“Vatanparvarlik oyligi” doirasida viloyatlarda ommaviy tadbirlar oʻtkazilmoqda

09:36 21 Dekabr 2018 Jamiyat
600 0

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi barcha harbiy okruglar, harbiy qismlar hamda Oliy harbiy taʼlim muassasalarining harbiy xizmatchilari tomonidan ommaviy “Vatanparvarlik oyligi”ga doir tadbirlarni oʻtkazish boshlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Samarqand shahrida joylashgan “Yoshlar markazi”da Samarqand viloyati hokimligi hamda Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi bilan birgalikda “Vatan muqaddas uni himoya qilish sharafli burchdir” shiori ostida viloyat yoshlari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda zamonaviy harbiy xizmatchi qanday boʻlishi kerakligi, qanaqa bilim va koʻnikmaga ega yoshlar harbiylikka tanlab olinishi haqida tushunchalar berildi. Tadbir davomida tashkil etilgan konsert dasturi yigʻilganlarga oʻzgacha koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Tadbirda Oʻzbekiston Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar rejasi belgilab olindi. Bu safargi bayram tadbirlarini avvalgilaridan oʻzgacha ruhda oʻtkazish lozimligi alohida taʼkidlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug harbiy qismlaridan birida esa Nukus shahridagi umumtaʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining yuzlab oʻquvchilari uchun ochiq eshiklar kuni boʻlib oʻtdi. Bunda yoshlar harbiy qismda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar, ularning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish yoʻlida koʻrgazmali tadbirlar tashkil etildi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda Berdaq nomidagi drama teatrida el suygan sanʼatkorlar, yosh ijodkorlar va Nukus garnizoni maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestri tomonidan harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi katta konsert dasturi oʻtkazildi.

Respublikamiz yoshlarining keng qatlamini qamrab olishga qaratilgan bu kabi tadbirlar Mudofaa vazirligining barcha qoʻshinlarida davomli tarzda oʻtkazilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Prezidentining farmoyishiga binoan joriy yilning 15 dekabridan 2019 yilning 15 yanvariga qadar bir oy muddat “Vatanparvarlik oyligi” etib belgilandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?