Viloyatlarda Tashqi ishlar vazirligi boʻlimlari ochiladi

15:25 14 Dekabr 2018 Siyosat
377 0

Munisxon Karimova, “Xalq soʻzi Online”/Toshkent. Senat yalpi majlisi doirasida Tashqi ishlar vazirining vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish boʻyicha faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti haqidagi masala koʻrib chiqildi. Vazir oʻrinbosari Ilhomjon Neʼmatovning bu boradagi axboroti eshitildi.

Savol-javoblar jarayonida senatorlar hududlarni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish maqsadida viloyat, tuman hokimlarining chet davlatlarga tashrifi samaradorligi xususida soʻz bordi.

Vazir oʻrinbosarining taʼkidlashicha, shu kunga qadar mamlakatimizning viloyat va tuman hokimlari 171 marotaba chet davlatlarda boʻlib, oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama qilishgan. Ularning samaradorligini baholash bu boshqa masala. Bizning eʼtirozimiz tashriflarni tashkil etishning tashkiliy jihatlarini hal etish bilan bogʻliq. Chunki har bir tashrif amalga oshirilishidan oldin uning oʻziga xos talablari, maqsadi, kelishuvlarning aniqligi belgilab olinishi kerak. Bu, albatta, ularning yanada ishonchli va samarador boʻlishini taʼminlaydi.

Yana bir yangilik. Bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish maqsadida endilikda har bir viloyatda vazirlikning boʻlimlari oʻz ishini olib boradi. Bugungi kunga qadar 5 ta viloyatda biz oʻz boʻlimlarimizni ochdik. Keyinchalik bunday boʻlimlar respublikaning barcha mintaqalarida tashkil etiladi. Ularning asosiy faoliyati hududlarni rivojlantirishda xalqaro aloqalarni mustahkamlashdan iborat.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?