Vatanparvarlik — Hayotimizning maʼnaviy asosi

12:09 16 Avgust 2019 Jamiyat
111 0

Marralar qanchalik baland olinmasin, loyihalar nechogʻli istiqbolli boʻlmasin, Vatanni sevadigan, chin yurakdan mehnat qiladigan fidoyi insonlarsiz ularni amalga oshirish imkonsiz.

Har bir qalbda oʻz xalqining jajji qiyofasi yashaydi, deb yozgan edi taniqli nemis adibi Gustav Freytag. Vatanga muhabbatning asl boisi shudir ehtimol?!

Bugun odamlar koʻngliga yoʻl topish, ularning dardu tashvishlariga quloq tutish, muammolariga yechim izlashga qaratilgan ulugʻvor ishlar haqida koʻp gapirish mumkin. Xoʻsh, ana shu ezguliklar, xayrli tashabbuslar qayerdan quvvat olmoqda? Albatta, koʻngildan! Vatanga, xalqqa daxldorlik hissidan!“Elga qoʻshulgʻon esh topti”, deb bejiz aytmagan Hazrat Navoiy.

Keyingi uch yil davomida Oʻzbekistonda roʻy bergan, berayotgan yangilanishlar shiddati dunyo hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotdi. Oʻz navbatida, erishilayotgan natijalar yuksak darajada eʼtirof etilyapti ham. Chunki islohotlar kirib bormagan soha qolmadi hisob. Shaharu qishloqlar qiyofasiga qoʻshilib, odamlar tafakkuri, dunyoqarashi, hayot tarzi ham oʻzgarmoqda. Eng muhimi, xalqimiz bugun olib borilayotgan siyosat mazmun-mohiyatini tushunib yetdi. Daxldorlik tuygʻusi kuchaydi. Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari boryapmiz. Shuning uchun ham oʻzgarishlarga, ozmi-koʻpmi hissam qoʻshilsin, deya yeng shimarib, ishga kirishganlar kam emas.

Albatta, marralar qanchalik baland olinmasin, loyihalar nechogʻli istiqbolli boʻlmasin, Vatanni sevadigan, chin yurakdan mehnat qiladigan fidoyi insonlarsiz ularni amalga oshirib boʻlmaydi. Shukrki, bu borada ham maqtansa arzigulik misollarimiz koʻp. Chinakam vatanparvarlarimiz safi juda keng! Quyida ulardan ayrimlarining ibratli hayoti va xayrli ishlari haqida soʻz yuritamiz.

Muallima pulini qayerga sarfladi?

Faridaxon Mamatisaqova — Andijon viloyatining Shahrixon tumanidan. Fidoyi muallima. Kamtarona hayot kechiradi. Maktabdagi hamkasblari qatori oylik maoshi bilan roʻzgʻor tebratadi. Ammo uning koʻpchilikdan ajralib turadigan bir jihati bor: yuragi Vatan ishqiga limmo-lim. Odamlarga yaxshilik qilsam, qishloqdoshlarimga yanayam koʻproq nafim tegsa, deydi.

Faridaxon opa yaqinda bir ezgu ishga qoʻl urdi. Har oy maoshidan 100 ming soʻm orttirib, sandiqqa tashlab qoʻyishni odat qilgan ekan. Bisotini kavlab, bundoq sanab koʻrsa, moʻmaygina pul yigʻilibdi. Sarflayman desa, tashvishi, orzu-havasi kammi? Opaxon esa bunday yoʻl tutmadi. Shogirdlari taqdirini, kelajagini oʻyladi. Oʻzi istiqomat qilayotgan Qalmoq mahallasida moʻjazgina kutubxona barpo etdi. Ichini oʻz javonidagi va homiylar tuhfa etgan turli adabiyotlarga toʻldirdi. Ammo bu bilan koʻngli taskin topmadi. Kutubxona-ku bor, endi kitob oʻqiydiganlar sonini koʻpaytirish kerak. Bu borada bolalarni ragʻbatlantirishni ham yoʻlga qoʻydi. Yaʼni 5 ta kitob oʻqigan oʻquvchiga 1 kitob sovgʻa qilyapti. Bu usul ish berdi. Bugun ustozningkutubxonasidan oʻquvchilar arimaydi. 2000 dan ziyod adabiyotlar qoʻlma-qoʻl boʻlib oʻqilyapti.

Saxovat ham ibodatdir

Haj ziyorati — islomning besh arkonidan biri. Bunday saodatga erishganlar safi yurtimizda yildan-yilga kengayib bormoqda.

Rishtonlik Izroba Usmonova ham shunday ulugʻ niyatni diliga tukkan edi. 2013-yildan ayni kungacha haj safari uchun 20 million soʻmdan ziyod mablagʻ yigʻdi. Ammo, taqdir ekan, ­navbati kelganida toʻsatdan betob boʻlib qoldi. Jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishiga toʻgʻri keldi. Shifokorlar bu ahvolda haj ziyoratiga borishiga izn berishmadi. Shunda ­Izroba Usmonova haj xarajati uchun yiqqan mablagʻini kam taʼminlangan, eʼtiborga muhtoj, boquvchisini yoʻqotgan oilalarga boʻlib berdi.

— Hozir salomatligim joyida, — deydi onaxon. — Garchi haj ibodatini ado etish nasib qilmagan boʻlsa-da, koʻnglim togʻdek baland. Hozir meni rishtonliklar “Hoji ona” deb chaqirishyapti...

Muqaddas rishta

Prezidentimiz Moʻynoq tumaniga tashrifi chogʻida “Orol fojiasidan eng koʻp zarar koʻrgan asli shu — Moʻynoq aholisi. Ularning sabr-qanoati, vatanparvarligi, mehnatkashligi uchun rahmat aytishimiz, shunga munosib xizmat qilishimiz kerak”, deya hammaning dilidagi gapni aytgandi.

Chindan ham, bu zaminda shunchaki kun oʻtkazishning oʻzi katta mashaqqat. Ulkan dengiz avvalgi qirgʻogʻidan 100 kilometr narida!Tubida hosil boʻlgan Orolqum maydoni roppa-rosa 5,5 million gektar! Dengizning bir litr suvi tarkibida 150 — 300 grammgacha tuz bor. Bu yerda ilgari mavjud boʻlgan 38 turdagi baliqlar qirilib ketgan. Zamindan har yili shamol yuz million tonnagacha qum va tuzni koʻtarib, ­yuzlab kilometrga uchiradi. Moʻynoqliklar ana shunday havodan nafas oladi.

Ayni sababdan Orolboʻyi ahli tumanda Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan keng koʻlamli obodonlashtirish, bunyodkorlik va koʻkalamzorlashtirish ishlarini katta shodu hurramlik bilan qarshi oldi. Qishning qahratonida, izgʻirin sovuqda qoʻliga ketmon, belkurak koʻtarib, hasharchilarga koʻmakka otlandi.

Ulfat Qalabayev — shulardan biri. Moʻynoq davlat oʻrmon xoʻjaligi traktorchisi. U shu yerda tugʻilib-oʻsgan. Tumandagi ekologik jarayonlar doimo koʻz oʻngida kechgan.

— Bolaligimizda dengiz atrofida hosil boʻlgan koʻllarda baliq ovlardik, — deydi u. — Bora-bora oʻsha havzalar ham qurib-bitdi. Turmush kechirish qiyinlashdi. Biroq bu zamin— tugʻilgan makonim, Vatanim! Qandaydir bir koʻrinmas va muqaddas rishta meni Moʻynoqdan qoʻyib yubormaydi. Shuning uchun ham ­Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Orol dengizining qurigan tubida amalga oshirilgan olamshumul ishlarda faol ishtirok etdim. Jamoamiz bilan saksovul ekishga jon-jahdimiz bilan kirishdik. Hatto qishning qirovli kunlarida ham ishni aslo susaytirmadik. Hozir 20 gektar maydonda koʻchatxona barpo etganmiz. Bu yerda saksovul nihollarini oʻstiryapmiz. Ularni ham nasib boʻlsa, Orolqum bagʻriga qadaymiz.

Ulfat ogʻa — oilaparvar. Turmush oʻrtogʻi bilan bir oʻgʻil, bir qizni ­voyaga yetkazyapti. Qahramonimizning maqsadi ezgu: farzandlari kelgusida yashillikka burkangan Moʻynoq zaminida hayotdan zavq olib yashasin.

“U — men uchun qahramon”

Yaqinda boʻlib oʻtgan voqea koʻpchilikning insoniy tuygʻularini junbushga keltirdi. Shifokor Sergey Vladimirovich Tobias ota-onasi tomonidan klinik oʻlim holatida olib kelingan ikki yoshli bolakayning hayotini saqlab qoldi. Poytaxtimizdagi xususiy shifoxonalardan birida sodir boʻlgan ushbu voqea tasvirlangan video turli saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Mazkur materiallarga yurtdoshlarimiz shifokorning professional va insoniy saʼy-harakatlarini alohida eʼtirof etib, yuzlab fikr-mulohazalar qoldirdilar.

Klinik oʻlim organizmning asosiy hayot faoliyati — qon aylanishi, nafas olishi toʻxtagan vaqtidan boshlanib, bosh miya poʻstlogʻi hujayralarining nobud boʻlishigacha davom etadi. Reanimatsiya tadbirlari oʻz vaqtida va yuksak mahorat bilan oʻtkazilgandagina bosh miya poʻstlogʻi ­faoliyati tiklanishi mumkin. ­Eʼtiborlisi, bu ish 5-6 daqiqa ­ichida amalga oshirilishi kerak.

Darhaqiqat, klinik oʻlim holatidagi insonning yana hayotga qaytishi Yaratganning inoyati bilan yuz beradigan, soʻz bilan taʼriflab boʻlmas voqelik. Shu bilan birga, shunday ulugʻ, ilohiy bir ishga sababchi boʻlish kishidan katta jasorat, fidoyilik, oʻz kasbini sevish, yuksak insonparvarlik talab etadi.

Voqea qahramoni Sergey Tobias ana shunday fazilatlarni oʻzida mujassam etgan inson ekanini hayotda isbotladi. U, garchi reanimatolog boʻlmasa ham, masʼuliyatli bir pallada kasb mahoratini namoyish qildi.

Qayd etish kerakki, ushbu voqeadan soʻng bemor 3-bolalar klinik shifoxonasiga tez yordam mashinasida shifokor koʻrigi ostida yuborilgan. Ushbu shifoxonada barcha muolajalar amalga oshirilgan.

— Farzandimni qutqarib qolgan shifokordan juda minnatdorman, — ­deydi bolakayning otasi Dilshod Razzoqov. — Ota sifatida uning bu fidoyiligini hech narsaga qiyoslay olmayman. U men uchun haqiqiy qahramon.

Aytish joizki, shifokorning bu fidoyiligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan alohida eʼtirof etildi. U “Sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Shu yurt — hammamizniki!

Loqaydlik — illat. Hamjihatlikda esa hikmat koʻp. Xoʻsh, odamlarni nima birlashtiradi? Ezgu maqsad! Umummanfaat! Bugun Vatanni obod qilish yoʻlidagi chaqiriqlarga yurtdoshlarimiz nima uchun bir ovozdan “Labbay” deb javob qaytarishmoqda? Chunki yurtning buguni, kelajagi hammaga daxldor.

— Qishlogʻimizga Zomin tumanidan toza ichimlik suvi keltirilmoqda, — deydi Xovos tumanidagi “Qayirma” mahalla fuqarolar yigʻini raisi ­Najmiddin Joʻrayev. —Suv tarmogʻining hududimizdagi qismi bir necha kilometrni tashkil etadi. Quvurlar yotqizilgach, mahallamiz ahli qarab turmadi, vijdon amri bilan xayrli ishga bosh qoʻshdi. Tarmoqni koʻmish ishlarida quruvchilarga yordam berib yuborishdi. Yaʼni har bir oila oʻz uyi atrofidan oʻtgan quvurlarni yopib, bu bilan qurilishni tezlatishga oʻz hissasini qoʻshdi. Rosti, buning uchun hech bir koʻrsatma ham, topshiriq ham berilgani yoʻq. Gap shundaki, endi odamlar hammasini davlat qilib berishi kerak, degan eski tushuncha oʻrniga shu yurt, shu Vatan hammamizniki, degan ezgu gʻoya bilan yashashga oʻrganishdi. Qolaversa, aholimiz tabiiy gaz tarmogʻini tortishga ham baholi qudrat yordam berdi.

Yana bir gap. Yaqinda Bekobod tumanilik bir saxovatpesha inson mahallamizda yashovchi kam taʼminlangan oilaga 4 xonali uy qurib berdi. Bu xayrli ishga qishlogʻimiz ahli ham bosh qoʻshdi. Bularning barchasi nimadan dalolat beradi? Toʻgʻri yoʻldan borayotganimizdan!

Eng buyuk jasorat namunalari qanday yuzaga kelganini bilasizmi? Mashhur fransuz faylasufi Jan-Jak Russoning fikricha, Vatanga muhabbat tufayli! Bu tuygʻuning hayotbaxsh kuchi esa — yaratuvchanlik!

Zamonaviy Oʻzbekistonning yangi davrini ham ana shunday xislatu fazilatlar sohiblari — fidoyi va vatanparvar yurtdoshlarimiz yaratmoqda. Binobarin, barchamizning dilimizdagi maqsadu muddao mushtarak — Oʻzbekistonimiz eng baxtiyor insonlar mamlakatiga aylansin!

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?