Vatan va xalq fidoyisi

18:16 29 Iyun 2018 Jamiyat
399 0
Foto: Новости Узбекистана

Asr-asrda porlab chiqar buyuk daholar,
Daholarning qadrini davr o‘zi baholar…

Jumaniyoz JABBOROV

O‘zbekistonimiz obro‘-nufuzi dunyo miqyosida kundan-kunga oshib bormoqda. Vatanimiz tarixi, xalqimizning qadimiy urf-odatlari, noyob qadriyatlari e’zozlanayotganidan, buyuk ajdodlarimizning so‘nggi manzillari obodonlashtirilib, ularning nomlari abadiylashtirilishiga davlat ahamiyati darajasida e’tibor berilayotganidan qalbimni cho‘lg‘agan hayajonni so‘z bilan ifodalashga ojizlik qilayotgandekman. Ha, yoshim bir yerga yetib, mehnat faxriysi sifatida har bir hodisani taqqoslash, solishtirib ko‘rish orqali idrok etib, so‘ngra xulosa chiqarish odatimga ko‘ra, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilinayotgan qaror va farmonlarning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy va tarixiy-tarbiyaviy jihatdan hali hayotimizda ko‘p asqotishi meni mamnun etadi. Ayniqsa, buyuk ajodlarimiz, ota-bobolarimiz ruhini shod etishga qat’iy kirishilgani bugungi kunni ham fayziyob etadi, negaki, o‘tganlarning ruhlari hamisha bizni qo‘llab-quvatlab turadi.

O‘tgan o‘lug‘ zotlardan biri Fayzulla Xo‘jayev edi. Buni hamma tan oladi. Otashin vatanparvar, haqiqiy ziyoli, atoqli davlat arbobi va mohir diplomat — bir shaxsda shunday fazilatlarning jumuljam kelishi katta tarbiya samarasidir. Unga “xalq dushmani” degan nohaq ayb qo‘yilib, navqiron 42 yoshida qatag‘on etilgan. O‘zbekistonning ittifoqdosh respublika sifatida tashkil qilib, birinchi rahbari lavozimida umrining oxirigacha faoliyat ko‘rsatgani esa bizning tariximiz, undan o‘zimizni aslo ayri his etolmaymiz.

2017 yilning 26 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vaziri, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri va “Xalq so‘zi” gazetasiga mana shu ulug‘ shaxs haqidagi fikr-mulohazalarimdan iborat bir maktub jo‘natgan edi. Qarangki, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi va uning tasarrufidagi tarix instituti, “Nuroniy” hamda “Mahalla” Markaziy Kengashlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP va Xalq demokratik partiyalari fraksiyalari singari, hammasini hisoblab ko‘rsam, 12 ta nufuzli joylardan, idora-tashkilotlardan javob oldim. Ana e’tibor, ana-a inson qadri! Yana deng, ko‘plab mutasaddi idora-tashkilotlar rahbariyati va mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari ham bildirgan takliflarim, fikr-mulohazalarim bilan hisoblashib, kelgusida — 2021 yilda Fayzulla Xo‘jayev tavalludining 125 yilligini o‘tkazish haqida so‘z ochishibdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yil 16 fevralda Buxoro viloyati faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda Fayzulla Xo‘jayev nomini aytib, bu buyuk insonga munosib bo‘lishga barchamizni da’vat qilgan edilar. Shu munosabat bilan 12 mayda Buxoro Davlat universitetida “Fayzulla Xo‘jayev — Davlat va siyosat arbobi, millat fidoyisi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda yurtimizning turli oliy ilmiy dargohlaridan olimlar, xorijiy davlatlardan tarixchi-tadqiqotchilar,talabalar ishtirok etib, Fayzulla Xo‘jayevning hayoti va faoliyatiga doirn ma’ruzalari bilan qatnashdilar. Mazkur xayrli tadbirda men “Fayzulla Xo‘jayev xotirasi barhayot: istiqboldagi rejalar va vazifalar” nomli maqolam bilan ishtirok etdim.

1 iyul — Fayzulla Xo‘jayevning tavallud kuni. Xalqimizning suyukli shoiri Muhammad Yusuf satrlaridagi orzu-armonlar shu lahzalarda ushalib bormoqda.
Qadim Buxoroga laylaklar keldi,
O‘zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?
Qo‘ymadik joyiga e’zozingizni,
Aytmay ketdingiz-ku dil rozingizni,
O‘zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?

Bu ulug‘ zotning ruhi shod bo‘lgay, inshollo.
Yashin BAKIROV,
qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?