Videolavhadan soʻng asosiy tayanch devorlari zaxlagan, suvoqlari koʻchib tushayotgan yuqumli kasalliklar boʻlimi qayta taʼmirlanadi

17:26 19 Avgust 2019 Jamiyat
95 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Paxtachi tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar boʻlimining antisanitariya holati, binonining taʼmirtalab ahvolga kelib qolgani hamda bu yerda bemorlarning davolanishi uchun yetarli sharoitlar mavjud emasligi haqida videolavha tarqaldi. Holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi va tegishli mutasaddilar ishtirokida oʻrganish ishlari olib borildi va quyidagilar aniqlandi.

Paxtachi tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar boʻlimi binosi 2012-yilda investitsiya dasturi asosida qurilgan. Bino toza ichimlik suvi, suv isitgich qurilmalari yordamida issiq suv hamda kanalizatsiya tizimi bilan taʼminlangan. Ichimlik suvi va kanalizatsiya quvurlari devor va pol qismidagi tuz miqdori hisobiga zanglagan. Hozirda ushbu quvurlardan suv sizib chiqishi natijasida binoning asosiy tayanch devorlari zaxlagan, suvoqlari koʻchib tushmoqda. Shunga qaramasdan binoning devor suvoqlari, suv va kanalizatsiya tizimida bir necha bor joriy taʼmirlash ishlari olib borilgan.

Joriy yil boshida mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida tegishli soha mutaxassislar ishtirokida oʻrganish ishlari olib borildi. Natijalarga koʻra, binoning poydevor qismi atrofini ochish, uni zaxlashdan himoyalash boʻyicha takliflar berildi.

Jumladan, Paxtachi tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun binoni kapital taʼmirlash hisobiga uning poydevor qismini yer osti suvidan himoyalash, izolyatsiya qilish, ichimlik suvi tizimidagi barcha quvurlarni almashtirish, kanalizatsiya tizimini markaziy shifoxonaning markazlashgan kanalizatsiya tizimiga ulash, devorlarning koʻchib tushayotgan suvoqlarini tushirish, ularni zaxdan himoya qiladigan maxsus vositalar bilan taʼminlash boʻyicha yoʻl xaritasi ishlab chiqildi. Uning ijrosini taʼminlash maqsadida investitsiya dasturi doirasida 13,7 milliard soʻm mablagʻ sarflanishi belgilangan. Yaqin vaqt oraligʻida mazkur binoning qaytadan taʼmirlash ishlari boshlab yuboriladi.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada mazkur binoning ishlamay turgan qismi aks etgan. Tuman Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorat markazi bosh shifokori Sh. Boboyevaning xulosasiga koʻra, binoning hozirgi holati aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishda hamda shifoxona ichi infeksiyalari yuqtirilishi va tarqatilishiga asos boʻlmaydi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?