Viloyat hokimligi Nurafshon shahar hokimiga atab kuylangan qoʻshiq yuzasidan munosabat bildirdi

14:21 16 Iyun 2020 Jamiyat
551 0

Toshkent viloyati hokimligi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Nurafshon shahri hokimiga bagʻishlab kuylangan qoʻshiq yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

"Nurafshon shahri hokimi Qahramon Hakimov tugʻilgan sana – 15-iyun kuni shahar madaniyat boʻlimi vakillari hamda boshqa mahalliy xonandalar qoʻshiq ijro etib, rahbarga berishgan. Mazkur qoʻshiqqa shahar hokimligi axborot xizmati va madaniyat boʻlimi birgalikda hududda turli davrlarda amalga oshirilayotgan ishlarga oid videolavhalarni qoʻshib, rolik shaklida Nurafshon shahri hokimligining telegramdagi rasmiy kanalida eʼlon qilishgan.

Hech kim bilan maslahatlashmay, rahbarga xush yoqish istagida tayyorlangan, shaxsga sigʻinish alomatlari yaqqol sezilib turgan bunday qoʻshiqni ijro etgan, rolik tayyorlagan va chop etgan “ijodiy jamoa” tegishli tartibda ogohlantirildi. Vaziyat keng miqyosda muhokama qilina boshlangach, davlat xizmatchisi shaʼniga, nufuziga toʻgʻri kelmaydigan ish qilganini anglagan shahar madaniyat boʻlimi, axborot xizmati rahbari ishdan boʻshash haqida ariza yozdi.

Ayni paytda mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda, karantin davri uchun Respublika komissiyasi eʼlon qilgan meʼyorlardan kelib chiqib, bu xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish yoki boshqa intizomiy jazo belgilash boʻyicha yakuniy qarorga kelinmoqda.

Alohida taʼkidlaymizki, Nurafshon shahri hokimi Qahramon Hakimovning bunday ijodkorona “tuhfa” tayyorlanayotganidan xabari boʻlmagan. Faqat tavallud topgan kunida rolikni tayyorlagan jamoa uning oldiga kirib koʻrsatishgan. Qahramon Hakimov ularga eʼtibor uchun minnatdorlik bildirib, bunday ishlar bilan shugʻullanmaslikni, materialni biron joyda chop etmaslikni soʻragan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda qoʻshiq yaratish va unga klip suratga olish gʻoyasi muallifi Fotima Toʻxtanazarova ekani aytilgan. Bu haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Bunday tartibda tabriklash fikri dastlab shahar madaniyat boʻlimi rahbari Bobur Abduqodirov tomonidan bildirilgan, shoir Maʼmurjon Bozoraliyev soʻz yozib bergan, axborot xizmati rahbari Ravshan Mirzaqulov turli davrlarda olingan arxiv kadrlarni qoʻshib klip suratga olgan. Qoʻyingchi, bir guruh faollar yaxshi niyatda, bajarayotgan ishlari sanʼat nuqtayi nazaridan, shuningdek, axborot siyosati, etikaga koʻra, mutlaqo notoʻgʻri ekanini chuqur anglamasdan shu ishga qoʻl urishgan.

Qahramon Hakimov,

Nurafshon shahri hokimi:

– Kecha va bugun internetda bunday qoʻshtirnoq ichidagi “qahramon”ga aylanib qolganimdan xalqimiz, jurnalistlarimiz va rahbariyat oldida nihoyatda xijolatdaman. Shunday lavha tayyorlab, menga koʻrsatishganda, eʼtibor uchun ularga minnatdorlik bildirib, lavhani tarqatmaslikni, boshqa bunaqa ishlar bilan shugʻulanmaslikni qatʼiy tayinlagan edim. Afsuski, lavha tarqalib ketibdi.

Dangalini aytganda, menga shu kerak edimi? Mutlaqo yoʻq. Men bir ijrochiman, xolos. Toʻgʻri, Nurafshonda katta ishlar boʻlayotgani rost. Lekin, ularni mening nomim bilan bogʻlashlariga mutlaqo qarshiman. Men bu lavozimda amaldagi qonunlarimiz, davlat rahbari bergan topshiriq va vazifalar ijrosi bilan shugʻullanaman. Afsuski, kimlardir mening tugʻilgan kunimga sovgʻa tayyorlayman deb, oʻziniyam, meniyam jamoatchilik oldida noqulay alpozga solib qoʻydi...

Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarni oʻqish nihoyatda yoqimsiz boʻlayapti. Zarracha shu ishga aloqam boʻlganda ham bunchalik kuyinmas edim. Meni eng hayron qoldirayotgani, tanimagan, umrida bir martayam koʻrmagan odamlar tomonidan bildirilayotgan fikrlardir. Shunday odamlarga aytamanki, oʻzingiz istagan paytda Nurafshonga keling, hamisha siz bilan suhbatlashishga tayyorman. Bu lavha orqali mening shaxsiyatim, ish uslubim haqida xulosa qilmang, iltimos", deyiladi munosabatda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?