Vazirlik diqqatiga: Qoʻshtepa tumanida 32 yil taʼmirlanmagan, taʼmirtalab maktab bor!

17:52 05 Iyul 2019 Jamiyat
440 0

Siz tasvirlarda koʻrib turgan qarovsiz bu joylar ancha yillardan buyon ishlamay turgan, tadbirkorlarga berilishi koʻzda tutilgan,“0” qiymatda auksionga qoʻyilgan bino inshooti emas! Bu ziyo va taʼlim maskani – kapital rekonstruksiyadan “yetim” qolgan maktab binosi.

Tashqaridan qaraganda maktab binoyiday koʻrinadi. Taʼlim tizimiga, maktablarga jiddiy eʼtibor qaratilayotgan bir paytda, nahotki Fargʻona viloyatida shu darajada ayanchli holga kelib qolgan muassasa boʻlsa?! Ahvol ijobiy emasligi bu yerda taʼlim olayotgan bolalar, oʻqituvchilar kayfiyatiga nechogʻli taʼsir koʻrsatayotgan ekan? Maktab mukammal taʼmirga muhtoj boʻla turib mutasaddilar biror chora koʻrmaganmilar? Maktabni mukammal taʼmirlash uchun davlat dasturiga kiritishning shu paytgacha nega uddasidan chiqilmagan?

Oʻquv muassasasini obdon kuzatsangiz sizda ham mana shunday savollar uyumi ongu shuuringizga yopirilib kelishi aniq. Keling,boshidan boshlaymiz!

Oʻqchi qishlogʻidan Qoʻshtepa tuman markaziga eltuvchi yoʻlning shundoqqina yoqasida joylashgan 27-umumtaʼlim maktabi 1987-yili foydalanishga topshirilgan. Quvvati dastlab 620 oʻrinli, hozirda negadir 720 oʻquvchiga moʻljallangan deb yuritilayotgan dargohda ayni paytda 987 bolaga 64 nafar ustoz saboq beradi. Jumladan, boshlangʻich sinflarga moʻljallangan 120 oʻrinli binoda sinf xonalari yetishmasligi sabab toʻrtinchi sinflar yuqori sinflar binosida oʻqishadi.

Maktab direktori qanday fikrda?

—Taʼlim tizimida tuman, viloyat miqyosida ishlaganman,—deydi maktab direktor Zoirjon Tojiboyev. —Sharoiti ogʻirligi uchun shu maktabga joʻnatishdi. Ahvol men oʻylagandan ham ogʻirroq ekanligini bu yerga kelib bildim. Orada ketib qoldim, yana qaytarishdi. Axir hammamiz qochib ketaversak, ahvolni kimdir oʻnglashi ham kerakku! Maktabning holati oʻqituvchilar ishchanligi, kayfiyatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatayotgani yaqqol seziladi. Ayrim fanlar boʻyicha yetishmayotgan oʻqituvchilar oʻrniga yaxshi mutaxassislarni taklif etdim. Oz vaqt ishlab sharoit yoʻqligidan ketib qolishyapti. Hozir ham ingliz va rus tili oʻqituvchilari yetishmaydi. Hech kim bu maktabga kelishni xohlamayapti. Oʻquvchi va oʻqituvchilarga sharoit yaratish maqsadida tegishli idoralarga bir necha bor murojaat qildim. Navbatdagi oʻquv yili uchun moʻljallangan investitsiya dasturiga kiritish haqida tuman xalq taʼlimi boʻlimiga rasmiy xat bilan chiqqanman. Nazarimda, ular ham bunday soʻrov bilan yuqoridan ijobiy javob olisholmagan. Baribir shunday ahvoldagi maktab bu yil ham negadir dasturga kirmay qoldi.

Ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, umuman yaroqsiz boʻlib ketgan eshiklarni almashtirdik, ayrimlarini yamadik, tutqichlar oʻrnatdik. Maktab orqasidagi tashlandiq yerda hashar yoʻli bilan sport maydoni qildik. Xullas, eskini eplab, esimiz ketyapti. Romlarning oynalarini artishning iloji yoʻq, chunki tozalayotganda umrini allaqachon oʻtab boʻlgan haddan tashqari katta romlar pastga qulab, oynalari chilparchin boʻlyapti. Havoning issiq kunlarida ayrim sinflarda oʻqituvchilar derazalarni ochishga qoʻrqishadi, chunki chirib, uzilib tushishga kelib qolgan. Pollarning ahvolini aytmasa ham boʻladi. Nazarimda, sharoiti biznikidan ogʻirroq maktab viloyatda ham boʻlmasa kerak. Nima uchun dasturdan tushib qolayotganidan hayronman.

Maktabdagi bugunning manzaralari

Maktab rahbarlari va mahalla faollari hamrohligida sinf xonalarini koʻzdan kechiramiz. Rus tili, biologiya xonalaridagi lenoliumlar yirtilib, ostidagi shagʻalu qumlari chiqib yotibdi. Yamoqchilar ham yashasinlar, toʻgʻri kelgan rangdagi qoplamalarni yopishtirib ketaverishibdi. Qolgan sinflarda ham ahvol shu.

Informatika xonasida maxsus stollar bor xolos, kompyuterdan darak yoʻq. Oʻquvchilar uyida boʻlmasa, kompyuterni maktabida faqat tasavvur qilarkanlar. Axborot texnologiyalari asrida-ya?! Darslar qanday oʻtiladi?

—Toʻgʻrisi, shu yil yanvarigacha maktabimizda kompyuter boʻlmagan,-deydi informatika oʻqituvchisi Qobiljon Solijonov. Tugallangan oʻquv yili davomida amaliy mashgʻulotlarni bitta texnologiya yordamida faqat qiziqqan bolalar bilan tasvirni mana bu proyekt orqali ekranga tushirib olib, koʻrsatib tushuntiraman. Biz ham boshqalar kabi kompyuterlashgan sinflarimiz boʻlishini istaymiz. Holatga qarab ish tutyapmizda.

Maktablarda elektron doskalardan foydalanilayotgan bir paytda bu yerda chet tili xonasidagi doska ikki joyidan yorilib ketgan, shkaflar ham almisoqdan qolgan. Kimyo fanidan laboratoriya xonasiga yuzlanamiz. Bu yerda amaliy mashgʻulot uchun biror bir jihoz yoʻq. Ular yaroqsiz holga kelib qolganligi uchun allaqachonlar hisobdan chiqarib yuborilgan. Laborant Feruzaxon Qoʻchqorovaning aytishicha, amaliy mashgʻulotlarga tajriba vositalarini qoʻshni—20 umumtaʼlim maktabidan oyda bir marta olib kelib turisharkan.

Biologiya fani xonasi deyarli jihozlanmagan, koʻrgazmali vositalar yoʻq hisobi, laboratoriya esa boʻm boʻsh. Biologiya fani oʻqituvchisi Hilolaxon Ahmadjonova ikki nafar biolog taʼtildan oldin beriladigan oylik maoshidan pul toʻplab, xonani bir amallab yangi oʻquv yili uchun taʼmirlab olishlarini aytdi.

Uzoq yillardan buyon ishlamay turgan maktab oshxonasini ku gapirmagan maʼqul. Fotosuratlarni koʻrsangiz kifoya. (Oshxona fotosuratlari).

Tadbirlar oʻtkaziladigan xonaning qattiqroq tegib ketsangiz agʻanab tushadigan eshigi ustma ust boʻyoq qilinaverganidan “semirib” ketgan.Chirib ketgan romlar, mogʻor bosgan shift va devorlar, rangi oʻchgan va singan oʻtirgichlarni koʻrib achinib ketasan,kishi. Uncha katta boʻlmagan zalning havosizligi nafasingizni qaytaradi. Sport zalidagi ahvol ham dilingizni xira torttiradi. 9x12 oʻlchamli zalga kiraverishdagi manzaraning oʻzi kayfiyatingizni buzadi. (sport zal kiraverishi fotosi bor)

—Mana shu maydon tashlandiq boʻlib yotgandi,—deydi direktor.—Tepa-pastliklarini tekislab, sport maydoniga oʻxshatib olgunimizcha, erkak oʻqituvchilarimiz qattiq mehnat qilishdi.

Maktabda sharoitning yoʻqligi taʼlim sifatiga ham taʼsir qilgan

Maktabda keyingi oʻn yilda direktor yetti marta, katta sinflarda direktorning ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari toʻrt marta, boshlangʻichlarda uch marta, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosar toʻrt marta almashtirildi. Rahbarlarning qoʻnimsizligi pedagogik jamoani “kun oʻtsinga“ ishlashga oʻrgatib qoʻygani ayon haqiqat. Bir necha yillardan buyon hukm surib kelayotgan yuqoridagidek ahvol ularda tushkun kayfiyatning davomiyligi, beparvolik, oʻziboʻlarchilik kayfiyatini qaror toptirdi. Kattagina jamoada atigi ikki nafar birinchi, 17 nafar ikkinchi toifa, 35 nafar mutaxassis (!), 4 nafar tugallanmagan oliy, 3 nafar oʻrta maxsus maʼlumotli oʻqituvchilar mehnat qilisharkan.

Bir paytlar oʻz nufuziga ega boʻlgan maktab olimpiada va bilimlar bellashuvlari natijasiga koʻra, tuman xalq taʼlimi boʻlimi reytingida 39-oʻrinni egallab turibdi. Maktab sobiq oʻquvchilarining atigi oʻn nafari keyingi oʻn yilda oliy dargohlarda oʻqishgan. Obodlik koʻngildan boshlanadi. Maktabda mehnat va oʻqish uchun zarur sharoit yaratilmas ekan, ahvol oʻnglanishi qiyin, bizningcha.

Rahbarlar nima deydi?

—Bu dargoh kapital taʼmirga juda muhtoj,—deydi tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Orifjon Dehqonov.—Shuning uchun ham biz 2019-2028-yillarda Investitsiya dasturiga kiritilishi taklif etilayotgan maktablar qatorida bu muassasani 2020-yilda kapital taʼmirlashga tavsiya qilganmiz. Nima uchun 2019-yil dasturidan tushib qolgani,kelgusi 3 yillik dasturga kiritilmayotgani bizga qorongʻi.

—27- maktabni mukammal oʻrganib chiqqanmiz, —deydi tuman xalq taʼlimi boʻlimi bosh muhandisi Nasimxon Gʻofurov. —2019-yilda dasturga zudlik bilan kiritish uchun taklif ham berganmiz. Lekin negadir kiritilmadi.Sababi bizga qorongʻi. Yaqinda vazirlikdan Doniyorjon, degan Vakil kelgandi. Shu masalani oʻrtaga tashladim. Olib kelib maktabni koʻrsatdim. Bu dasturga tushmasa boʻlmas ekan. Ahvoli ancha ogʻir maktabni, deb aytdi.

—Maktab falon yilgi, pismadon yilgi dasturga tushadi,taʼmirlaymiz, degan gap-soʻzlar va vaʼdalardan qishloq ahli “toʻyib” ketgan, —deydi Yuqori Oʻqchi MFY raisi Baxtiyor Xojimatov. —Bunaqa quruq vaʼdalarga keyingi paytlarda mahalla ahli eʼtibor ham bermay qoʻyishgan. Bizning nazdimizda hammasi quruq vaʼdalardan boshqa narsa emas. Axir, har yili, yillar davomida shunaqangi balandparvoz soʻzlarni quloqqa ilishavergach, ishonchingiz ham, umidingiz ham yoʻqolib ketarkan. Mahalla ahli hatto dasturga tushirishning “chiqimlari”ga ham rozi. Nima qilsang, qil! Lekin dasturga tushirish kerak deyishyapti.

Xulosa oʻrnida

27-umumtaʼlim maktabi faoliyat boshlaganiga 32 yil boʻlsada biror marta mukammal taʼmirlanmagan. Muassasa shuncha murojaatlarga qaramasdan 2019-yil Investitsiya dasturiga ham kiritilmadi. Fargʻona viloyati xalq taʼlimi boshqarmasining bizga bergan maʼlumotiga qaraganda,

Respublika va viloyat ishchi guruhi tomonidan barcha muammoli obyektlar joyida borib koʻrilgan. Berilgan yakuniy xulosaga koʻra, agar Xalq taʼlimi vazirligi tasdiqlasa,2020-2022-yillar davomida Manzilli dastur asosida viloyatda jami 123 maktablarda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Dastlabki hisob kitoblarga koʻra, bu katta ishlar uchun 441 mlrd. 700 mln. soʻm mablagʻ kerak boʻladi.3 yil davomida tanlangan obyektlarning 76 tasida rekonstruksiya va 47tasida kapital taʼmirlash ishlari olib boriladi.

Doʻppini bir chetga qoʻyib obdon mushohada qiladigan boʻlsak, tabiiy savollar tugʻilishi aniq. Agar tajribali respublika va viloyat ishchi guruhi aʼzolari maktablarni, yaʼni muammoli obyektlarni joyida borib oʻrgangan boʻlsa, nega 27 maktab ularning nazarlariga ilinmadi? Yoki maktabning bu ayanchi ahvoli 3 yillik (!) dasturga kiritilishga arzimaydimi?

Fargʻona viloyati xalq taʼlimi boshqarmasining bino va inshootlardan foydalanishni muvofiqlashtirish va monitoring qilish boʻlimi boshligʻi Rustamjon Xoliqnazarovdan kelgusi yillar uchun tayyorlangan Manzilli dasturning tumanlar kesimidagi roʻyxatini soʻraganimizda ochiqdan ochiq bu maʼlumotlarni berishdan bosh tortdi.Maqola soʻngida Xalq taʼlimi vazirligi hamda Fargʻona viloyati xalq taʼlimi boshqarmasiga bir savolimiz bor: Nega muammolarini biz “elga dasturxon” qilayotgan ushbu maktabda dastur asosida taʼmirlash ishlari shuncha yillardan buyon paysalga solinyapti.

Savollarimizga viloyat va respublika miqyosidagi mutasaddilardan real haqiqatlarga asoslangan javob kutamiz. Zero, Qoʻshtepa tumanida bu maktabning ahvolidan koʻra ayanchli maktab topilmasligi — ayni haqiqat.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?