Vengriya kompaniyasi Andijonga 12 million yevrolik investitsiya kiritadi

01:29 10 Fevral 2019 Iqtisodiyot
756 0

Vengriyaning “Mediorad plus Kft” kompaniyasi Andijonga 12 million yevro miqdorida investitsiya kiritish orqali kardiojarrohlik yoʻnalishida faoliyat olib boruvchi zamonaviy klinikani barpo etadi.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmatining bildirishicha, 9 fevral kuni Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ushbu kompaniya vakillarini qabul qilgan. Qabul davomida investorlarga Oʻzbekistonda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhiti, taqdim etilayotgan imtiyozlar va kafolatlar haqida maʼlumotlar berilgan.

— Kompaniyamiz Vengriya poytaxti Budapesht shahrida joylashgan boʻlib, turli bino va inshootlarni jahon standartlari darajasida qurish, jihozlash bilan shugʻullanadi, — deydi kompaniya vakili Vladimir Yuryevich Serov. — Viloyat hokimligining taklifiga binoan besh kun davomida Andijondagi bir qancha obyektlarni koʻzdan kechirdik va viloyat reabilitatsiya shifoxonasini rekonstruksiya qilish, qoʻshimcha bino qurish hamda jihozlash uchun 12 million yevro miqdorida investitsiya kiritishga qaror qildik. Biz 52 ta yetakchi kompaniyaning avtorizatsiyasi, yaʼni ular tomonidan ishlab chiqariladigan uskuna va jihozlarni oʻzimiz qurgan binolarga oʻrnatish huquqiga egamiz. Yaʼni, eng ilgʻor texnologiyalar asosida kapital rekonstruksiya qilish hamda jihozlash imkoniyatimiz mavjud.

Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Avazbek Abdurahmonovning soʻzlariga koʻra, sobiq shifoxona oʻrnida kardiojarrohlik yoʻnalishidagi zamonaviy klinika barpo etiladi. Bu boʻyicha loyihalash ishlari boshlab yuborilgan.

Umidjon Mamarasulov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?