Vatanparvar, fidoyi diplomatlar safi kengayadi

11:00 22 Iyun 2018 Jamiyat
342 0
Foto: uznews.uz

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishdagi nutqida diplomat kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishni davrning o‘zi taqozo etayotgani, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘z kasbiga sadoqatli hamda professional yosh kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazifalarni to‘laqonli bajarmayotgani haqida kuyunchaklik bilan to‘xtalgan edi. Bu bejiz emas, albatta.

Binobarin, dunyo siyosatining tartib-taomillari kun sayin o‘zgarib borayotgan bugungi shiddatli zamon O‘zbekiston diplomatlari oldiga nafaqat ma’lum bir masalalar yuzasidan kelishuvlarga erishish, balki o‘z davlatining ham iqtisodiy, ham geosiyosiy manfaatlarini ilgari surib, undan yurtiga maksimal foyda keltirish kabi o‘ta muhim va murakkab vazifalarni qo‘ymoqda.

Shu kungacha mamlakat tashqi siyosatida faoliyat olib boradigan kadrlar 1992 yilda tashkil etilgan hamda alohida nufuzga ega bo‘lgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tayyorlanar edi. Ochig‘ini aytish kerak, yaqin vaqtgacha bu yerga o‘qishga kirish ham, uni bitirish ham ancha murakkab edi. Ta’lim jarayonlari xalqaro talab hamda standartlarga moslashtirilgan mazkur universitet diplomini qo‘lga kiritish esa har bir yosh uchun yangi istiqbollarni ochardi.

Lekin mamlakatni jadal rivojlantirish jarayonidagi talablar chet davlatlarda O‘zbekiston nomidan gapiradigan va munosib ish olib boradigan diplomatlarning yangi avlodini tarbiyalash vazifasini dolzarb qilib qo‘ydi.

Prezidentimizning “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ustuvor vazifalarni hal etishga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir.

Qaror o‘z mohiyatiga ko‘ra, xalqaro munosabatlar sohasidagi mutaxassislar hamda diplomatik boshqaruv kadrlarini tanlash tizimining samaradorligini tubdan oshirish, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash masalalarini kompleks tarzda yangicha shakl va mazmunda tashkillashtirishga xizmat qiladigan muhim hujjat bo‘ldi.

— Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti yillar davomida o‘ziga yarasha tajribaga ega bo‘ldi, malakali hamda bilimli mutaxassislarni tayyorladi, — deydi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Abdujabbor Abduvohidov. — Lekin zamon o‘zgardi, yangi dasturlar, yangi talablar yuzaga keldi. Bularni amalga oshirish hamda dunyo bilan hamohang tarzda mamlakatimiz nufuzini yangi pog‘onaga olib chiqish uchun ishni tizimli tashkil etsak, biz yanada istiqbolli va kuchli mutaxassislarni tayyorlaymiz.

Mazkur hujjatga muvofiq, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida yangi fakultetlar ish boshlab, ularda xalqaro iqtisodiyot hamda menejment, xalqaro munosabatlar va siyosiy fanlar, xalqaro ommaviy hamda xususiy huquq, gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati bo‘yicha yetuk bilimli mutaxassislar tayyorlanadi.

Universitetning asosiy vazifalari hamda faoliyat yo‘nalishi ham o‘zgarmoqda. Endilikda ushbu ta’lim muassasasi tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy faoliyat sohasidagi mutaxassislarni tayyorlashning yuqori sifatini ta’minlash, o‘quv-reja, dasturlar mazmuni hamda ta’lim jarayonining amaliyotga yo‘naltirilganligini yanada oshirish, doimiy yangilanib turadigan istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish amaliy tizimini yaratish, xalqaro munosabatlar rivoji istiqbollarini bashorat qilishga yo‘naltirilgan fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar samaradorligini tubdan oshirish bilan shug‘ullanadi.

Ta’lim dargohi faoliyatidagi yana bir tarkibiy o‘zgarish shundan iboratki, universitetning Boshqaruv instituti va Diplomatik kurslari bekor qilinib, uning o‘rnida Oliy diplomatiya maktabi tashkil etiladi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori Matyoqub Baqoyevning ta’kidlashicha, mazkur Oliy maktab Tashqi ishlar vazirligi tizimida ishlaydigan har bir xodimning davriy ravishda malakasini oshirib boradi. Shuningdek, bu yerda xalqaro munosabatlar yo‘nalishida boshqa oliy ta’lim muassasalari ilmiy-pedagog kadrlarining malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash bo‘yicha doimiy kurslar ish yuritadi. Shu bilan birga, Oliy maktab to‘lov-kontrakt asosida biznes boshqaruvi dasturi bo‘yicha magistrlar tayyorlashning yillik tayyorlov kursini ham ochadi.

Qarorga binoan, 2018 yil 1 sentyabrdan e’tiboran Oliy maktabda tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy faoliyatga jalb qilingan vazirlik hamda idoralarning ma’muriy va boshqaruv xodimlari, shuningdek, davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari, hokimliklar, tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi vazifalarni bajarish bilan bog‘liq rahbar lavozimlariga zaxira sifatida jalb etilgan, O‘zbekistonning xorijiy idoralari hamda xalqaro tashkilotlarning ma’muriy-texnik lavozimlariga tayinlangan xodimlar, xalqaro munosabatlar va siyosiy fanlar, xalqaro iqtisodiyot hamda menejment, xalqaro ommabop va xususiy huquq, gid hamrohligi hamda tarjimonlik faoliyati sohasidagi oliy ta’lim muassasalarining pedagog kadrlari har uch yilda bir marta majburiy malaka oshiradigan bo‘ldilar.

Bundan tashqari, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab universitetga qabul tartiblari ham o‘zgarmoqda. Gap shundaki, avvalo, universitetda bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim muddati yangi o‘quv yilidan e’tiboran to‘rt yil qilib belgilanyapti. O‘qishga qabul qilish chet tili, matematika, tarix, ona tili va adabiyot fanlaridan test sinovlari topshirish asosida amalga oshiriladi.

— Universitetga qabul jarayoniga dastlabki imtihon mexanizmi joriy etilmoqda, — deydi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti katta o‘qituvchisi Akram Umarov. — Bunda abituriyentlarning mantiqiy fikrlashi, dunyoqarashi, til bilish ko‘nikmalari, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik darajasiga jiddiy e’tibor qaratiladi. Mazkur tizim ushbu sohani egallamoqchi bo‘lgan abituriyentlar orasidan eng kuchlilarini saralab olish imkonini beradi. Yana bir muhim jihati shundaki, dastlabki imtihondan o‘ta olmagan abituriyentlar boshqa oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishlari mumkin bo‘ladi.

Magistratura yo‘nalishiga esa ta’lim muddati — ishlab chiqarishdan ajralgan holda bir yil, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda esa ikki yil qilib belgilanmoqda. Bundan tashqari, universitetda qabul kvotalari ham o‘zgaradi. 2018/2019 o‘quv yili uchun bakalavriatga jami 150 nafar (shu jumladan, davlat granti asosida 30 ta), magistraturaga 50 nafar (shu jumladan, davlat granti bo‘yicha 10 nafar) talaba qabul qilinadigan bo‘ldi.

Qaror bilan mustahkamlangan yana bir yangilik. Endilikda universitet tarkibida Xalqaro iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi hamda Xalqaro-huquqiy tadqiqotlar va qiyosiy ommaviy huquq markazi tashkil etiladi.

Qisqacha aytganda, mazkur hujjat bilan O‘zbekiston diplomatlarini tayyorlaydigan oliy dargohning maqomi ham, yo‘nalish hamda vazifalari ham, kadrlarni o‘qitish uslubi ham tubdan o‘zgaradi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa ona tilimiz, boy tariximiz, madaniyatimiz va qadriyatlarimizni mukammal biladigan chinakam vatanparvar diplomatlar safini shakllantirishdan iboratdir. Zero, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda “...diplomatiya, diplomatlik — oddiy kasb emas, balki insondan juda ko‘p fazilatlarni talab etadigan noyob san’atdir. Haqiqiy diplomat bo‘lish uchun faqat bilim va tajriba, chet tillarni bilish yetarli emas, buning uchun avvalo tug‘ma talant kerak. Eng muhimi, diplomat haqiqiy vatanparvar bo‘lishi, o‘z xalqi, o‘z yurtining chinakam fidoyisi bo‘lishi zarur”.
Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia
markazi materiallari asosida
Rahim SHЕRQULOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?