Vazirlik nega Markaziy bank hisobotiga sharh berdi?

12:36 01 Iyul 2019 Iqtisodiyot
672 0

Illyustrativ foto

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2019-yil I chorakda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish toʻgʻrisidagi hisobotiga sharh berdi.

Unda qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan joriy yilning I choragida Oʻzbekiston Respublikasiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning sof kirimlari toʻgʻrisidagi hisoboti eʼlon qilindi. Unga koʻra, mazkur davrda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar sof kirimi 198 mln. dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravarga kamaygan.

Shuni taʼkidlash kerakki, jahon amaliyotida koʻzlangan maqsad va vazifalardan kelib chiqib, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni hisoblashning turli usullari qoʻllaniladi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan chop etilgan hisobot Xalqaro valyuta fondining metodologiyasi asosida tuzilgan boʻlib, mamlakatning toʻlov balansini tuzishdagina qoʻllaniladi. Yaʼni pul mablagʻlarini toʻlov shaklida bir davlatdan boshqa davlatga harakatini tavsiflaydi.

Shu bois, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning sof kirimlari koʻrsatkichi maʼlum davr mobaynida mamlakatga kirib kelgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi va ushbu davrda repatriatsiya qilingan investitsiyalar hajmi (kapitalni investorning mamlakatiga qaytarish) oʻrtasidagi farq hisoblanadi, yaʼni muayyan davrda mamlakat hududiga kirib kelgan va undan chiqib ketgan pul oqimlari saldosidir. Shu bilan birga, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning sof kirimini hisoblash uchun asosan xoʻjalik yurituvchi sebyektlar tomonidan pul tushumlari hisobiga ustav kapitalini oshirilishi asos qilib olinadi.

Biroq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning sof kirimlarini hisoblashning mazkur usuli maʼlum bir davr mobaynida mamlakatga jalb qilingan va oʻzlashtirilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning aniq holatini toʻliq ochib bermaydi. Shu munosabat bilan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda har yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan tasdiqlangan Investitsiya dasturlari doirasida maʼlum davr mobaynida jalb qilingan va oʻzlashtirilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni hisoblashda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav kapitalini nafaqat pul koʻrinishida oshirilishi, balki tovarlar shaklidagi investitsiyalar, shuningdek, nomoddiy aktivlar va texnologiyalar, litsenziyalar va boshqalar inobatga olingan holda hisoblab chiqilmoqda.

Asosiy kapitallarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va oʻzlashtirish koʻrsatkichlari tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat statistika organlariga taqdim etiladigan “1-ID” va “2-invest” statistika hisobotlari asosida shakllantiriladi. Shu bilan birga, statistik hisobot xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan uslublar asosida har chorak yakuni bilan shakllantiriladi va albatta umumxalq nashrlarida chop etiladi.

Shunday qilib, statistik hisobotlarga asosan 2019-yilning I choragida oʻzlashtirilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 783,3 mln. dollarni tashkil etib, yillik prognozga nisbatan 11 foizni tashkil etdi. 2018-yilning mos davriga nisbatan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi (325,8 mln. dollar) 457,5 mln. dollarga yoki 2,4-marta oshgan.

2019-yil 5 oy yakuni bilan oʻzlashtirilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 mlrd. dollarni yoki yillik prognozga nisbatan 40 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2019-yil 1-yarim yilligida bu koʻrsatkich 3,7 mlrd. dollarni yoki yillik prognozga nisbatan 52 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Shuni eʼtirof etish joizki, soʻnggi yillarda investitsiya hajmlarining oʻsishi, neft-gaz sektori kabi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha anʼanaviy tarzda eʼtirof etiladigan sohalar bilan bogʻliq boʻlmagan tarmoqlarda kuzatilmoqda.

Masalan, metallurgiya sanoati (2018-yilga nisbatan 2,4-marta oshgan), toʻqimachilik (2,7-marta), oziq-ovqat (3,1-marta), farmatsevtika (6,3-marta) kabi sohalarni bunga misol qilib keltirishimiz mumkin.

Shu oʻrinda, hududiy loyihalar doirasida oʻzlashtirilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 2018-yil koʻrsatkichlariga nisbatan 4 barobarga oshganligini alohida qayd etib oʻtish lozim.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?