Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi "Yashil shahar” aksiyasida ishtirok etdi

10:20 30 Oktyabr 2020 Jamiyat
124 0

Buxoroda har bir daraxtning oʻz oʻrni bor, desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Chunki voha iqlimi murakkab. Yozi oʻta issiq keladi. Issiq jon borki, soya-salqinga oʻzini uradi. Havoni moʻtadil saqlashdek beminnat xizmat koʻrsatadigan bogʻ-rogʻu, xiyobonlarning qadri bilinadi. Ana shulardan kelib chiqib,viloyat hokimining tegishli farmoyishi asosida “Yashil shahar" aksiyasi oʻtkazilmoqda.

29 oktyabdan 2-noyabrgacha davom etadigan ommaviy aksiya doirasida qadimiy “Ark” qoʻrgʻoni yon-atrofi, shuningdek, «Qoʻshmadrasa» ansambliga tutash hududda koʻchat oʻtqazish tadbirlari tashkil etildi. Viloyat hokimligi, “KNAUF” kompaniyasi va Landshaft sanʼati Assotsiatsiyasi hamkorligidagi aksiyaning dastlabki kunida qadimiy obidalar yon-atrofiga 200 tupga yaqin koʻchat oʻtqazildi. Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Farhod Umarov ham ishtirok etib,barchani Buxoroni yana-da obod va koʻrkam shaharga aylantirishdek xayrli ishga hissa qoʻshishga daʼvat qildi.

— Jamoamiz Buxoro shahrini koʻkalamzorlashtirishga qaratilgan ijtimoiy loyihalarda bajonidil qatnashmoqda, — deydi “KNAUF”ning Oʻzbekistondagi korxonalari rahbari Dmitriy Deripalko. — Biz koʻchatlarning shunchaki ekilishini emas, balki ularning mahalliy iqlim sharoitiga moslashishlari, yaxshi ildiz otishlari va koʻp yillar davomida shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshib turishlarini istaymiz. Shu boisdan koʻchatlarni tanlashda Landshaft sanʼati Assotsiatsiyasi mutaxassislarining ishtiroki ayni muddao boʻldi. Ular Buxoroning shoʻrlik darajasi yuqori tuprogʻiga yaxshi moslashadigan lenkoran akatsiyasi, shumtol, chinor va pavlovniya kabi daraxt koʻchatlarini tanladilar.

Aksiya doirasida shaharning koʻp qavatli turarjoylar qad rostlagan mavzelarida ham koʻchat oʻtqazish yumushlari bajariladi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?