“Vestnik Kavkaza”: Turkiya Prezidenti o‘z ajdodlari yurtiga kelayapti

15:59 27 Aprel 2018 Siyosat
570 0
Foto: Vestnik Kavkaza

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning 29 aprel — 1 may kunlari O‘zbekistonga amalga oshiradigan tashrifi jahonning ko‘plab OAV axborot vositalari e’tiborida bo‘lib turibdi. Jumladan, Rossiyaning taniqli “Nezavisimaya gazeta”si sharhlovchisi Viktoriya Panfilova ham “Vestnik Kavkaza” internet nashri uchun Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning mamlakatimizga ushbu tashrif haqida maqola bilan chiqish qildi. Quyida maqolani juz’iy qisqartirishlar bilan e’tiboringizga havola etamiz.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on 29 aprel — 1 may kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Shu yerdan Janubiy Koreyaga jo‘nab ketadi. Toshkentdagi muzokaralar davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, to‘qimachilik sanoati, avtomobilsozlik va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik masalalari muhokama etiladi. O‘zbekiston iqtisodiyotida Turkiya investitsiyasi masalasi bu borada asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘ladi. Zero, tomonlar qiymati 1 milliard AQSh dollariga teng bitimlar imzolashi kutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Turkiya Sharqda 1990-yillarda yo‘qotgan aloqalari va pozitsiyasini ishonch bilan tiklayapti. Turkiyalik ekspertlar Anqara Yevropa Ittifoqiga kirish istiqbollarini ortiqcha baholab, xatoga yo‘l qo‘ydi. O‘shanda turk tashqi siyosati o‘z diqqatini aynan shu rejani amalga oshirishga qaratgan edi. Anqara Yevropa devorlarini muvaffaqiyatsiz taqillatishda davom etayotgan bir paytda uning deyarli e’tiborsiz qoldirilgan Markaziy Osiyodagi ta’siri to‘xtovsiz kuchsizlanib bordi. Binobarin, bugun u musulmon olamida o‘rin olish uchun Eron va Saudiya Arabistoni bilan geosiyosiy raqobatga kirishib, o‘z pozitsiyasini qaytarib olishga harakat qilayotir.

Ekspertlar Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning Toshkentga 2016 yil noyabr oyida qilgan ilk safariga turk-o‘zbek munosabatlaridagi “qayta yuklanish” deya baho bergandi. Turkiya O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi ikkita asosiy davlat ekanligini yaxshi anglaydi. Ostona bilan Turkiya o‘rtasida iqtisodiy va siyosiy sohalardagi aloqalar allaqachon yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Toshkentda bu boradagi munosabatlar endi-endi qurilayapti. 2018 yil fevral oyidan boshlab ikki davlat o‘rtasida vizasiz tizim joriy etilgani bunga bir misoldir.

“O‘zbekiston va Turkiya yaqin madaniyat, til, urf-odatlar va din bilan bog‘langan ikki qardosh xalqlar yurtidir. Turklar O‘zbekistonning bugungi hududini “otaturk”, ya’ni otalar, ajdodlar zamini deb ataydi. O‘z navbatida, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan davlat hisoblanadi. Toshkentda ochilgan xorijiy mamlakatlarning birinchi diplomatik vakolatxonasi ham aynan Turkiyanikidir”, — deydi ekspert Abu-Ali Niyozmatov.

Respublika rahbarligiga Prezident Shavkat Mirziyoyevning kelishi bilan Turkiyaga nisbatan munosabat bo‘yicha vaziyat tubdan o‘zgardi. 2017 yil oktyabr oyida Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi bilan bordi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan Turkiya Respublikasining Buyuk Millat majlisi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo guruh tuzildi. Uni O‘zbekiston Senati (parlament yuqori palatasi) raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshqarib kelmoqda.

“Turkiya hamisha O‘zbekistonning yirik tashqi savdo sherigi hisoblanib kelinadi. Bu borada u Rossiya, Xitoy va Qozog‘istondan keyingi to‘rtinchi o‘rinda turadi. 2017 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston — Turkiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 1,5 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Biroq ikki davlat o‘rtasidagi savdo-sotiq salohiyati hali to‘liq ishga solinmagan. O‘ylashimcha, istiqbolda mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston hayotining barcha sohalari liberallashtirilishi uyg‘unligida jadal rivojlanib boradi”, — deya fikrini davom ettiradi Abu-Ali Niyozmatov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Prezidentining Toshkentga qiladigan davlat tashrifi davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ta’lim va madaniyat jabhalarida qator o‘zaro hujjatlar imzolanishi nazarda tutilayapti.
Pirovardida O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltiriladigan turk sarmoyasi hajmi ham ortadi. Muxtasar aytganda, Turkiya Prezidentining Toshkentga amalga oshiradigan safaridan ko‘p narsa kutilayapti.  
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?