Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi

13:54 21 Oktyabr 2020 Siyosat
135 0

Parlament yuqori palatasining sakkizinchi yalpi majlisida Oliy Majlis Senatining 2020-yil 19-iyundagi tegishli qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Bosh vazir tomonidan 2020-yil 25-avgustda taqdim etilgan javobga koʻra, parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birga atroflicha oʻrganilib, Vazirlar Mahkamasining Rayosatida koʻrib chiqilgan.

Parlament soʻrovida koʻtarilgan bir qator masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan amaliy chora-tadbirlar dasturi qabul qilingan. Unda jumladan, qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlaydigan foto- va videomoslamalar, shuningdek, onlayn rejimida ishlovchi qoʻshimcha fotoradarlar oʻrnatish belgilagan.

Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli va asosiy vazifalarini amalga oshiruvchi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining yoʻl harakatini tashkil etishni nazorat qilish boʻlimi va boʻlinmalari shtat birliklarining yetishmasligini bartaraf etish boʻyicha tadbirlar oʻtkazilishi nazarda tutilgan. 

Shu bilan birga, umumtaʼlim maktablarida Yoʻl harakati qoidalari va harakat xavfsizligi asoslarini oʻrgatish, xalq taʼlimi xodimlarining oʻquvchilarga Yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatish boʻyicha malakasini oshirish ham rejalashtirilgan.

Majlisda senatorlar tomonidan parlament soʻrovida koʻtarilgan baʼzi masalalarning yechimiga eʼtibor qaratilmagani taʼkidlandi. 

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan 2019-yilda tasdiqlangan yoʻl harakati xavfsizligi standartlari yuzaki ishlab chiqilgan.

Ushbu standartlardagi yoʻl belgilarining tartib raqamlari ham toʻgʻri belgilanmaganligi, bu esa yoʻl harakatining asosiy va ustuvor qoidalaridan hisoblanishi taʼkidlab oʻtildi.

Yaʼni mazkur standartlar boshqa davlatlarning standartlaridan toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchirib olingan. Oqibatda boshqa davlatlarning amaldagi yoʻl harakati qoidalaridagi mavjud yoʻl belgilari ushbu standartlarning ilovalariga ham kiritilgan. Vaholanki, mazkur yoʻl belgilari Oʻzbekiston Respublikasi Yoʻl harakati qoidalarida mavjud emas.

Shuningdek, Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan harakat xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, harakat ishtirokchilariga qulayliklar yaratish yuzasidan mahalliy hokimliklar hamda tegishli tashkilot va idoralarga 2017–2020-yillar davomida jami 6 709 ta taqdimnoma kiritilgan boʻlsa-da, ularning 3 173 tasi yoki 45 foizi belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilmagan.

Bundan tashqari, mutaxassislar tomonidan yoʻl-transport hodisalarining kelib chiqishiga sabab boʻlayotgan avtomobil yoʻllarini zarur darajada taʼmirlashga eʼtibor qaratilmagani oqibatida 2019-yilda va 2020-yilning 8 oyi davomida 532 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, ularda 511 nafar fuqaro jarohatlangan va 191 nafar fuqaro halok boʻlgan.

Bu kabi kamchiliklar Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini taʼminlamagan mutasaddilarga nisbatan taʼsirchan choralar koʻrishni taqozo etmoqda.

Shu jihatdan Senat aʼzolari aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli qaror qabul qildi.

Bunda:

- Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan 2019-yilda tasdiqlangan yoʻl harakati xavfsizligiga oid normativ-huquqiy hujjatlar va standartlarni 2021-yil 15-yanvarga qadar takomillashtirish;

- Avtomobil yoʻllarining nosozligi oqibatida sodir boʻlayotgan yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha bir oy muddatda aniq
chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish;

- Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan mutasaddi idoralar rahbarlariga kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini taʼminlashda sustkashlikka yoʻl qoʻygan mutasaddi xodimlarning masʼuliyatini oshirish yuzasidan zarur choralarni koʻrish;

- Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosining borishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Ichki ishlar vazirligi tomonidan mutasaddi idoralar rahbarlariga kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosi yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha taqdim etilgan maʼlumotlarni qoʻmitada tahlil qilib, chora-tadbirlar dasturi hamda kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini oʻz vaqtida bajarmagan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarini Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisiga taklif qilib, muhokama qilib borish belgilandi.

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?