Vatanga baxshida umr yoxud “Oʻzbekiston Qahramoni” Lolaxon Murotovaning portretig chizgilar

10:48 30 Avgust 2019 Jamiyat
368 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oltiariq tumani “Nurli obod” fermer xoʻjaligi boshligʻi Lolaxon Murotovaga “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berish haqida”gi Farmoni opani tanigan-bilganlarnigina emas, barcha fargʻonaliklarni cheksiz quvontirib yubordi. Hammaning dilida va tilida bir soʻz:

— Munosib insonga munosib mukofot!

Lola opa yaqinlari, hamyurtlari va maslakdoshlari, tuman, viloyat rahbarlarining tabriklari qurshovida oʻzigagina xos soddalik hamda kamtarlik bilan minnatdorchilik bildirdi:

— Meni ardoqlagan xalqimga, Prezidentimga rahmat!

... Lolaxon oddiy dehqon oilasidagi ikkinchi farzand edi. Akasi Nabijon ota-onasi izidan borib dehqonchilikka mehr qoʻydi. Hali maktab oʻquvchisi boʻlsa-da, Lolaxon dam otasi, dam onasi bilan dalaga chiqar, yerni ekishga tayyorlashdan to paxta terib olinguncha ular yonidan ketmas edi. Otasi Neʼmatjon aka xoʻjalikda muhandis uchunmi, hali u, hali bu traktorni haydab koʻrar, texnikaga shaydolik paydo boʻlgandi, unda. Qiz bolaga mexanizatorlik ogʻirlik qiladi, degan nasihatlarga quloq solmadi. Maktabni tugallaboq mexanizatorlikka oʻqidi.

— Birinchi bor traktorga oʻtirganimda qoʻllarim qaltirar edi. Biron koʻchatga zarar yetkazmay deb oxista haydardim, keyin baribir otam kabinaga chiqib yonimga oʻtirdi, — deb eslaydi Lola Murodova.

— Texnikani boʻysundirish oʻzingga boʻlgan ishonchga bogʻliq, endi aslo ikkilanma, — degan edi otam oʻshanda. — Shu-shu men boshqarmagan texnika qolmadi. Ekdim, ishlov berdim, paxta terdim, yer haydadim...

Oʻshanda, 1977-yilda yosh qizning traktor haydayotganini koʻrgani qoʻshni tumanlardan ham tengqurlari kelar, shogirdlikka olishlarini soʻrardilar.

Lolaxon mexanizatorlik yillari qishloq xoʻjaligining barcha past-balandligini koʻrdi. Hatto ishi yoʻq kunlari ham daladan beri kelmasdi. Nega bu maydonga 90 sxemada-yu, bunisiga qoʻshqator ekilyapti, nega chigit navlari turlicha, tunda sharbatlab sugʻorishning nafi nimada... U xoʻjalik mutaxassislarini holi-joniga qoʻymasdi. Bir kun xoʻjalik rahbari undagi ishtiyoq, mehnatsevarlik va yerga boʻlgan mehrni koʻrib,

— Pudratchi boʻlasanmi, — deb soʻrab qoldi. — Oʻzing ekasan, oʻzing ishlov berasan, oʻzing terib davlatga sotasan. 50 gektar yer ajratamiz.

Lolaxon bunday taklifdan quvonib ketsa-da, hayajonini bosolmasdi. Chunki masʼuliyat katta. Axir pudratchining atrofida unga ishonib birga ishlaydiganlar ham boʻladi. Ularning tirikchiligi pudrat natijalariga bogʻliq.

Qatʼiylik unga bolaligidan “yuqqan”. Taklifni qabul qildi. U mexanizator boʻlib yurgan yillari toʻplagan tajribasi, oʻylab qoʻygan uslublarini mana endi hayotda qoʻllash imkoni keldi. Yoniga oʻziga oʻxshagan yosh yigit-qizlarni toʻplab, astoydil ishga kirishdi.

— Oʻsha, birinchi yili rosa qiyin boʻlgan. Bahor yomgʻirli keldi. Ekish muddatlari ortga surildi. Natijada chigitning bir qismi chirib ketdi. May oyining oʻrtalarida yana qaytadan ekdik, chala joylarga, — deb eslaydi Lolaxon. — Koʻzimga uyqu kelmasdi. Bunday paytda takror va takror ishlov berish kerak yerga. Shunday qilay desam, yonilgʻi limiti degan gap chiqdi. Daromaddan qoplaymiz qoʻshimcha xarajatni, dedimu oʻzim traktor ruliga oʻtirib daladan chiqmadim. Yerning zaxi koʻtarildi. Tuproq quyosh nuridan quvvat oldi. Keyin gʻoʻzalar birdan koʻtarilib ketdi. Mineral oʻgʻit bilan birga sharbatga urgʻu berdik. Biomaterialni ayamadik. Bir vaqt gullar shigʻil koʻrakka aylandi. Ishonsangiz gʻoʻza qatorlarini varaqlar ekanmiz, har bir tup, undagi har bir koʻsakni taniydigan boʻldik. Dala shiyponi uyimiz boʻldi. Nihoyat xoʻjalikda birinchi boʻlib va eng yuqori hosildorlik bilan majburiyatlarni ham ado etdik. Biz bildikki, iroda bilan qilinadigan mehnat va agrotexnikadagi qatʼiylik, albatta, ijobiy natija berar ekan.

Pudratchi Lolaxon Murotovaning nomi uning erishgan yutuqlari tufayli tez tilga tushdi. Endi uni tumanda oʻtadigan yigʻinlarga taklif qilishadigan, hurmat koʻrsatib soʻz berishadigan boʻlishdi. Ammo Lolaxon bulardan gʻururlanib ketmadi. Bir gektardan 40-50 sentner hosil olish uchun koʻchat soni qancha boʻlishi kerak, sugʻorishda suv tejamkorligiga erishish uchun nima qilish lozim, tunda ham chigit eksa boʻladimi, xullas, shu kabi savollar unga tinchlik bermasdi.

— Ilgari erkimiz oʻzimizda emasdi. Mana bu navni ekasan, falon kundan boshlab ishlov berasan, falon paytda terimga tushish mumkin... Bu kabi cheklovlar aslida qishloq xoʻjaligiga putur yetkazardi. Dehqon yerning haqiqiy egasi boʻlolmadi. Hayriyatki, 2006-yilga kelib biz “Nurli obod” fermer xoʻjaligini tuzdik. Endi biz, dehqonlar tajriba va sharoitdan kelib chiqib, qachon nima qilishni oʻzimiz belgilar edik.

Lolaxon Murotovaga fermer hoʻjaligi uchun yer ajratilar ekan, aslida uni yana bir sinovdan oʻtkazishdi. “Nurli obod” fermer xoʻjaligiga Markaziy Fargʻona choʻllariga tutash, qumloq, zax, unumdorligi past maydonlar berildi. Lolaxon bu yerlarda dehqonchilik qilish mashaqqatlarini bilsada, rozi boʻldi.

Yana tinimsiz mehnat kutardi, uni. Avvalo, ekin maydonlarini qayta kartalashtirdi. Har bir maydon uchun tuproq tarkibidan kelib chiqib alohida “davolash” yoʻl xaritasini tuzdi. Kech kuz va qishda dehqon dam oladi odatda. Ammo Murotova fidoyi hamqishloqlari bilan na kunduzi, na kechasi tinim bilmadi. Pol oldi, shoʻr yuvdi, chuqur rixleniye qilinmagan karta qolmadi. “Tezob” yerlarni plyonka ostida chigit ekishga tayyorladi. Martning dastlabki kunlari urugʻ qadalgan kartalar ham bor edi uning fermer xoʻjaligida.

— Men paxta yetishtiruvchi Xitoy, Amerika, Hindiston, Misr kabi davlatlar tajribasi bilan qiziqdim, — deydi. Lolaxon hamkasblariga bir gal dalasida oʻtgan seminarda. — Nega ularda oʻrtacha hosildorlik yuqori? Biz qishloq xoʻjaligida innovatsion uslublarni qoʻrqmay joriy etishimiz zarur.

Fargʻona viloyati mamlakatning eng sanoatlashgan hududlaridan biri. Ammo qishloq xoʻjaligida dehqonchilik madaniyati yuqoriligi, ilgʻor uslublarni dadil qoʻllaydigan, yerning har bir qarichini qadrlaydigan, “tillasha” oladigan yetuk mutaxassislari borligi bilan ham mashhurdir. Davlatga don sotish rejasi mamlakatda birinchilar qatorida ortigʻi bilan bajarildi. Boshqa tumanlardagi paxta dalalarini koʻrib qaytgan Lola opaning fikricha, paxta xirmoni ham oshib-toshadi, hosil moʻl. Shubhasiz, bu ongli mehnat, ilmiy yondashuv natijasidir. Davlatimiz rahbarining Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida berilgan tavsiyalarni hayotga tatbiq etish, avvalo, hosildorlik yuksalishiga olib kelmoqda. Masalan, 2018-yilda viloyatda bitta paxtachilik klasteri tashkil etilgandi. U mamlakatda birinchi boʻlib rejani bajardi. Egalik va natijadan manfaatdorlik yangi klasterlarni shakllantirdi. 2019-yilda viloyatdagi 9 tuman qishloq xoʻjaligining shu ilgʻor usuliga oʻtdi. Klasterlar 40 ta chigit ekish, yerga ishlov berish texnik vositalarini sotib oldilar. Natijada birinchi chigit ekish oʻtgan yilga nisbatan 15 kun avval yakunlandi.

Rishton tumanida eng koʻpi bilan 15 sentner paxta hosili oladigan fermer xoʻjaligi bor edi. Innovatsion usul — tomchilatib sugʻorishga oʻtilgach bugungi abrabatsiya (baholash) har gektardan 41 sentnerdan paxta hosili yetishtirilganini koʻrsatmoqda.

Umuman, 2019-yilgacha tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish ishlari 3.7 ming gektardan ortiq maydonga, agatga qora plyonka yotqizib sugʻorish 4.0 ming gektarga, egiluvchan quvurlar bilan sugʻorish ishlari 10 ming gektardan ortiq maydonlarga joriy qilindi. Buning natijasida 120 mln.m3 suv iqtisod qilinyapti. Ishchi kuchi, texnika xizmatlarini 15-20 foiz kamaytirishga erishildi. Qolaversa, ilgʻor usulni qoʻllagan 12 ta fermerga 1,1 milliard sum subsidiya berildi. Sugʻorish nasoslari uchun elektr energiyasi bepul qilindi...

Lola Murotova jonkuyarligi kengroq maydonlarda yuqoridagi kabi yangiliklarni joriy etish, qishloq xoʻjaligini yangi, xalqaro bosqichlarga olib chiqish zarurligini bilganidan edi. Uning dalalarida tuman fermerlari ishtirokida gʻoʻzaning “Namangan-77” navini ekish, “Gʻoʻza abrabatsiyasi” va “Urugʻlik paxta yetishtirish”, “Mahalliy oʻgʻit jamgʻarish”, “Yerlarni chigit ekishga tayyorlash va ekish” va “Don ekish” mavzularida koʻrgazmali seminarlar oʻtkazilib kelinmoqda. 

“Nurli obod” fermer xoʻjaligining ekin maydoni 488,4 gektarni tashkil etib, hozirgi kunda 207 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Tajribali fermer yerlarning meliorativ holatini hamda tuproq unumdorligini yaxshilash maqsadida soʻnggi uch yilda 120 mln. soʻmlik melioratsiya ishlarini amalga oshirib, ekin maydonlarining ball bonitetini 41 balldan 50 ballga oshirishga erishgan.

2016 — 2018-yillarda xoʻjalikda 1764,6 tonna paxta va 6946,1 tonna gʻalla yetishtirilib, shartnoma majburiyatlari paxtachilik boʻyicha 120-130, gʻallachilikda 150-160 foizga bajarilgan.

— Bu yil gʻalladan oʻrtacha hosildorlik 80 sentnerdan oshdi, — deydi Lola Murotova. — Sof foydadan yana 3 ta texnika sotib oldim. Fermer xoʻjaligi hisobiga kelgan dondan 274 tonnasini ishchilarimizga tarqatdik...

Lola opa bu gaplarni oddiygina qilib aytardi. Dehqonchilikdan bir oz boʻlsa-da xabardor inson bu raqamlar ortida qanchalar mashaqqtli mehnat yotganini xis qiladi.

Lola Murotova qanday yutuqqa erishsa darhol boshqalar bilan uni baham koʻradi. U tumandagi yosh fermerlarga ekin maydonlarining tuproq unumdorligini oshirish, yuqori hosildorlikka erishish borasida amaliy yordam koʻrsatib kelmoqda. Jumladan, hududdagi 2 ta fermer xoʻjaligida uning maslahati asosida ish yuritilib, hosildorligi oʻrtacha 30-31 sentnerdan iborat yerlardan33-34 sentner paxta, gʻallachilikda 40-45 sentnerlik yerlaridan 55-60 sentner hosil olishga erishildi.

Lolaxon Murotova fermer xoʻjaligi daromadlarini nima qilar ekan, degan savol tugʻilishi tabiiy. Albatta, avvalo, ishchilarini ragʻbatlantiradi, texnik vositalarni yangilash, innovatsion loyihalarga ajratadi. Lekin u xayriya ishlarida ham namuna koʻrsatib kelmoqda. Shu yilning oʻzida tumandagi kam taʼminlangan oilalar, nogironlar, yakka-yolgʻiz keksalarga 30 mln. soʻmlik homiylik yordamini koʻrsatgan. Shuningdek, 1 ta koʻp farzandli va kam daromadli oilaga xoʻjalik hisobidan qoramol olib berildi, 12 dan ziyod yoshlarga uy qurish va toʻy-hashamlarini oʻtkazishlariga koʻmaklashildi.

Lola Murotovaning mehnatlari yillar davomida davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. Unga “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi” faxriy unvoni berildi. “El yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlandi. Mana endi Lola Murotova “Oʻzbekiston Qahramoni” degan yuksak mukofotga sazovor boʻldi.

— Ayoliga yuksak ehtirom koʻrsatiladigan mamlakatimizning oliy unvoni men kabi barcha fargʻonalik dehqonlar mehnatiga berilgan yuksak baho deb bilaman, — deydi Lolaxon Murotova. — Shu bilan birga bu men uchun yanada yuksak masʼuliyat. Xalqimga, Prezidentimga vaʼda berib aytamanki, bundan buyon ham Parvardigor bergan umrni Vatanim ravnaqi, qishloq xoʻjaligini yuksaltirish uchun baxshida etaman.

Muhammadjon OBIDOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?