Vatanimiz kunchiqaridan kunbotarigacha piyoda sayohatga chiqqan yigit 24 soatlik uzluksiz yurishini bugun Jizzaxda tugatdi. Natija – 82 kilometr

15:26 08 Avgust 2019 Jamiyat
254 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Xabar berganimizdek, Andijon viloyatidagi Xonobod shahridan Moʻynoqqacha piyoda sayohat loyihasini har kuni 35-40 kilometr yoʻl bosib, soʻngra keragicha hordiq chiqarish tartibida amalga oshirayotgan Sohib Radjabov kecha dam olmasdan, uzluksiz 24 soat yurishga qaror qilgan edi.

U bu rejasini orqasiga deyarli 15 kilolik yuk sumkasini osgan holda 7-avgust kuni soat 11.15 da Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi “Qovun bozori” dan boshlab bugun - 8-avgustning ayni vaqtida Jizzaxda yakunladi.

Muxlislari uning harakatini GPS navigatordan sayohatchining telegramm kanaliga uzatilayotgan maʼlumotlar orqali kuzatib bordilar. Shu bilan birga yuzlab yurtdoshlarimiz onlayn va yoʻl-yoʻlakay uchratgan tarzda qoʻllab-quvvatlab turdilar.Hatto sayohati davomida tanishgan va allaqachon uning yaqin doʻstlariga aylangan tibbiyot muassasalaridan birining shifokorlari uzoqdan boʻlsa-da sogʻligʻini nazorat qilib bordilar.

“Jizzaxda meni izzat-ikrom bilan kutib olishdi. Quvontirgani,soʻnggi kilometrlarda hamrohlik qilganlar ham boʻldi. Bu eʼtibordan bir kecha-kunduzgi toʻxtovsiz yurishdan paydo boʻlgan toliqishlarim yoʻqoldi, oxirgi soatlar va daqiqalarda yangidan kuch-quvvat olgandek boʻldim. Hamma, hammaga rahmat! ”deydi telefon orqali Sohibjon.

Sayohatchi yurtdoshimizning xabar berishicha, Jizzax shahrida bir muddat boʻlib dam olgach, yana yoʻlga otlanadi. Uzoq Moʻynoq sari harakatda davom etadi.

U ushbu sayohati orqali Oʻzbekistonimizning turizm uchun juda jozibali mamlakat va xalqimizning mehmondoʻst ekanligini ifoda etishni oʻz oldiga asosiy maqsad qilib qoʻygan.

Maʼlumot uchun. Sohib Radjabov- 1989-yilda Samarqand shahrida tugʻilgan, hozir Toshkent shahrida yashaydi. Turon milliy kurashi boʻyicha xalqaro sport ustasi,trener.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?