Valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda qanday yangiliklar kiritildi?

12:27 24 Oktyabr 2019 Jamiyat
430 0

2019-yil 22-oktyabr kuni Prezidentimiz “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi. Mazkur hujjat Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida maʼqullangan edi.

Qonunning maqsadi valyuta operatsiyalarini va valyuta nazoratini amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Jumladan, Qonun Oʻzbekiston Respublikasining valyutaga oid yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.

Qonunda valyutani tartibga soluvchi davlat organi – Markaziy bank belgilangan. Markaziy bank oʻz vakolatlari doirasida:

* valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarini belgilaydi;

* valyuta birjalari faoliyatini litsenziyalaydi va tartibga soladi;

* banklar uchun ochiq valyuta pozitsiyasining limitlarini belgilaydi;

* umum qabul qilingan xalqaro amaliyotga muvofiq valyuta operatsiyalarining va tashqi sektorning statistikasini tayyorlaydi hamda eʼlon qiladi;

* rezidentlar va norezidentlar tomonidan amalga oshiriladigan valyuta operatsiyalarini monitoring qilish tartibini belgilaydi, shu jumladan, valyutani nazorat qiluvchi organlar bilan birgalikda belgilaydi;

* Oʻzbekiston Respublikasi banklari uchun valyuta operatsiyalari hisobi va hisoboti shakllarini hamda ularni taqdim etish tartibi va muddatlarini belgilaydi;

* tashqi sektor statistikasini tuzish uchun barcha rezidentlar va norezidentlar tomonidan taqdim etilishi majburiy boʻlgan valyuta operatsiyalarining hisobi va hisoboti shakllarini belgilaydi;

* Oʻzbekiston Respublikasi banklarining valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etishga doir faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishni amalga oshiradi.

Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasida va uning tashqarisida valyuta operatsiyalarining barcha turlarini amalga oshirish huquqiga ega.

Bundan tashqari, Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasini sotib olish va sotish belgilanib, bu faqat Oʻzbekiston Respublikasi banklari orqali amalga oshiriladi.

Qonunda valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi banklarining huquq va majburiyatlari mustahkamlangan. Qayd etilganidek, jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish cheklovlarsiz amalga oshiriladi. Oʻz navbatida jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish yuz million soʻm ekvivalentdan ortiq boʻlmagan summada amalga oshiriladi. Naqd valyutani belgilangan ekvivalentdan ortiq summada olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish hamda Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlanadi, Oʻzbekiston Respublikasi banklari bundan mustasno.

Hisob palatasi, Markaziy bank, Moliya vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasida valyuta nazorati organlari hisoblanadi.

Muxtasar qilib aytganda, mazkur Qonun mamlakatimizda valyutani tartibga solish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy choralarning ustuvorligini taʼminlash, rezidentlar va norezidentlarning valyuta operatsiyalariga davlat organlarining noqonuniy aralashuviga yoʻl qoʻymaslik, valyutani tartibga solish va nazorat qilish tizimining birligi, Oʻzbekiston Respublikasi valyutasining chet el valyutasiga nisbatan kursini aniqlashda bozor mexanizmlariga asoslanish kabi iqtisodiyotdagi dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan.

Muxamet Djumagaldiyev,

Senatning Byudjet va iqtisodiy

islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?