Vatan himoyachilari kuni Surxondaryo viloyatida keng nishonlanmoqda

15:23 14 Yanvar 2019 Jamiyat
598 0

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi hamda 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Surxondaryo viloyati hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari hamda yoshlar Vatan ozodligi, yurt tinchligi yoʻlida jonini fido qilganlar ruhiga hurmat bajo keltirib, Motamsaro Ona haykali poyiga anvoyi gullar qoʻyishdi.

Termiz shahridagi Sanʼat saroyida boʻlib oʻtgan tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 27 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining joriy yil 12 yanvardagi Farmoniga binoan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, harbiy xizmatchilardan bir guruhi davlatimizning yuksak orden va medallari, faxriy unvonlar bilan taqdirlangandi. Ular orasida Surxondaryo viloyatida xizmat burchini aʼlo darajada oʻtayotgan harbiy xizmatchilar ham bor. Tadbir davomida ana shu mukofotlar oʻz egalariga topshirildi.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan davlatimizning harbiy-siyosiy masalalar boʻyicha qatʼiy pozitsiyasini ifoda etuvchi yangi Mudofaa doktrinasining ishlab chiqilgani Vatanimiz tinchligi, osoyishtaligi, xalqimizning baxtli, farovon hayotining muhim kafolatiga aylandi, — deydi Mudofaa vazirligi harbiy qism komandiri Aziz Ahmedov. — “Armiya va xalq — bir tanu bir jon!” degan olijanob gʻoya hamda amaliy harakat har bir inson qalbida vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat hissini oshirib, barchamizni ezgu maqsad atrofida birlashtirmoqda. Harbiy xizmatchi sifatida bu jihatlarni oʻzim chin qalbdan his qilyapman. 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga binoan, “Jasorat” medali bilan taqdirlanganim meni, ayniqsa, nihoyatda ruhlantirdi. Jonajon Vatanimga xizmat qilaman!

“Afruz” tantanalar saroyida harbiy xizmatchilar sharafiga toʻkin dasturxon yozildi. Tadbir davomida Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz dahlsizligi yoʻlida jonini fido qilgan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolariga bayram sovgʻalari ulashildi. Sanʼatkorlar ijrosidagi Vatan, tinchlik va doʻstlikni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlarga ulanib ketgan tadbir ishtirokchilarga bayramona kayfiyat baxsh etdi.

 

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?