Vinod Kumar: “Oʻzbekiston rahbarining tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yorqin sahifa ochadi”

18:56 30 Sentyabr 2018 Siyosat
798 0
Foto: “Xalq soʻzi”

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga kutilayotgan davlat tashrifi arafasida muxbirimiz Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vinod Kumar bilan suhbatlashdi.

— Elchi janoblari, avvalambor, bugungi kunda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik qanday rivojlanib borayotgani haqida toʻxtalib oʻtsangiz.
— Davlatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar yuqori darajada ekanligi yaqqol namoyon boʻlyapti. Zero, barcha sohadagi oʻzaro munosabatlarniyanada kengaytirishdan har ikki davlat ham manfaatdordir.
Xususan, Hindiston Bosh vaziri Shri Narendra Modining 2015 yil iyul va 2016 yil iyun oylarida Oʻzbekistonga tashrif buyurishi, 2017-2018 yillarda Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi oʻzaro aloqalarimizga yangi surʼat bagʻishladi. Ikki tomon ham barcha jabhadagi hamkorlikni yanada ravnaq toptirish istagida ekanligini eʼtirof etdi. Uchrashuvlar chogʻida davlatlar yetakchilari oʻzaro savdo aylanmasi hajmini oshirishga kelishib olishdi. Hindiston ham, Oʻzbekiston ham buni roʻyobga chiqarish uchun harakat qilyapti.

Shubhasiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi, Oʻzbekistonning ochiq, pragmatik tashqi siyosat yuritishi unda alohida mustahkamlab qoʻyilgani oʻzaro hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun imkoniyat yaratadi.

Sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, ilm-fan va texnologiyalar, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik — bular oʻzaro hamkorlik yoʻlida mavjud salohiyatdan toʻliq foydalanilmayotgan ayrim sohalar sirasiga kiradi. Kelgusida bu yoʻnalishlar rivojiga alohida eʼtibor qaratiladi.

2015 yilda Bosh vazir Modining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Madaniy hamkorlik dasturi hamda Turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi. Hindiston va Oʻzbekiston oʻrtasida madaniy guruhlar almashinuvi muntazamlik kasb etgan. Har ikki yoʻnalishda turizm ham taraqqiy topayotir. Bunday muhim jarayonlar oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

— Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida nimalar deya olasiz?
— Bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar juda muhim va mamlakatga katta ijobiy oʻzgarishlar olib keladi. Ayni chogʻda bunday yangilanishlar butun dunyodan ishbilarmon doiralarni jalb qilish imkonini berdi. Mazkur islohotlarda asosiy eʼtibor Oʻzbekiston xalqiga qaratilgan, davlat xalq, uning farovonligini yuksaltirish uchun saʼy-harakatlar olib boryapti.

— Hozirgi oʻzaro iqtisodiy aloqalarimizning holati va qoʻshma loyihalar, dasturlar haqida gapirib bersangiz.
— Hindistondan bir qator ishbilarmonlar delegatsiyalarining Oʻzbekistonga kelishi muntazamlik kasb etyapti. Ular bu yerda tadbirkorlik imkoniyatlarini oʻrganib, turli koʻrgazma hamda yarmarkalarda faol qatnashmoqda. Jumladan, joriy yilda Hindiston davlat kimyoviy vositalar va mineral oʻgʻitlar vaziri boshchiligidagi farmatsevtika sohasi vakillaridan iborat delegatsiya hamda “Gujarat Industries” federatsiyasi vakillari mamlakatingizga keldi.

Xuddi shu kabi Oʻzbekistonning Hindiston bozorini oʻrganishga boʻlgan qiziqishi tobora ortib bormoqda. Buni Hindistonda tashkil etilayotgan turli koʻrgazmalarda ishtirok etish uchun koʻplab tadbirkorlar borayotgani misolida ham yaqqol koʻrish mumkin. Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston — Hindiston hukumatlararo komissiyasining shu paytgacha oʻn marotaba majlisi oʻtkazildi.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga kutilayotgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida muhim oʻrin tutadi. Shunday emasmi?
— Avvalo, shuni aytish kerakki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifiga mamlakatimiz rahbariyati, butun xalqimiz tomonidan katta qiziqish bildirilmoqda. Shubhasiz, bu voqea ikki tomonlama munosabatlarda yorqin sahifa ochadi. Koʻplab muhim sohalarda istiqbolli kelishuvlarga erishilishi kutilyapti.

— Bizning tariximiz, urf-odatlarimiz va qadriyatlarimizda oʻxshash jihatlar koʻp. Xalqlarimiz doʻstona munosabatlarimizni qadrlashadi. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, madaniyat, taʼlim va axborot texnologiyalari sohasidagi aloqalarimizning bugungi holati va istiqbollari qanday?
— Madaniyat, taʼlim sohasidagi hamkorligimiz yuksalib boryapti. Ilmiy almashinuvlar koʻp. Yoshlar Hindistonda oʻqish istagini bildirayotganidan xursandmiz. Toshkent shahridagi Javoharlal Neru nomidagi oʻzbek — hind axborot texnologiyalari markazi sohada yaxshi tashabbuslarni ilgari surmoqda va bu intilishlar IT yoʻnalishidagi oʻzaro hamkorlik kengayishiga katta turtki boʻladi, deb oʻylaymiz.

— Oʻzbekiston millionlab xorijiy sayyohlarni jalb etish uchun boy madaniy merosga ega. Shu bois ushbu boyliklarni dunyoga namoyon etish yoʻlida qator islohotlar olib borilyapti, sayyohlik, ayniqsa, ziyorat turizmini rivojlantirishga katta eʼtibor berilmoqda. Mana shunday katta salohiyat Hindiston fuqarolarida qay darajada qiziqish uygʻotmoqda?
— Oʻzbekiston va Hindistonni qadim-qadimdan oʻzaro yaqin tarixiy-madaniy rishtalar bogʻlab turadi. Har ikki diyor ham boy madaniy merosga ega hamda minglab yillar davomida savdogarlar, sayyohlar, tarixchilar, ijodkorlar va boshqalar bu bebaho boylikni asrab-avaylash, uni koʻpaytirishga, madaniyatlar almashinuviga hissa qoʻshgan.

Hindiston aholisini Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Fargʻona kabi tarixiy shaharlar oʻziga jalb etayotir. Soʻnggi paytlarda Oʻzbekistonda turizm sektorini rivojlantirish uchun kompleks chora-tadbirlar va islohotlar amalga oshirilayotganini kuzatmoqdamiz. Umid qilamizki, bular Hindistondan Oʻzbekistonga yanada koʻproq sayyohlar kelishida muhim omil boʻladi. Bu esa ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy va savdo aloqalari rivojiga xizmat qiladi.
“Xalq soʻzi” muxbiri
Omonulla FAYZIYEV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?