Vazir ixtirosi eʼtiborsiz qoldirilayotganini aytgan yosh fuqaro bilan uchrashdi

17:49 05 Sentyabr 2019 Jamiyat
173 0

Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent viloyati Chinoz tumanida istiqomat qiluvchi ixtirochi Jahongir Mahkamovni qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlash joizki, Jahongir Mahkamov avtomobil elektrodvigatelining yangicha – kamxarj turini ixtiro qilgan boʻlib, uning ixtirolariga davlat organlari tomonidan eʼtibor berilmayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar bergan. Haqiqatan, J. Mahkamov boshqa idoralar qatori Innovatsion rivojlanish vazirligiga ham murojaat qilib, ixtironi hayotga tatbiq qilish uchun unga kredit berishlarini soʻragan. Innovatsion rivojlanish vazirligi kredit beruvchi tashkilot emasligini, ixtironi loyiha sifatida shakllantirib, murojaatchiga davlat texnik grantlari hamda oʻz xarajatini oʻzi qoplash asosida moliyalashtiriladigan startap loyihalar tanlovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida maʼlumot berilgan. Bu maʼlumotlar J. Mahkamovga ogʻzaki ham tushuntirilgan, unga bu haqida xat ham joʻnatilgan. Oʻz navbatida Mahkamov startap tanloviga hujjatlarini topshirmagan.

Qabul davomida J. Mahkamovning ixtirosining ahamiyatini inobatga olgan holda, I. Abdurahmonov mazkur ixtironi startap tanlovi talablariga javob beradigan tartibda rasmiylashtirishga yordam berish haqida koʻrsatma berdi. Shuningdek, J. Mahkamovning oliy maʼlumotga ega emasligini eʼtiborga olgan holda, oʻz ixtisosligi boʻyicha oliy oʻquv yurtiga kirib oʻqishi masalasi ham koʻrib chiqildi.

Vazirlikning Iqtisodiyot real sektoriga innovatsiyalarni joriy qilish hamda tadqiq etish boshqarmasi iborat ishchi guruh ayni kunlarda Chinoz tumaniga borib, Jahongir Mahkamovning ishlari bilan yaqindan tanishmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?