“Vaqf” fondi tomonidan hojilarga maxsus aravalar tuhfa qilindi

17:13 08 Avgust 2019 Jamiyat
773 0

“Xalq soʻzi” maxsus muxbiri Said RAHMONOV Saudiya Arabistonining Makka shahridan xabar qiladi.

Hojilarimiz Minoga yoʻlga chiqishi arafasida turgan ayni paytda “Vaqf” xayriya jamoat fondi xayrli tashabbus bilan chiqdi. Yurtimiz hojilariga oʻnta maxsus arava tuhfa qilindi. Ular ellikboshi va mingboshilarning tavsiyalari, tibbiyot markazi rahbarining xulosasi bilan keksa yoki bemorlarga beriladi.

— Hojilarimizning deyarli hammasini salomatligi joyida, koʻzlari quvonchdan porlab turibdi, — deydi mazkur fond boshqaruvi raisi Iskandar Halilov. — Ammo safar davomida kutilmagan holatlar roʻy berishi, ayrim nuroniy otaxon va onaxonlarimiz charchab, kam quvvat boʻlib qolishi ehtimoli yoʻq emas. Biz taqdim etayotgan aravalar shunday paytda asqotadi. Natijada keksa otaxon va onaxonlarimiz togʻ sharoitida ham ibodatlarni toʻla-toʻkis ado etib, hojilik maqomiga ega boʻladilar, inshaa Alloh.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan “Vaqf” xayriya jamoat fondi shu kabi xayrli loyihalarning tashabbuskori boʻlmoqda. Masalan, har bir viloyatdan 20 nafardan ortiq ehtiyojmand kishilarga aniqlanib, ularning dori-darmonlari, operatsiyalari va boshqa xarajatlariga koʻmaklashishi maqsadida oyiga oʻrtacha 250-300 million soʻmgacha zakot pullari tarqatib kelinmoqda. Ziyoratgohlarga ichimlik suvi chiqarish, atrofini obodonlashtirish ishlarida ham bosh-qosh boʻlinmoqda. Xususan, shu kunlarda Surxondaryodagi Hakim at-Termiziy ziyoratgohigacha boʻlgan besh kilometr masofaga quvur yotqizilib, suv olib kelinayotgani eʼtiborga molik jihatdir.

Fond tomonidan yaqinda yana bir ezgu ishga qoʻl urildi. Toshkent shahrida “Vaqf Med” dorixonasi ishga tushirildi. Bunday dorixonalar kelgusida respublikamizning har bir viloyatida, soʻngra har bir tumanida tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Bu bejiz emas, albatta. Chunki ushbu dorixonalardan tushadigan daromad ehtiyojmandlarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi. Eng asosiysi, ularga dori-darmonlar bepul beriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?