Vazirlik paxta terimiga tayyorgarlik va oʻtkazish masalasiga doir rasmiy bayonot berdi

18:09 10 Sentyabr 2020 Jamiyat
195 0

Oʻzbekistonda kuzning dastlabki kunlarida anʼanaga koʻra barchaning eʼtibori qishloq xoʻjaligi mavsumining asosiy mavzusi – paxta terimiga qaratiladi. Paxta – bizning milliy boyligimiz, eng ahamiyatli agrar ekini, toʻqimachilik, farmatsevtika, yogʻ-moy sanoati va iqtisodiyotning boshqa qator tarmoqlarining faoliyati bogʻliq boʻlgan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining muhim xom ashyo boʻgʻimidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mavsumga yigʻim-terim paytida majburiy mehnatning oldini olish, ishchi kuchi ortiqcha boʻlgan hududlarda tuzilgan boʻlinmalar tarkibiga ixtiyoriy ravishda ishsiz va vaqtincha band boʻlmagan aholi aholi vaqillaridan yollangan terimchilar uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini taʼminlashga qaratilgan katta tayyorgarlik ishlarini olib bordi. Masalan, Sirdaryo viloyatiga band boʻlmagan aholidan 36 ming, Jizzax viloyatiga 30 ming, Qashqadaryo viloyatiga 10,8 ming kishini jalb qilish rejalashtirilgan. Ushbu viloyatlarda butun mamlakatda koronavirus pandemiyasi sharoitida rioya qilinayotgan sanitariya meʼyorlari va gigiyena talablarini hisobga olgan holda terimchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Kuniga 3 mahal ovqatlanish, terimchilar uchun ishdan tashqari vaqtlarda madaniy hordiq chiqarish tashkil etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentyabrdagi «2020-yilda paxta hosilini yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Qaroriga binoan paxta terish mashinalari bilan terib olingan har bir tonna paxta xomashyosi uchun 920 ming soʻm, qoʻlda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun birinchi terimda 1000 soʻm, ikkinchi terimda 1400 soʻm toʻlanadi. Shu bilan birga, paxta-toʻqimachilik klasterlari va kooperativlarga narxlarni yuqoridagi narxlardan kam boʻlmagan darajada mustaqil belgilash huquqi berildi. Bundan tashqari, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qonlikoʻl, Qoraoʻzak, Kegeyli, Qoʻngʻirot, Taxtakoʻpir, Xoʻjayli, Shumanay, Chimboy va Nukus tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Mirishkor, Nishon, Kasbi, Qarshi tumanlarida, shuningdek, Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Bandixon, Muzrabot va Sherobod tumanlarida qoʻlda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun tavsiya etilgan tarif stavkasiga Oʻzbekiston Respublikasi byudjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan 200 soʻmdan ustama haq toʻlanadi.

Shuningdek, vaqtincha ishsiz fuqarolardan iborat otryadlar rahbarlariga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2 million soʻm miqdoridagi toʻlovlar koʻzda tutilgan. Ayni vaqtda joylarda ushbu otryadlar tarkibida paxta yigʻim-terimida ishtirok etishni istaganlar roʻyxatlari shakllantirilmoqda. Ular bilan tuzilayotgan shartnomalarda oʻzaro huquq va, shu jumladan, terimchilarning mehnatiga haq toʻlashni nazarda tutadigan majburiyatlar ham oʻrin olgan. Shu bilan birga, mavsumiy ishga yollanilayotgan paxtakorlarga 500 ming soʻmdan bir martalik “koʻtarma” pullari ajratilishi toʻgʻrisidagi yaqinda ovoza qilingan maʼlumotlar haqiqatga mos kelmaydi. Qarorda terimchilar mehnatini ragʻbatlantirish va mukofotlashning boshqa shakllari tasdiqlangan.

Tuzilayotgan guruh (otryad)lar tarkibida paxta xomashyosini terib olishda ishtirok etishni istagan yurtdoshlarimiz paxta yigʻim-terimi paytida maxsus ochilgan www.terim.uz saytida roʻyxatdan oʻtishlari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining joylardagi hududiy boʻlinmalariga murojaat etishlari yoki vazirlikning (71) – 200-06-00 ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qilishlari mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

Matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?