Vazirlik chet tili oʻqituvchilarining tarkibini qayta koʻrib chiqdi 

08:19 21 Sentyabr 2020 Jamiyat
472 0

Joriy yilning 14-sentyabr kunidan boshlab maktab oʻquvchilari uchun televizion darslar uzatila boshlandi, deb yozmoqda Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, “Onlayn-maktab” loyihasi doirasida har kuni 100 dan ortiq (30-35 soat) darslar tasvirga olinmoqda. Mazkur darslarda imkon qadar xatolik oʻtmasligiga harakat qilinmoqda.

Biroq, 16-sentyabr kuni efirga uzatilgan chet tili fani videodarsida ayrim xatoliklarga yoʻl qoʻyilgan.

«Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan darslarda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida chet tili oʻqituvchilarining tarkibi qayta koʻrib chiqildi, dars muharriri almashtirildi hamda darslarda tajribali oʻqituvchilar jamoasini yana-da kengaytirish maqsadida mahoratli pedagoglar uchun tanlov eʼlon qilindi.

Keng jamoatchilik va ijtimoiy tarmoq faollaridan “Onlayn-maktab” loyihasida ishtirok etayotgan oʻqituvchilarni kamsitmaslikni soʻramoqchimiz. Har birimiz xatolikka yoʻl qoʻyishimiz mumkin, ish bor joyda xatoliklar ham uchrab turadi. Lekin, bu xatoliklarning oldini olish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik choralari koʻrilmoqda.

Umid qilamizki, bu vaziyat barchani oʻz vazifalarini bajarishda eʼtiborliroq boʻlishga va ishga professional yondashishga undaydi», - deyiladi xabarda.

Vazirlik, hozirgi sharoitda oʻz sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyib ham anʼanaviy, ham masofaviy shaklda faoliyat olib borayotgan hamda videodarslarni tasvirga olish jarayonlariga jalb qilingan oʻqituvchilarga minnatdorchilik bildirgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?