Valyuta kursi yil yakuniga qadar keskin oʻzgarmaydi

09:20 11 Oktyabr 2019 Iqtisodiyot
757 0

Markaziy bank joriy yil yanvar-sentyabr oylari davomida ichki valyuta bozori holati toʻgʻrisida sharh berdi.

Unda qayd etilishicha, 2019-yilning 9 oyi davomida ichki valyuta bozorida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan valyuta oldi-sotdi operatsiyalarining jami aylanma hajmi 24,3 mrld. AQSH dollarini tashkil etib, oʻtgan yilning mos davridagi koʻrsatkichga (18,3 mrld. doll.) nisbatan 1,3 barobarga oshdi.

Ichki valyuta bozorida amalga oshirilgan operatsiyalar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

Valyuta birjasi orqali amalga oshirilgan operatsiyalar

Valyuta birjasining banklararo savdo sessiyalarida amalga oshirilgan valyuta oldi-sotdi operatsiyalarning hajmi 15,5 mlrd. dollarni tashkil etib, bundan jami talab 7,7 mlrd. dollarga, taklif esa 4,8 mlrd. dollarga teng boʻldi.

Valyuta birjasida amalga oshirilgan valyuta oldi-sotdi operatsiyalari hajmi

(2018-2019-yil yanvar-sentyabr oylari)

mln. AQSH dollarida

Yuqorida keltirilgan talab va taklif oʻrtasidagi 2,9 mlrd. dollar miqdoridagi tafovut Markaziy bankning sof intervensiyalari hisobiga qoplanib, yil boshidan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan monetar oltin hajmi (3,0 mlrd. doll.) doirasida boʻldi. Bu oʻz navbatida, pul-kredit siyosatidan kelib chiqib, iqtisodiyotga qoʻshimcha kiritilgan likvidlikni sterilizatsiya qilish imkonini yaratdi. 

Markaziy bank tomonidan sotib olingan monetar oltin va intervensiya xajmi

(2019-yil yanvar-sentyabr oylari)

mln. AQSH dollarida

Birjadan tashqari valyuta bozorida amalga oshirilgan operatsiyalar:

- Birjadan tashqari valyuta bozorida tijorat banklari tomonidan amalga oshirilgan valyuta oldi-sotdi operatsiyalarining jami hajmi 5,2 mlrd. dollarga teng boʻldi. Bunda tijorat banklari mijozlar-yuridik shaxslardan 3,0 mlrd. dollar miqdorida valyuta mablagʻlari sotib olib, oʻz navbatida ularga 2,2 mlrd. dollar miqdorida valyuta mablagʻlari sotildi. Ushbu operatsiyalar natijasida yuzaga kelgan 0,8 mlrd. dollar miqdoridagi valyuta mablagʻlari tijorat banklarining oʻz ihtiyorida qolib, ichki valyuta bozorida qoʻshimcha taklif shakllanishiga zamin yaratdi.

Birjadan tashqari valyuta bozoridagi operatsiyalar hajmi

(2018-2019-yil yanvar-sentyabr oylari)

mln. AQSH dollarida

- Valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali tijorat banklari bilan aholi oʻrtasida amalga oshirilgan valyuta oldi-sotdi (naqd va naqdsiz shaklda) operatsiyalarining jami hajmi 3,6 mlrd. dollarga yetdi. Bunda aholidan sotib olingan valyuta mablagʻlari 2,5 mlrd. dollarni, aksincha ularga sotilgan valyuta miqdori 1,0 mlrd. dollarni tashkil etdi. Yuqoridagi kabi, aholi bilan amalga oshirilgan operatsiyalar natijasida yuzaga kelgan 1,5 mlrd. dollar miqdoridagi valyuta mablagʻlari ham ichki valyuta bozorida taklif yaratdi.

Tijorat banklarining aholi bilan valyuta oldi-sotdi operatsiyalari hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 barobarga oshdi.

Jismoniy shaxslar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi

(2019-yil yanvar-sentyabr oylari)

mln. AQSH dollarida

Shuningdek, joriy yil yanvar-sentyabr oylari davomida aholi tomonidan amalga oshirilgan pul oʻtkazmalari jami aylanma hajmi 5,2 mlrd. dollarni tashkil etib, bundan 4,5 mlrd. dollar valyuta mablagʻlari respublikaga xalqaro pul oʻtkazmalar tizimi orqali kirib kelgan boʻlsa, 0,8 mlrd. dollar aholi tomonidan chet el mamlakatlariga yuborilgan.

Xalqaro pul oʻtkazmalari orqali respublikamizga kirib kelgan valyuta mablagʻlar hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 18% ga oshdi (2018-yil yanvar-sentyabr - 3,8 mrld. doll.).

Valyuta kursi dinamikasi

2019-yilning 9 oyida davomida milliy valyutamizning chet el valyutasiga nisbatan kursi ichki valyuta bozorida mavjud talab va taklifdan kelib chiqib 13% ga pasaydi. Ushbu davr mobaynida valyuta kursining minimal va maksimal koʻrsatkichi mos ravishda 8334 soʻm/doll. (yanvar oyida) va 9457 (sentyabr oyida) soʻm/dollarni tashkil etdi.

Joriy yilning avgust oyida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida almashuv kursining yangi bozor sharoitlariga moslashtirilishidan soʻng sentyabr-oktyabr oylarida valyuta birjasida almashuv kursi dinamikasining barqarorligi kuzatilib, makroiqtisodiy sharoit va omillarni inobatga olgan holda yil yakuniga qadar keskin oʻzgarishi kutilmayapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?