Vatanimiz kelajagi uchun masʼulmiz

13:11 18 Fevral 2019 Jamiyat
368 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi aʼzolariga Murojaatnomasini keng jamoatchiligimiz qatori biz, yoshlar katta qiziqish va hayajon bilan tingladik.

Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati izchil amalga oshirilarkan, bundan koʻzlangan pirovard maqsad – har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash, ular kelajagini taʼminlashdan iboratdir.Prezidentimiz oʻz maʼruzasida ilm-fan, zamonaviy va uzluksiz taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga toʻxtatilib, taʼlim sohasidagi davlat siyosati uzluksiz taʼlim tizimi prinsipiga asoslanishini, taʼlim bogʻchadan boshlanishi va butun umr davom etishi lozimligini taʼkidladilar. Qayd etilganidek, rivojlangan mamlakatlarda bola 3 yoshdan 22 yoshga toʻlgunga qadar davrda uning tarbiyasiga sarmoya yoʻnaltiriladi. Ana shu sarmoya jamiyatga 15-17 barobar miqdorda foyda keltiradi.

Inson kapitaliga eʼtiborni kuchaytirgan mamlakat esa shubhasiz yuksalish va taraqqiyot sari ildam odimlaydi. Ana shunday ezgu maqsadlarni koʻzlab yurtimizda “Yoshlar - kelajagimiz” davlat dasturi qabul qilinib, hayotga tatbiq etilayotir. Birgina Surxondaryo viloyatida ushbu dasturga binoan 308 nafar yigit-qizlarning istiqbolli loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun 28 milliard 708 million soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻi ajratildi. Natijada yangidan-yangi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish tarmoqlari ishga tushirildi. Yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Murojaatnomadagi quyidagi soʻzlar bizni nihoyatda ruhlantirdi: “ Biz bugun koʻp millatli xalqimizga, barchamizning umidimiz va suyanchimiz boʻlgan yoshlarimizga ishonib, marrani katta olmoqdamiz”. Yosh avlod kamoloti, yorugʻ kelajagini koʻzlab belgilanayotgan ulugʻvor maqsadlarga biz, yoshlar labbay deb, javob berishga hamisha tayyormiz. Zero, bu ulugʻ va muqaddas Vatan bizniki, uning kelajagini taʼminlash eng oliy maqsad-muddaomizdir.

Sherzod Olimov, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyat kengashi raisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?