Vatan kunchiqaridan kunbotariga piyoda sayohatga chiqqan yigit Sirdaryoga 34 kunda yetib keldi

15:07 06 Avgust 2019 Jamiyat
1020 0

Foto: Ahmadali Shernazarov / "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Mana ikki kundirki, Vatanimiz tongi boshlanadigan, sharqiy sarhadimizdagi eng chekka – Andijon viloyatining Xonobod shahridan gʻarbiy kengliklardagi Moʻynoq sari yoʻl olgan Sohib Radjabov Sirdaryo viloyati hududidan yurib bormoqda.U kecha ertalab Sirdaryo koʻprigidan oʻtgach viloyat ostonasidagi oʻziga xos chiroyga ega turistik manzil -“Chehra ” majmuasida boʻldi.Uni Sirdaryo viloyati turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi va Sirdaryo tumani hokimligi masʼul xodimlari kutib olishdi. Sohibning aytishicha, sayohat davomida xalqimizga xos bunday eʼtibor, mehr-oqibatga hamma joyda duch kelmoqda.

Foto: Ahmadali Shernazarov / "Xalq so'zi"

Sayohatchini qoʻllab-quvvatlayotganlar orasida yoʻllarda meva, tarvuz-qovun sotib oʻtirgan dehqonlar, choyxonalar egalari, xonadonlar sohiblari ham bor. Bir kunda oʻrtacha 35-40 kilometr yoʻl bosayotgan yigitning tunash manzillari ham turlicha: gohida mehmonxona, gohida xonadonlar, choyxonalar,yaydoq manzillarda qolganida esa dehqonlarning chaylalari...

“Chinozdagi xonadonlardan birida uzum ishkomlari ostida tunadim. Barglar orasidan yulduzlar charaqlaydi.Shundoq tepangda son-sanoqsiz uzum gujumlari.O, bunday manzara bizning yurtga- faqat oʻzbekona hovliga xos” deydi Sohib Radjabov. Sayohatchi yoʻl-yoʻlakay har bir manzilning oʻziga xosliklarini qayd qilib bormoqda, tasvirga tushirmoqda va ularni oʻz telegramm kanalida muxlislari bilan boʻlishmoqda.

Foto: Ahmadali Shernazarov / "Xalq so'zi"

“Safarim davomida shunday fikrga keldim: Oʻzbekistonimiz boʻylab sayohat, ayniqsa piyoda sayohat qilish juda qiziqarli va zavqli,chunki piyoda tezligi barcha joylarni batafsil oʻrganish va tomosha qilish, odamlar bilan bafurja suhbatlashish uchun ayni muddao ekan ”.

Maʼlumot uchun. Sohib Radjabov- 1989-yilda Samarqand shahrida tugʻilgan, hozir Toshkent shahrida yashaydi. Turon milliy kurashi boʻyicha xalqaro sport ustasi,trener.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?