“Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati”

08:35 09 Yanvar 2020 Jamiyat
2968 0

Vatan. Bu soʻzni eshitganda kimningdir koʻz oʻngida soʻlim tabiat jonlansa, boshqa birov oʻz hovlisini yoki davlat ramzlarini tasavvur qiladi. Yana kimdir cheksiz sarhadlarni xayoliga keltiradi. Balkim biz Vatan deganda ana shu sarhadlar himoyasi uchun jonidan-da kechishga tayyor insonlarni oʻylashimiz kerakdir. Sababi toki oramizda vatanparvarlar soni koʻpayib borar ekan, hayotimiz hamisha daxlsiz boʻladi. Shu asnoda bugun yoshlar ongida Vatan tuygʻusini yuksaltirish uchun yurtimiz boʻylab koʻpgina vatanparvarlik tadbirlari tashkil etilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati” shiori ostidagi vatanparvarlik oyligi bu boradagi amaliy ishlar tasdigʻi boʻlmoqda. Bunda Prezidentimizning 2019-yil 13-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoyishi asos qilib olingan.

Bugun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida mazkur oylik doirasida“Jasorat”, “Shuhrat” medali sohiblari, “Mard oʻgʻlon” va Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Milliy gvardiya saflarida xizmat qilib kelayotgan harbiylar bilan madaniy-maʼrifiy uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori Sh.Akmalov ochib berib, yurtimizda keng nishonlanayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan barchani muborakbod etdi.

Vatan hamisha aziz va mukarram hisoblanadi, — deydi oʻz soʻzida Sh.Akmalov. — Shu bois yurtimiz osmonining musaffoligi va xalqimiz hayotining farovonligida harbiy xizmatchilar-u Vatanimiz istiqboliga oʻzini daxldor bilgan har bir vatandoshimizning hissasi bor.

Tadbir davomida Milliy gvardiya alohida vazifalarni bajarish uchun brigadasi bosh serjanti Serjant Odil Nurmonov, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Chaman Jonuzoqova, “Shuhrat” medali sohibasi Muhtaram Aliyeva, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sovrindorlari Shomurod Shopoʻlatov va Behzodbek Boltaboyev hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari faxriylar kengashi raisi Xayrulla Saʼdullayevlar soʻzga chiqishdi. Ular turli soha vakillari sifatida vatanparvarlik qanday shakllanishi mumkinligini oʻz hayotiy misollari orqali tushuntirib berishdi. Bizning bugungi farovon hayotimizni taʼminlashda koʻplab vatandoshlarimizning hissasi borligi taʼkidlandi. Tinchligimiz ortida juda katta jasorat borligi, azal-azaldan xalqimiz har bir qiyinchilikni sabr bilan yengan, mard, vatanparvar oʻgʻlonlarning el-yurt xizmatiga doimo shay ekanligi uzoq va yaqin oʻtmishda boʻlib oʻtgan voqea-hodisalar misolida aytib oʻtildi.

– Vatanparvar boʻlish uchun harbiy sohada faoliyat olib borish shart emas, — deydi raisi X.Saʼdullayev.– Har bir kishi oʻz kasbining yetuk mutaxassisi boʻlsa va, albatta, uning bu saʼy-harakatlaridan el-yurtga, xalqqa foyda tegsa, Vatan taraqqiyoti yoʻlida oʻzining munosib hissasini qoʻshgan haqiqiy vatanparvar boʻladi.

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari faxriylar yeengashi tomonidan Andijon, Sariosiyo, Uzun voqealarida jasorat koʻrsatib, mardlarcha halok boʻlgan yurtdoshlarimiz xotirasiga bagʻishlangan video rolik namoyish etildi.

Samimiy va doʻstona muloqot tarzida oʻtkazilgan uchrashuv yakunida talaba-yoshlar tadbirdan olgan oʻz xulosalarini tengdoshlari bilan boʻlishdi. Vatanparvarlik oyligi doirasida tashkil etilgan “Vatanimga xizmat qilaman!” shiori ostidagi “heshteg”da ham talaba yoshlar faol ishtirok etishmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligiga hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga bagʻishlangan vatanparvarlik oyligi doirasidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar davom etmoqda.

Dilshoda Olimova, OʻzJOKU talabasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?