina Belarus Respublikasida ekanligi, agarda Alisher kelishilgan pulni yuborsa, nomaʼlum shaxs avtomashinani Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelib, uning nomiga rasmiylashtirib berishlikni aytgan.

Uning yolgʻon soʻzlariga ishongan Alisher 2018-yil 7-sentyabr kuni “Mikrokreditbank” ATB Toshkent viloyati boshqarmasining “Western Union” xalqaro pul oʻtkazmasi xizmati orqali Dilorom Ziyadova ismli shaxs nomiga kelishilgan 4 300 AQSH dollarini yuborgan. Afsuski, shu kunga qadar Alisher avtomashinani ham, yuborgan pullarini ham qaytarib ololmagan. Unga vaʼda bergan nomaʼlum shaxs esa telefon qoʻngʻiroqlariga javob bermay qoʻygan.

Oʻz oʻrnida Alisherning 2019-yil 5-iyul kuni ichki ishlar organlariga qilgan murojaatiga asosan holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, nomaʼlum shaxsni aniqlash va ushlash choralari koʻrilgan. Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bu kabi holatlar butun jahon mamlakatlari qarshi kurash olib borayotgan kiberjinoyatlarning bir turi hisoblanadi. Yurtimizda ham mazkur jinoyatga qarshi kurashish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Eng avvalo insonlar ongida kiberjinoyat tushunchasi nima ekanligini shakllantirish, uning turlari, ushbu kiberjinoyat sodir etilishida joy, vaqt va makon tanlamasligi, masofadan turib ham ushbu jinoyatni amalga oshirish mumkin ekanligi tushuntirilmoqda.

Kiberjinoyat jamiyat uchun yangi xavfdir, kechagina kinolarda koʻrayotgan virtual olamdagi jinoyatlar bugun insonlarning kundalik hayotiga kirib kelgan. Agar internet saytlardagi yangiliklarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak xorij mamlakatlaridagi banklarni xakerlar yordamida oʻmarish holatlari, turli zararli komyupter dasturlari orqali boshqa bir kompyuter texnologiyalarini shikastlash harakatlari, turli yutuqli oʻyinlarni taklif etish orqali odamlarning pullarini aldov yoʻli bilan oʻzlashtirib oluvchi dasturlar yaratilganligining guvohi boʻlamiz.

Yurtimizda esa aynan ushbu omillar inobatga olingan holda virtual olamdagi jinoyatlarning oldi olinishi yuzasidan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan keng koʻlamdagi ishlar olib borilmoqda. Oʻz oʻrnida yurtdoshlarimiz kompyuter va mobil aloqa vositalaridan foydalangan vaqtida yanada hushyor boʻlishlarini soʻrab qolamiz.

Mirzo Ulugʻbek Madalimov,

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xodimi

OʻzA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?