Vashingtonda Oʻzbekiston-AQSH biznes-forumi va yana bir nufuzli anjuman boʻlib oʻtadi

15:55 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
87 0

Joriy yilning 21-22-oktyabr kunlari Vashington shahrida Oʻzbekiston-AQSH biznes-forumi, shuningdek, Savdo va investitsiyalar boʻyicha doiraviy bitim kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtadi.

Mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi tomonidan Amerika-Oʻzbekiston savdo palatasi(AOʻSP) bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan ushbu tadbirda AQSH savdo vaziri Uilbor Ross, mezbon davlat va Kanadadan Fortune 500 roʻyxatiga kiradigan 150dan ortiq yirik kompaniyalar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari vakillari qatnashishi kutilyapti.

Shu munosabat bilan yaqinda elchixonada AOʻSP raisi Kerolin Lemm, Boeing, Coca-Cola, CNH Industrial, John Deer, Caterpillar Inc.,VISA Inc., ExxonMobil va boshq brendlar, AQSH savdo vazirligi, Davlat departamenti, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika kengashi, Kongress Tadqiqot xizmati mutasaddilari ishtirokida brifing oʻtkazildi.

Unda boʻlajak forumda uchta shoʻba muhokamalarini qamrab olinishi alohida taʼkidlandi.

Xususan, “Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik” mavzusidagi birinchi sessiya mintaqamiz mamlakatlari va Afgʻonistonning tashqi savdo aloqalariga masʼul vazirlari ishtirokida boʻlib oʻtadi.

Davlat-xususiy sherikchiligi va davlat korxonalarini xususiylashtirish yoʻnalishidagi ikkinchi sessiyada xalqaro moliya korporatsiyalari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda boshqa tuzilmalar vakillari hozir boʻladi.

“Investitsiyaviy jozibadorlik: biznes va moliya vositalarini rivojlantirish boʻyicha davlat siyosati” mavzusidagi uchinchi sessiyada esa mezbonlar tomonidan Eksimbank, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi, CNH Industrial, Caterpillar, shuningdek, xalqaro rivojlanish boʻyicha AQSH korporatsiyalari rahbariyati tashrif buyuradi.

Biznes-forum maydonida Oʻzbekiston delegatsiyasi Qoʻshma Shtatlar va Kanada kompaniyalari bilan G2B hamda B2B formatida ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi. Yakunda Qashqadaryo viloyatida poyabzal tayyorlash, toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qilish, neft va gaz ishlab chiqarish sohasida loyihalarni amalga oshirish, respublika elektron toʻlov tizimlariga VISA texnologiyalarini joriy etish, qolaversa, Orolboʻyi hududidagi sogʻliqni saqlash muassasalariga tibbiyot asbob-uskunalari koʻrinishida Project Cure gumanitar yukini yetkazib berishni tashkil etish boʻyicha aniq natijalarga erishish koʻzda tutilgan.

Ayni chogʻda Pensilvaniya shtati Filadelfiya shahrida ikkita - “Samarqand gilamlari” va “Gulnor” nomli oʻzbek savdo uylarini ochisha rejalashtirilgan. Ularda milliy gilam va ipakdan toʻqimachilik mahsulotlari sotiladi.

Shular bilan bir qatorda koʻrsatib oʻtilgan sanalarda Savdo va investitsiyalari boʻyicha doiraviy bitim kengashining navbatdagi majlisi ham boʻlib oʻtadi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afgʻonistonning tashqi savdo aloqalariga masʼul vazirlari qatnashadi.

Uning dasturidan bojxona, standartlar, sanitariya va fitosanitar meʼyorlar, intellektual mulk va biznesda xotin-qizlarning rolini mustahkamlash boʻyicha ishchi guruhlar yigʻilishlari boʻlib oʻtadi.

Oʻz navbatida Markaziy Osiyo va Afgʻonistonda elektron savdoni rivojlantirish masalalari boʻyicha yangi ishchi guruh tuzish masalasi ham koʻrib chiqiladi.

Kengash majlisi chogʻida AQSH tomonidan “Standartlashtirish”, “Preferensiyalarning asosiy tizimi” hamda “Savdo tartib-taomillarini soddalashtirish toʻgʻrisidagi bitim” mavzularida taqdimotlar namoyish etiladi. Zero, ushbu yoʻnalishlar mintaqa uchun muhimdir.

Afgʻonistonga mazkur Kengashning toʻlaqonli aʼzosi maqomini berish ham majlis kun tartibida asosiy oʻrinni egallashi nazarda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?