Shavkat Mirziyoyev: bitta bo‘lsa ham jinoyat bo‘lgani hammamizni tashvishga solishi kerak

08:41 28 Iyul 2018 Siyosat
491 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 iyul kuni jinoyatchilikning oldini olish, davlat idoralari va jamiyatning bu boradagi mas’uliyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda parlament va hukumat a’zolari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari qatnashdi.

Qonun ustuvorligini ta’minlash va jinoyatchilikni jilovlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Sohani takomillashtirishga oid 80 dan ortiq qonun hujjati qabul qilindi. Ichki ishlar idoralari tuzilmasi to‘liq yangilandi. Ilgari barcha xodimlarning 60 foizi shahar va tuman boshqarmalarida, 40 foizi joylarda faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda xodimlarning 65 foizi aholiga yaqin ishlash uchun mahallalarga yo‘naltirildi.

2017 yilda jinoyatlar 2016 yilga nisbatan 16 foizga, joriy yil 6 oyida esa 39 foizga kamaygan. Lekin qasddan odam o‘ldirish, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, talonchilik, bosqinchilik, o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlarining soni yuqoriligicha qolgan.

“Agar hamma birdek jon kuydirib, oilalar muammolaridan to‘liq xabardor bo‘lib, ularni hal etishga ko‘maklashgan, jinoyatchilikning barvaqt oldini olganda edi, bugun natijalar umuman boshqacha bo‘lardi. Afsuski, jinoyatchilikka qarshi kurashishda haligacha eskicha ishlash tizimidan voz kecha olmayapmiz. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bu faoliyatga ko‘rsatkichlarni oldingi davr bilan taqqoslash orqali baho berib kelmoqda. Aslida bitta bo‘lsa ham jinoyat bo‘lgani hammamizni tashvishga solishi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha ishni butunlay yangicha tizimda tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. “Jinoyat haqiqati va adolati” deb nomlangan bu tizimga muvofiq jinoyat sodir etilganligi bo‘yicha respublikadagi mas’ul rahbarlar joylarga borgan holda uning sabablarini o‘rganadi, muhokamasini tashkil qiladi, shunday holat takrorlanishining oldini olishga qaratilgan aniq choralar ko‘radi, televideniye, radio va gazetada bong uradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19 iyundagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi joriy etilgan edi. Unga ko‘ra, Toshkent shahrida sektorlar kesimida 73 ta ichki ishlar bo‘limi tashkil etilib, aholiga yanada yaqinlashtirildi. Ichki ishlar organlari xodimlari, Milliy gvardiya va jamoatchilik vakillari ishtirokida tunu kun 3 smenada ish yuritish yo‘lga qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari Toshkentda boshlangan mazkur amaliyotni yil oxirigacha boshqa hududlarda ham joriy etish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda huquqbuzarliklar va ularni sodir etishga moyil shaxslar hisobini yuritish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Navbatchilik qismlarining eskicha uslubda ish yuritayotgani jinoyat haqidagi xabarlarning ba’zan e’tiborsiz qolishiga yoki hisobdan yashirilishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.

Shu bois Ichki ishlar vazirligining Axborot markazini Bosh prokuratura tarkibiga o‘tkazish, navbatchilik qismlarini respublika bo‘yicha yagona axborot va boshqaruv tizimiga birlashtirish, huquqbuzarliklarni ro‘yxatga olishning elektron tizimini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, har bir hududda jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish faoliyati reytingini joriy etish vazifasi qo‘yildi. Reytingda yuqori o‘rin olgan rahbar va xodimlar mukofotlanadi, past o‘rin olganlar esa qat’iy jazolanadi.

“Har bir jinoyatning ildizigacha yetib borish, jamiyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini shakllantirish kerak. Aks holda, jinoyatning oqibatlari bilan ovora bo‘lib yuraveramiz. Bunday kayfiyat bilan ishlashga yo‘l qo‘ymayman”, dedi Prezident.

Aholiga, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarga psixiologik yordam ko‘rsatish, o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish masalalari ham muhokama qilindi. Har bir suitsidga “favqulodda holat” deb qarab, tezkor choralar ko‘rish, bunday xulq-atvor paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan psixologik dasturlar ishlab chiqish, jonga qasd qilishning katta gunohligini ta’sirchan usullarda tushuntirish zarurligi ta’kidlandi.

O‘g‘rilik, firibgarlik va bosqinchilik bilan bog‘liq jinoyatlar tahlil qilinar ekan, profilaktika, jinoyat-qidiruv va qo‘riqlash xizmatlari faoliyatining mutlaqo qoniqarsiz tashkil etilgani tanqid qilindi. Joylarda qo‘riqlash xizmatidan foydalanish uchun yetarli sharoit yaratilmagani, shuningdek, ayrim odamlarning huquqiy ongi pastligi, ko‘chasi, mahallasidagi voqea-hodisalarga befarqligi jinoyatchilarga sharoit yaratib berayotgani aytib o‘tildi.

Shu bois qo‘riqlash xizmatlari faoliyatini yangi tizim asosida tashkil etish, axborot texnologiyalarini to‘liq joriy qilish, davlat-xususiy sheriklik asosida servis ko‘lamini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik holatlariga alohida e’tibor qaratildi. Joriy yilning 6 oyida yoshlar olti mingdan ziyod jinoyatga qo‘l urgani, ta’lim-tarbiya va bandlikni ta’minlash borasidagi muammolar bunga sabab bo‘layotgani qayd etildi.

“Maktab va kollejlarni bitirib, oliy o‘quv yurtiga kirmagan yoshlar ertaga kim bo‘lishini chuqur o‘ylashimiz, ularga bugun munosib sharoit yaratib berishimiz kerak. Shu maqsadda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturini qabul qildik va 800 milliard so‘m mablag‘ni yoshlar tadbirkorligi, bandligi uchun yo‘naltirdik. Bu mablag‘ni, kerak bo‘lsa, yana ko‘paytiramiz. Faqat endi uyma-uy yurib, har bir yosh bilan suhbatlashib, ushbu dasturning ijrosini ta’minlash lozim”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda yo‘l-transport hodisalari ko‘payib borayotganiga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilning 6 oyida ro‘y bergan shunday hodisalarning 871 tasida 943 nafar odam halok bo‘lgan, yana ko‘plab insonlar jarohatlangan. Haydovchi va piyodalarning bilimi, qoidalarga itoatkorligi va yo‘l harakati ishtirokchilariga hurmati pastligi bunga sabab bo‘lgan.

Yana bir asosiy muammo – yo‘llarning ayanchli ahvoli, deyildi yig‘ilishda. Yo‘l qurish narxi O‘zbekistonga nisbatan Xitoyda 6 baravar, Polshada esa 7,5 baravarga arzon. Lekin mamlakatimizdagi aksariyat yo‘llar qoniqarsiz ahvolda. Bu ham ko‘plab yo‘l-transport hodisalarini keltirib chiqarmoqda.

Shu bois 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasi to‘liq va sifatli bajarish, avtotransport boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani olish va yo‘l harakati qoidalarini qasddan buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda ichki ishlar xodimlarining muomala madaniyati, ular o‘rtasida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlari uchrab turgani muhokama etildi. Shaxsiy tarkibni tarbiyalash va kadrlarni rotatsiya qilish, ichki ishlar organlarining tahliliy-huquqiy va prognozlash faoliyatini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Videoselektorda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddilarning axborotlari eshitildi, vazifalar belgilab berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?