Vazirlar Mahkamasida Rossiya sogʻliqni saqlash vaziri bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

01:57 07 Mart 2019 Siyosat
373 0

Foto: OʻzA surati.

Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Rossiya Federatsiyasi sogʻliqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi, deyiladi OʻzA xabarida.

Muloqotda mamlakatlarimiz oʻrtasida tibbiyotda kadrlar malakasini oshirish boʻyicha samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani qayd etildi. Oʻzbekistonlik shifokorlarning Rossiya yetakchi tibbiy muassasalarida malaka oshirishi tashkil qilinayotgani, sohada ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash, tashxis qoʻyish va davolash, murakkab jarrohlik amaliyotidagi tajriba almashishga qaratilgan mahorat darslari oʻtkazish muntazamlik kasb etgani taʼkidlandi.

Bugungi kunda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik faol davom etmoqda. Kelgusi oʻquv yilidan boshlab mamlakatimizda I. M. Sechenov nomidagi Moskva davlat tibbiyot universiteti filialini ochish rejalashtirilgan. Tashkil etiladigan qoʻshma fakultetlarda bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura taʼlim dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlanadi.

Uchrashuvda tibbiyot sohasini moliyalashtirish, logistika, sogʻliqni saqlash tizimini raqamli boshqaruvga oʻtkazish, hukumat darajasida qabul qilinayotgan dasturlar ahamiyati haqida soʻz yuritildi.

* * *

Delegatsiya aʼzolari respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, xususiy klinikalar, birlamchi tibbiy yordam muassasalari hamda tibbiyot oliy oʻquv yurtlarida ham boʻlib, ikki tomonlama hamkorlikka oid qator uchrashuv va muzokaralarda ishtirok etdi.

Xususan, kecha ular Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi faoliyati bilan tanishdi.

Bugungi kunda markazda yurak, jigar va boshqa aʼzolarda jarrohlik amaliyotlari oʻtkaziladi. Kardiojarrohlik boʻyicha koʻrsatilayotgan xizmatlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, mehmonlar “Akfa Medline” tibbiyot markazi misolida mamlakatimizda malakali tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklar profilaktikasi, patronaj va skrining xizmatlarini zamonaviy darajaga koʻtarish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar bilan ham yaqindan tanishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?