Vashingtondan Toshkentgacha uzluksiz parvoz

07:20 19 May 2018 Jamiyat
941 0

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi yana bitta “Boeing-787 Dreamliner” samolyotini qabul qildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi tarixiy ahamiyatga ega uchrashuvlar, muzokaralarga boy bo‘ldi. Qator manfaatli shartnomalar imzolandi.
Oliy darajadagi muloqot hamda erishilgan kelishuvlar haqida bugun jahon matbuoti, xususan, AQSh ommaviy axborot vositalari atroflicha so‘z yuritayapti.
Davlatimiz rahbari tashrifi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etish maqsadida ushbu mamlakatga borgan O‘zbekiston delegatsiyasi (uning tarkibida jurnalistlar ham bor edi)ning yurtimizga qaytishi yana bir unutilmas voqea bilan ulanib ketdi. Gap shundaki, Toshkentga 17 may kuni Vashington shahri yaqinidagi “Endryus” aeroportidan “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining aviaparki uchun olingan navbatdagi zamonaviy samolyot — “Boeing-787 Dreamliner”da uchishimiz ma’lum qilindi. Bundan hammamiz quvondik, albatta.

Chunki yangi laynerning ilk yo‘lovchilari bo‘lish ham bir omad aslida.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining xabar berishicha, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Vashingtondan qaytib, Toshkent xalqaro aeroportida yangi “Boeing-787 Dreamliner” samolyotini ko‘zdan kechirdi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi rahbariyatiga xorijiy mamlakatlarga qatnovlar soni va sifatini oshirish, buning uchun eng zamonaviy samolyotlar hamda texnologiyalardan foydalanish zarurligi yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.

Darvoqe, AQSh bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi vaqt tafovuti kattaligi uchun uchish va qo‘nishda sana farq qilishini aytib o‘tish joiz. Ya’ni biz “Endryus”dan 17 may kuni tushdan keyin havoga ko‘tarildik. O‘sha paytda O‘zbekistonda allaqachon 18 mayga o‘tilgandi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nishimiz esa aynan 18 may, soat taxminan 12:22 ga to‘g‘ri kelishi bildirildi.
Havo laynerini O‘zbekistonga Milliy aviakompaniya ekipaji: MAK Uchuv-uslubiy bo‘limi bosh uchuvchi-yo‘riqchisi Iosif Zak, “Boeing-787” uchuvchilar otryadi komandiri o‘rinbosari Shahzod Ikromov hamda ikkinchi uchuvchi Olimjon Uzoqov olib keldi.

— Ushbu rusumdagi uchinchi avialayner MAK aviaparkida mavjud bo‘lgan avvalgi ikkita “Boeing-787 Dreamliner”dan yo‘lovchi o‘rindiqlarining soni ko‘pligi hamda ekipaj dam olishi uchun alohida bo‘linma tashkil etilgani bilan farqlanadi, — deydi “Boeing-787” uchuvchilar otryadi komandiri o‘rinbosari Shahzod Ikromov. — Mazkur samolyotda ham yonilg‘i tejash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga zararli moddalar ajralib chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi dvigatellar o‘rnatilgan.

Ikki klassli komponovkada ishlangan samolyotning keng sahni 270 o‘rindiqqa (biznes klass — 24, iqtisodiy klass — 246) ega. Layner qulay hamda keng o‘rindiqlar, yangicha yoritish va shovqin o‘tkazmaydigan tizimlar, pol qoplamalari hamda har bir yo‘lovchi uchun alohida mo‘ljallangan individual ko‘ngilochar dasturli monitorlar bilan jihozlangan.

— Haqiqatan ham, bular parvozni yuqori darajadagi qulaylikda, maroqli o‘tkazish imkonini berarkan, — deydi yangi samolyotning ilk yo‘lovchilaridan biri, jurnalist Sherali Qo‘chqorov. — Bortga chiqishingiz bilanoq uning ichki dizayni kayfiyatingizni ko‘taradi. Salonning yuqori qismidagi chiroqlardan taralayotgan nur kishi ko‘zini charchatmaydi, aksincha odamni dam oldiradi. Layner oynalarini “aqlli” oynalar deyish mumkin. Bilsangiz, aksariyat samolyotlarda tashqaridan tushadigan yorug‘likni to‘sish uchun qo‘lingiz bilan uning plastmassa yopqichini tushirib qo‘yasiz. “Boeing — 787 Dreamliner”da esa oyna ostidagi tugmachani bossangiz, u avtomatik tarzda qorayadi. Istasangiz, yana oqartirishingiz mumkin. Uning me’yorini xohishingizga qarab o‘zingiz belgilaysiz. Bunday zamonaviy texnologiyalar bir qancha. Bort kuzatuvchilari bizga juda xushmuomalalik bilan xizmat ko‘rsatishdi. Umuman, ajoyib sharoit, yuqori darajadagi servis tufayli qariyb 12 soatlik parvoz qanday o‘tganini bilmay ham qoldik. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasiga muvaffaqiyat tilaymiz.

Milliy aviakompaniya vakillarining aytishicha, aviakompaniya parki 2020 yilga qadar “Boeing-787 Dreamliner” rusumidagi oltita samolyotga ega bo‘ladi. Mutaxassislarning yuqori tayyorgarlik darajasi tufayli ekspluatatsiya jarayonida “Boeing-787 Dreamliner” samolyotlarining 100 foizlik ishonchliligi ta’minlandi. Bugungi kunda aviakompaniyaning uchish hamda texnik tarkibi uchinchi samolyotni ishga tushirishga ham to‘liq tayyor.
Yangi “Dreamliner” aviakompaniyaning parvozlar jadvaliga kiritilgan bo‘lib, uzoq masofalardagi qatnovlarda ekspluatatsiya qilinishi kutilayapti.

Ta’kidlash joiz, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi Markaziy Osiyoda “Boeing-787 Dreamliner” samolyotlariga buyurtma bergan birinchi buyurtmachidir. Aviakompaniya “Dreamliner”larning tijorat ekspluatatsiyasini 2016 yilda boshlagan. 2017 yilning 27 iyulida esa, O‘zbekiston Milliy aviatashuvchisi tarixda birinchi marta mazkur rusumdagi samolyotda Toshkentdan Nyu-Yorkka ilk uzluksiz parvozni amalga oshirdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonning zamonaviy va qulay avialaynerlari Yevropa hamda Osiyoning 40 dan ortiq shaharlariga parvoz qilmoqda va Alyaskadan tortib, Yangi Zelandiyagacha charter qatnovlarini bajarayapti. Aviakompaniya aviaparki zamonaviy “Boeing 757, 767, 787 Dreamliner” hamda “Airbus 320” havo kemalaridan iborat.

...Parvoz boshlanishi arafasida Vashingtonda kuchli yomg‘ir yog‘ayotgandi. Toshkentga belgilangan vaqtda yetib kelib, oynadan tashqariga boqar ekanmiz, charaqlab turgan quyosh taftidan ona-Vatanning qaynoq mehrini his qilgandek bo‘ldik. Samolyot yerga ohista qo‘ngach, hamma xush kayfiyatda, minnatdor qiyofada ekipaj a’zolariga rahmat aytib, borar manzili tomon oshiqdi.
Shavkat ORTIQOV,
«Xalq so‘zi» maxsus muxbiri.
Toshkent — Vashington — Toshkent


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?