Vazni 300 kilogram, nogironligi bor Jeyms Bonnerning irodasi

11:55 20 Fevral 2018 Lifestyle
759 0

Amerikalik Jeyms Bonner o’z vaznining yarmini yo’qotishga erishib, oxirgi 15 yil ichida ilk bor stadion bo’ylab yugura oldi.
“The Daily Mail”ning yozishicha, 29 yosh bo’lgan Jeymsda ortiqcha vazn bilan bog’liq muammolar bolaligidanoq boshlangan. O’shanda uni yangi oila asrab olgan, boz ustiga eng kenjatoy va yagona o’g’il bola farzand bo’lgani uchun uni hamma erkalar, so’raganini shu zahotiyoq muhayyo qilishar, tinmay ovqatlantirishar edi. Ayniqsa, xolasi uni tunda ham pirog va muzqaymoq eyishga o’rgatib qo’ygandi. Natijada 8 yoshidayoq uning vazni 68 kilogrammga etadi.
O’sha paytlarda bunday holat bolaga sport bilan shug’ullanishga xalaqit bermasdi. Lekin o’smirligida Bonner nafaqat taomlarni juda ko’p paqqos tushira boshladi, balki alkogol ichimliklarini me’yoridan ortiq iste’mol qilishga o’rganib qolgandi. Oqibatda uni maktabdan haydashdi. 25 yoshida esa u avtohalokatga uchradi va bir oyog’idan ajraldi. Mazkur fojiadan so’ng Bonner faqat taom eb o’zini yupatdi. Harakat qilishdan butkul to’xtadi. Protez qo’ysa, vazni ko’tara olmasligidan qo’rqdi.
... 2017 yil. Va nihoyat Jeyms o’zini engishga kuch topdi. Yangi hayot boshlashga qaror qildi. Bu vaqtga kelib, uning og’irligi deyarli 300 kilogrammga etib qolgandi. Avvaliga yosh yigitning oshqozonida shuntlash bo’yicha jarrohlik amaliyoti o’tkazildi. Shundan so’ng u psixoterapiya kurslariga qatnadi. Parhez saqladi. Natijada 143 kilogramm, ya’ni o’z vaznining yarmini yo’qotishga muvaffaq bo’ldi. Jeyms uchun yangi protez tayyorlab berildi. U esa o’z umrining oxirgi 15 yilida ilk bor yugurdi. Hozir u uyidan uncha uzoq bo’lmagan joydagi stadionga muntazam borayapti.
Endi hammasini esdan chiqarish uchun yugurayapti. 
Yangi hayotdan zavqlanib yugurayapti. 
Kelajagi yorqin bo’lishi umidida tinmay yugurayapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?