VI Xalqaro armiya oʻyinlarining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

13:05 24 Avgust 2020 Jamiyat
165 0

Avgust oyining 23-kuni Moskva viloyatida joylashgan Patriot parkida VI Xalqaro armiya oʻyinlarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda yurtimiz nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ofitserlari hamda musobaqalarga kirishish ostonasida turgan harbiy xizmatchilarning bir guruhi ishtirok etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vaziri armiya generali Sergey Shoygu ishtirok etgan tantanada barcha musobaqaga qatnashayotgan davlatlar jamoalari vakillari oʻz bayroqlari ostida sahnaga chiqib kelishdi.

Ochilish marosimidan soʻng ishtirokchilar Harbiy texnik forumdan oʻrin olgan jangovar texnikalar bilan tanishdilar. “Doʻstlik uyi”da boʻlib oʻtgan koʻrgazmali namoyishda esa barcha ishtirokchi davlatlar qatorida boy madaniy merosimiz, madaniyat va sanʼatimiz, milliy liboslar va hunarmandchilik buyumlarimiz aksariyat mehmonlarning diqqat markazida boʻldi.

“Dala oshxonasi” yoʻnalishida musobaqalashayotgan davlatlarning milliy taomlari namoyishi ham koʻpchilikning yodida qoladigan boʻldi. Bir chekkadan boshlagan tomoshabin oxiriga yetguncha bir-biriga oʻxshamaydigan taomlardan tatib koʻradi. Birgalikda suratlarga tushib, quvonchlarini boʻlishadi. Ayniqsa, oʻzbek paloviga navbatda turganlar koʻp boʻldi. Alabino poligoni yurtimizda oʻtkaziladigan Navroʻz sayliga oʻxshash qiyofa kasb etdi.

Shu kunning oʻzida “Tank biatloni” musobaqasi ishtirokchilarining yakka tartibdagi bellashuvlari boshlandi. Tankchilarimiz esa 25-avgust kuni ilk bahslarga kirishadilar. Faxrli oʻrinlar haqidagi xabarlarni ona yurtimizga quvonch bilan ulashish nasib qilsin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?