Vannadan “Murabbiylik qilaman”, deb chiqqan futbolchi

09:15 02 Iyul 2020 Sport
785 0

Jahon futboli tarixida isteʼdodli oʻyinchilar juda koʻp uchragan. Ammo ham futbolchi, ham murabbiy sifatida omadli boʻlganlari kam. Diyego Pablo Simeone ana shunday kam sonlilar qatorida turadi. U 1970-yilda Argentinada tugʻilgan. Tayanch yarim himoyachi pozitsiyasida oʻynagan. Futbolchilik faoliyatiga 2006-yilda yakun yasagan.

Simeonening klub miqyosidagi yutuqlari uning asosan ispan va italyan jamoalaridagi faoliyati bilan bogʻliq. 1995/1996-yilgi mavsumda Madridning «Atletiko» klubi safida mamlakat chempioni boʻldi. Shuningdek, Ispaniya kubogini qoʻlga kiritdi. Buning ustiga 37 ta uchrashuvda maydonga tushib, 12 ta golga mualliflik qildi. Uning maydondagi vazifasidan kelib chiqsak, bu juda yaxshi koʻrsatkich, albatta.

«Atletiko»da uch mavsum oʻynagach, 1997-yilda Milanning «Inter» klubi safiga qoʻshildi. Bu yerdagi ikki mavsum u uchun mazmunli kechdi. Bu oʻrinda yarim himoyachining 1997/98 yilgi mavsumda UYEFA kubogi sohibi boʻlganini eslashning oʻzi kifoya. 1999-yilda esa Simeone “Latsio” safiga oʻtdi. Rim jamoasida ham omad unga kulib boqdi. Jamoa mamlakat chempioni boʻlibgina qolmay, kubokni ham qoʻlga kiritdi.

2003-yilda qahramonimiz «Atletiko»ga qaytdi. Bu yerda ikki mavsum toʻp surdi. Keyin esa Argentinaga borib, «Rasing» klubi sharafini himoya qildi. U futbolchilik faoliyatini tugatganida 36 yoshda edi.

Diyego mamlakat terma jamoasi safidagi ilk oʻyinini oʻtkazganida endigina 18 yoshga kirgandi. Oʻshanda milliy terma jamoaga Karlos Bilardo ustozlik qilayotgandi. U yosh yarim himoyachini Avstraliyaga qarshi kechgan bahsda maydonga tushirdi. Shundan keyin Argentina terma jamoasida bir necha avlod almashdi. Ammo Simeonening oʻrni oʻzgarishsiz qoldi.Mamlakat bosh jamoasida u toʻrt nafar murabbiy bilan ishladi. Bu mutaxassislar qahramonimizning chinakam professional futbolchi boʻlib yetishishiga juda katta hissa qoʻshdilar. Bilardo yuqorida taʼkidlaganimizdek, unga ishonch bildirgan boʻlsa, Alfio Bazile bosh murabbiyligi davrida Diyego terma jamoaning asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. Daniyel Pasarella esa sardorlik bogʻichini topshirib, uning zimmasiga katta masʼuliyat yukladi. Darvoqe, bu qaror oʻzini toʻla oqladi. Diyegoning terma jamoa ishtirokidagi oʻyinlarda oʻzini ayaganini, kuchini kam sarflaganini hech kim eslay olmaydi.

Uning Argentina terma jamoasidagi obroʻyi shu qadar katta ediki, Diyegoga hatto bosh murabbiyning uchrashuv uchun tanlagan strategiyasini muhokama qilish huquqi berilgandi. Negaki, qahramonimiz mamlakat bosh jamoasi sharafini eng koʻp himoya qilgan futbolchilardan biri sanalardi. U 1994, 1998 va 2002-yilgi jahon chempionatlari ishtirokchisidir. Terma jamoa safidagi 106 ta uchrashuvda u raqiblar darvozasini 11 bor ishgʻol etgan.

Taʼkidlaganimizdek, qahramonimiz futbolchilik faoliyatini vatanida — qadrdon jamoasi «Rasing»da tugatdi. U bolaligidan shu klub muxlisi edi. ”Turmush oʻrtogʻim Yevropadan ketishni xohlamagandi, — deya eslaydi Diyego. — Men uni koʻndirgani koʻp urindim. Ispaniya va Italiyadagi reklama shartnomalari muddati tugashini kutdim.Chunki u asli italiyalik boʻlib, taniqli fotomodel edi. Shundan keyin bolalarim bilan Argentinaga koʻchib keladi, deb oʻyladim. Hozir esa u mening Argentinaga koʻchib kelishimni kechirmaganini tushunaman”.

Simeonening murabbiylik faoliyati boshlanishi esa gʻalati kechgan. U bu haqda shunday degandi: ”Rasing” klubi rahbariyati menga jamoani boshqarish taklifi bilan chiqdi. Oʻsha kezlarda men butsimni mixga ilganimga koʻnika olmay yurgandim. Butun tun boʻyi uxlay olmadim. Yugurgani chiqdim. Keyin esa dushga kirdim. U yerda qancha vaqt oʻtkazganimni aniq bilmayman. Ammo vannadan “Murabbiylik qilaman, yaxshi mutaxassis boʻlishga intilaman”, degan qatʼiy niyat bilan chiqqanimni yaxshi eslayman”.

Diyego qoʻl ostidagi «Rasing» jamoasi 2011-yilda Argentina chempionatida kumush medalni qoʻlga kiritdi. Shundan soʻng u isteʼfoga chiqib, Madridning «Atletiko» klubidan tushgan taklifni qabul qildi. 2013-yilning 17-mayida «Atletiko» Ispaniya qiroli kubogi finalida “Real” ustidan 2:1 hisobida gʻalaba qozondi. Unga qadar jamoa butun boshli 14 yil davomida “Real”ni yenga olmay kelayotgandi. Oradan bir yil oʻtgach esa Simeone shogirdlari hal qiluvchi bahsda “Barselona” bilan durang (1:1) oʻynab, Ispaniya chempioni degan sharafli nomga sazovor boʻlishdi.

Diyegoning ish uslubi choʻqqilarni bosqichma bosqich zabt etishga asoslangan. U jurnalistlar bilan muloqot chogʻida doimo “Biz oʻyindan oʻyinga kuchayib boramiz.Sovrinlar haqida bizdan soʻramang” deydi. Chunonchi, telekoʻrsatuvlarning birida undan «Atletiko» chempion boʻladimi?” deb soʻrashganida “Hozircha men uzoq davom etadigan mavsum davomida biz nimaning evaziga “Real” va “Barselona”ni quvib yetishimizni bilmayman. Lekin bu maqsaddan voz kechishimizni anglatmaydi”, deb javob qaytardi. Uning ish uslubi oʻziga xos. Futbolchilarda ishtiyoqni kuchaytirish uchun baʼzan hech kim kutmagan choralarni qoʻllaydi. Masalan, bir safar oʻyin arafasida mashgʻulotlarga paralimpiada ishtirokchisi, changʻichi Iren Vilyani taklif qildi. Bu sportchi qiz terrorchilar portlatgan bomba oqibatida ikkala oyogʻidan ajrab qolgan. Oʻshanda u 12 yoshda edi. Diyego shu sportchi qizdan futbolchilarga oʻyinoldi koʻrsatmalar berishni soʻradi.

Simeone qoʻl ostidagi «Atletiko» 2013/14 yilgi Yevropa Chempionlar ligasi mavsumida juda muvaffaqiyatli qatnashdi. Ikki oʻyin natijasiga koʻra, “Milan”ni 5:1 hisobida yengib, chorak finalga chiqdi. Simeone qoʻlllagan taktik choralar evaziga jamoa “Barselona”ni yengishni uddaladi. Yarim finalda esa “Chelsi” magʻlub etildi. Shu tariqa jamoa oʻz tarixida ikkinchi marta Chempionlar ligasi finaliga chiqdi. Aytish kerakki, «Atletiko» finalga qadar birorta ham magʻlubiyatga uchramagan yagona jamoa boʻldi. U oʻz darvozasidan atigi 6 ta toʻp oʻtkazdi. ”Real”ga qarshi kechgan final bahsining asosiy vaqtida «Atletiko» 1:0 hisobida oldinda borayotgandi. Ammo hakam tomonidan qoʻshib berilgan vaqtda Serxio Ramos hisobni tenglashtirdi. Qoʻshimcha boʻlimlarda esa jamoaning ham ruhan, ham jismonan toliqqani sezildi. ”Real” 4:1 hisobida gʻalaba qozondi. Agar «Atletiko» yutib chiqqanida Simeone Chempionlar ligasida zafar quchgan argentinalik uchinchi murabbiy boʻlur edi. Ammo afsuslanishga hojat yoʻq. Diyego hozir salkam 50 yoshda. Yangi yutuqlari hali oldinda. Faqat omad undan yuz oʻgirmasa boʻlgani.

Istam IBROHIMOV tayyorladi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?