Vazir oʻrinbosari xizmat safari davomida Navoiyda 71 ta oila kambagʻallikdan chiqarildi

22:07 16 Aprel 2020 Jamiyat
149 0

“Xalq so`zi ONLINE”

Yurtimizda bu yilgi bahor biroz oʻzgacha hukm surayotgan boʻlsa-da, har goʻshada oʻz sepini yoyib, dehqonlarni dalasiga chorlamoqda. Zero, ayni sinovli kunlar ertangi kunni oʻylab, har qanday sharoitga tayyor turib yashashni hayotning oʻzi taqozo qilib, bu haqda yana bir bor saboq berayotganday.

Maʼlumki, shu yil fevral oyida Prezidentimiz tomonidan “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi.

Yaqinda mazkur farmon ijrosi yuzasidan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri oʻrinbosari, senator Sodiqjon Turdiyev Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatida xizmat safarida boʻlib qaytdi.

Senator Buxoroda Gʻijduvon, Vobkent va Romitan tuman boʻlimlari faoliyati bilan tanishdi, mutasaddilarga faoliyatni tizimli tashkil etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj va karantin holatida boʻlgan oilalar holidan xabar olish, aholi murojaatlarini bilan ishlash kabi masalalarni oʻrgandi.

Shuningdek, Gʻijduvon tumanidagi “Zarafshon” mahallasida bahorgi ekinlar holati, aholining tomorqa yerlaridan foydalanish darajasi bilan tanishildi. Maʼlum boʻlishicha, mahallada 1580 ta xonadon mavjud boʻlib, shundan 18 ta oila kambagʻallik darajasida istiqomat qiladi. Oilalarni bu holatdan chiqarishga mahallada faoliyat yuritayotgan “Umidjon dala sardori”, “Umarbobo Usmonov”, “Xomit-Shuxratjon zamin” kabi fermer xoʻjaliklari rahbarlari jalb qilindi. Zero, fermer xoʻjaliklari tomonidan yuqoridagi oilalarga gʻalladan boʻshaydigan yerlardan 5 gektar yer maydoni ajratiladigan boʻldi. Takroriy ekin ekishga tayyorlab, urugʻ bilan taʼminlashga kelishildi.

Xayrli ishlarga tuman paxta tozalash korxonasi ham qoʻshilgach, homiylik asosida 12 ta oilaga zamonaviy JACK rusumli tikuv mashinasi olib berildi. Ushbu oilalar tomonidan paxta yigʻim-terimi boshlangunga qadar 4 ming dona etak tikib berishga kelishildi.

Xizmat safarining navbatdagi manzili Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani boʻldi. Tumandagi 48 ta mahalladagi jami 3057 nafar kambagʻal oilalarni roʻyxatdan chiqarish masalasi “Kulolon” mahallasi misolida oʻrganildi.

Maʼlum boʻlishicha, mahallada 521 ta xonadonda 759 ta oila istiqomat qiladi. Ulardan 71 ta oila kambagʻallik darajasida. Mazkur oilalarga mahalladagi “Sobir Diyor”, “Salimabonu Gʻaybullo”, “Ahmad Nomoz” kabi fermer xoʻjaligi rahbarlari ham yordam qoʻlini choʻzishdi. Tuman hokimligining homiyligi asosida 5 nafar xotin-qizga zamonaviy JACK rusumli tikuv mashinasi hadya qilinib, kerakli miqdorda material berilib, karantin paytida mahalla aholisi uchun niqob tikib tikishga sharoit yaratildi.

“Xalq so`zi ONLINE”

Samarqand viloyatidagi oʻrganish davomida Pastdargʻom tumani, “Paxtakor” mahalla fuqarolar yigʻinida kambagʻallik darajasida istiqomat qilayotgan 25 ta oilani ham kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Mahalladagi “Mirvali Akbar Begali”, “Otabek Laylo”, “Haqberdi bobo Bekzodjon” kabi fermer xoʻjaliklari masalaga chetdan qarab turmaydigan boʻlishdi. Ular tomonidan ushbu oilalarga gʻalladan boʻshaydigan yer maydonlaridan har biriga 1 gektardan biriktirib, takroriy ekin ekishga tayyorlab berishga kelishildi. Shuningdek,“Kamalak invest” klasster korxonasi rahbari tashabbusi bilan fermer xoʻjaliklari rahbarlari hamkorlikda 18 nafar xotin-qizlarga zamonaviy JACK rusumli tikuv mashinalari va etak tikish uchun zarur xomashyo mahsulotlari topshirildi.

Shuningdek, senator S.Turdiyev tomonidan “Paxtakor” mahallasida ijtimoiy ogʻir ahvolda yashayotgan Oʻral ota Norboyev, Qizmin Xidirov va Guldona Norqulovalarning oilalariga, “Ilm” mahallasidagi Aziza Xolyarova xonadoniga oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi berildi.

“Ilm” mahallasidagi Aziza Xolyarovaning oilaviy ahvoli oʻrganilganida turmush oʻrtogʻi va ikki nafar farzandi nogironligi aniqlandi. Ushbu oilaga tuman hokimligining homiyligi asosida 100 dona tuxum berayotgan tovuq sovgʻa qilindi. Oila bekasi shunday ogʻir kunlarda berilgan eʼtibor uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.

Mazkur viloyatda ham rahbarlar uchun tashkil qilgan videoselektorda “mahallabay” usulida aholiga tomorqalardan samarali foydalanishda koʻmaklashish, oilalarni kambagʻallik darajasidan chiqarish, ishsizlarni ish bilan taʼminlash, koronavirus tarqalishining oldini olish choralarini koʻrgan holda koʻchma doʻkonlarni tashkil etish kabi ishlarni hamkorlikda amalga oshirishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?