O‘zbekistonning go‘zal go‘shalariga vertolyot orqali sayr qilish imkoniyati yaratildi

15:05 24 Iyun 2018 Welcome to uzbekistan
1016 0
Foto: “O‘zbekiston havo yo‘llari”

“O‘zbekiston havo yo‘llari” qoshidagi “Maxsus aviatsiya ishlari” aviakompaniyasi turoperatorlar, agentliklar va barcha xohlovchilarga O‘zbekistonning go‘zal go‘shalariga vertolyotda sayr qilish xizmatidan foydalanishni taklif qilmoqda. Bu haqda MAK matbuot xizmati ma’lum qildi.

Sayohat uchun 16 o‘rindiqli VIP-klass va 22 o‘rindiqqa ega bo‘lgan ekonom-klass Mi-8 vertolyotlaridan foydalaniladi. Vertolyotda sayr qilishning o‘ziga xos jihati shundaki, u yetib borish qiyin bo‘lgan joylarga ham uchib borish va qo‘nish imkonini beradi.

“Biz Toshkent viloyatining so‘lim go‘shalari bo‘lgan Pskem vodiysi, Maydontol, Ixnachsoy, Ispaysoy va qaynoq suv otilib chiqadigan buloqlari bilan mashhur Angren yassi tog‘lari, Kaptarkumush darasi, Po‘latxon yassi tog‘lari, Chimyon cho‘qqisiga vertolyotda sayr qilishni taklif etamiz. Yilning issiq kunlarida Toshkentdan bu yerga bir kunlik vertolyot orqali tabiat qo‘yniga sayrlar tashkil qilish mumkin.

Samarqanddan Zarafshon tog‘ tizmalariga, G‘ilon, Zarmas qishlog‘iga, Temur go‘riga, Teshiktoshga bir kunlik sayohatga nima deysiz? Qoyadan turib atrofni kuzatishni sevasizmi? Unda Surxon tog‘ tizmalaridagi Boysun, vodorod sulfid manbasiga ega Xo‘jai Pok sizga muntazir. Buxorodan Uchquduqqa qarab uchishda qaynoq suv chiqib turadigan chashmalarga tashrif buyurish, haqiqiy Sharq ertaklaridagi ulkan qumtepalar va bepoyon qumliklarni tomosha qilishingiz mumkin. Nukusdan, Mo‘ynoqdan, Qo‘ng‘irotdan Orol dengizi tomonga qarab yo‘lga chiqing va Xorazm viloyati bo‘ylab cho‘zilgan qadimiy qal’alarni ko‘rib bahra oling.

Boshni aylantiradigan balandlikdan turib chang‘ida yoki snoubordda uchishni istaysizmi? Chimyonning eng baland nuqtasidan pastga tushmoqchimisiz? Biz sizning orzularingizni ro‘yobga chiqaramiz!

Yozgi mavsumning eng issiq pallasi — chillada vertolyotni Chimyon meteostansiyasi vertolyot maydonchasida, Chorvoq oromgohi dam olish zonasida qo‘ndirish va shu yerning o‘zida qisqa muddatli parvozlarni bajarishingiz mumkin”, deyiladi xabarda.

Xizmatlar jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladi. Xabarda sayr qilishning narxi borasida ma’lumotlar berilmagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?