Vatanparvarlar bogʻida urush manzaralari aks etdi

11:10 07 May 2019 Jamiyat
492 0

Qarshi shahridagi Vatanparvarlar bogʻida 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyati hokimligi va Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi tomonidan tadbir tashkil etildi.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, turli davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbirda oʻz yurtini fashizm bosqindan himoya qilgan, uning erkinligi va daxlsizligi uchun kurashgan qahramonlar, qonli urush janggohlarida halok boʻlgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yodga olindi.

Unda soʻzga chiqqan Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Roʻziyev olovli janggohlardan omon qaytib, urushdan keyingi ogʻir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli sinovlarda oʻzligini yoʻqotmagan, iymoni butun ajdodlarimizga mehr-oqibat koʻrsatish tom maʼnoda milliy qadriyatga aylanganini taʼkidladi. Viloyatda ikkinchi jahon urushi va front ortida mehnat qilgan faxriylar, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila aʼzolari doimiy moddiy va maʼnaviy eʼtiborda boʻlmoqda.

Tadbir ishtirokchilari yaqinda barpo qilingan “Vatanparvarlar bogʻi”da oʻz ifodasini topgan harbiy okop, uning ichidagi aloqa texnikalari, qurol-yarogʻlar, harbiy texnika, sharqona uslubdagi muzey, mamlakatimiz harbiy tarixiga oid buyumlar, rasmlardan iborat eksponatlar bilan tanishdilar.

-Vatanparvarlar bogʻidagi harbiy texnikalar, okopdagi urush davrini eslatuvchi manzaralar men uchun juda tanish, -deydi Qarshi tumanilik ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ochil Toshev. – Bu yerda tashkil etilgan plendaj urush xotiralarini yodga soladi. Albatta, yoshlarimiz mana shunday tinchlik zamonining qadriga yetishi uchun ham ularni koʻrsin, lekin hech qachon urush koʻrmasin!

A. Muhammadiyev


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?