“Vatanparvarlar bogʻi” yoshlarimizni yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi

01:39 14 Yanvar 2019 Jamiyat
680 0

Muallif olgan surat.

Qarshi shahrida bunyod etilayotgan “Vatanparvarlar bogʻi” aholining Qurolli Kuchlarimiz haqidagi tasavvurini yanada boyitadigan, ayniqsa, yoshlarda harbiylik kasbiga havas uygʻotadigan, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan maskanga aylanmoqda.

Ayni paytda bu yerda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni oldidan qator tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Umumiy maydoni 7 gektardan ziyod boʻlgan bogʻ qurilish loyihasi va dizayni, qulayliklari jihatidan mamlakatimizdagi boshqa istirohat maskanlaridan mutlaqo farq qiladi. Unda Mudofaa vazirligi tomonidan taqdim etilgan harbiy texnika va samolyotlar namunalari eksponat sifatida joylashtirilgan. Yoʻlaklar boʻylab yurar ekansiz, Qurolli Kuchlarimizda mavjud qudratli harbiy texnikalar, samolyot va vertolyotlar, tank, bronetransportyorlar eʼtiborni tortadi. Ularni yaqindan tomosha qilish, texnik imkoniyatlari, boshqaruv usullari bilan tanishish mumkin.

Muallif olgan surat.

Bogʻ loyihasida yoshlarda harbiy kasbga qiziqishni orttiradigan harbiy-taktik oʻyinlar oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, harbiy amaliyotlar vaqtida foydalaniladigan harbiy handaq, unga joylashtirilgan aloqa vositalari, qurol-yarogʻlar kishida harbiy amaliyot maydoniga oid tasavvurlarni gavdalantiradi.

— “Vatanparvarlar bogʻi”dagi sayrimiz juda mazmunli, unutilmas taassurotlarga boy kechdi, — deydi qarshilik Jasur Jalilov. — Barcha harbiy texnikalarni tomosha qildik. Shahrimizda ana shunday ajoyib maskan barpo etilayotganidan juda mamnunmiz.

Muallif olgan surat.

— Harbiy sohaga bolalikdan qiziqishim baland. Shu bois litseyimizda faoliyat koʻrsatayotgan harbiylashgan maxsus guruhga aʼzo boʻlganman, — deydi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti qoshidagi akademik litsey oʻquvchisi Siroj Mamatqulov. — Bogʻdagi harbiy texnikalarni katta qiziqish bilan tomosha qildim. Kelgusida yaxshi oʻqib, jismonan chiniqib, men ham, albatta, harbiy xizmatchi boʻlaman.

Bogʻda qad rostlagan sharqona uslubdagi muzey tashqi tomondan Amir Temur va undan keyingi davrlarda qurilgan saroy inshootlarini yodga soladi. Bino atrofidagi muhit ham tarixiy qiyofa kasb etib, ulugʻvor bino ichkarisida mamlakatimiz harbiy tarixiga oid buyumlar, rasmlardan iborat eksponatlarni tomosha qilish mumkin.

Hududda barpo etilgan ochiq suv havzasi ham oʻziga xos inshoot. Unga oʻrnatilgan favvoralar suvni 30 metrdan 50 metr balandlikkacha koʻtarib, ajib manzara hosil qiladi. Favvoralar atrofida esa harbiy qayiq va katerlarda sayohat qilish kishiga oʻzgacha zavq baxsh etadi.

Prezidentimiz yaqinda Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida “Vatanparvarlar bogʻi”ni borib koʻrdi va uni yanada zamonaviylashtirish, mavjud imkoniyatlar, innovatsion gʻoyalardan unumli foydalanish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Ayni paytda ana shu koʻrsatmalar asosida bunyodkorlik ishlari qizgʻin davom ettirilmoqda.

 

Ahad MUHAMMADIYEV,

“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?