Vazirlik oʻqituvchilarga beton quydirgan mansabdorlarni prokuraturaga berdi

13:32 08 Iyul 2019 Jamiyat
417 0

Arxiv foto | Dinara Chirkova, "Xalq soʻzi

Xalq taʼlim vazirligi tarqatgan maʼlumotga koʻra, ijtimoiy tarmoqlar, turli internet saytlarida qattiq tanqid qilingan Namangan viloyati Kosonsoy tuman markazida tashkil etilayotgan “Yashil xiyobon” hududida xalq taʼlimi tizimida faoliyat yurituvchi texnik xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish holati oʻrganib chiqilgan.

Xalq taʼlimi vazirining Huquqiy-nazorat xizmatining oʻrganishi natijasiga koʻra, 2019-yil 28-iyun kuni “Obod markaz” Davlat dasturi asosida har bir taʼlim muassasasiga 10 metrdan joy ajratilib, direktorlarga beton quyish hamda obodonlashtirish ishlarini bajarish yuzasidan topshiriq berilgan.

Topshiriqqa asosan, 29-iyun kuni tuman xalq taʼlimi tizimining 80 nafar texnik ishchi xodimlari yangi barpo etilayotgan “Yashil xiyobon” hududida “shanbalik” niqobi ostida eni 1,5-2 metr, uzunligi 410 metr joyga beton quyish va obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb etilganligi maʼlum boʻlgan.

Xabarda aytilishicha, holat yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish natijasi boʻyicha Kosonsoy tumani xalq taʼlimi boʻlimi mudiri vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi F.N. vazifasidan ozod etilib, M.Alloxonova Kosonsoy tumani xalq taʼlimi boʻlimi mudiri vazifasiga tayinlandi.

Kosonsoy tumanidagi umumtaʼlim maktablarining 80 nafar ishchi-xodimlari majburiy mehnatga jalb etilganligi uchun mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar koʻrilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori nomiga joriy yilning 4-iyul kuni xat yuborildi.

Xalq taʼlimi vazirligi oʻqituvchilarning shikoyatlarini qabul qiluvchi virtual inspektorni ishga tushirgan. Oʻqituvchilar majburiy mehnatga jalb etilganida, huquqlari buzilganda yoki turli toʻlovlarga majburlangan holatlarda ovoz.uzedu.uz sayti yoki +998 99 988 10 06 telefoni va telegram raqamiga murojaatlarini yuborishlari mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?