Valentina Matviyenkoning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumani

16:42 04 Oktyabr 2019 Jamiyat
160 0

2019-yil 4-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevning Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenkoning joriy yil 1-3-oktyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Tadbirda qayd etilganidek, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenkoning Oʻzbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi Oʻzbekiston va Rossiya xalqlari manfaatlari yoʻlida Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni, parlamentlararo muloqotni yanada faollashtirish hamda ikki mamlakat parlamentlari hamkorligini chuqurlashtirish yoʻlida muhim qadam boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenkoni qabul qildi. Oliy darajadagi muntazam va samarali muloqotlar ikki mamlakat oʻrtasidagi keng koʻlamli hamkorlikni kengaytirishga kuchli surʼat bagʻishlab, uni aniq mazmun bilan boyitgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston-Rossiya parlamentlari yuqori palatalarining rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga doir keng koʻlamli masalalarni batafsil muhokama qildi. Oʻtgan yillar davomida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning siyosiy irodasi hamda qatʼiyati tufayli Oʻzbekiston-Rossiya strategik hamkorligi va ittifoqchiligini rivojlantirishda yangi bosqich boshlangani taʼkidlandi.

Oʻtkazilgan muzokaralarda Oʻzbekiston va Rossiya parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollarini baholash boʻyicha qarashlarning yaqinligi va mos kelishi taʼkidlandi, shuningdek parlamentlararo munosabatlar darajasiga yuqori baho berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyasi faoliyati samaradorligi alohida qayd etildi.

Oʻzbekiston va Rossiya parlamentlari MDH Parlamentlararo assambleyasi va Parlamentlararo ittifoqi kabi xalqaro va mintaqaviy parlament tashkilotlari doirasida hamkorlik ishlarini kuchaytirishi haqida kelishuvga erishilgani taʼkidlandi.

Ikki mamlakat parlamentlari yuqori palatalari koʻmagida Oʻzbekiston va Rossiya hududlari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan Rossiyada boʻlib oʻtadigan ikkinchi Oʻzbekiston-Rossiya hududlararo forumiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha samarali ish olib borilmoqda.

Oliy Majlis Senatidagi muzokaralar yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasiga borish taklif etildi.

Uchrashuv yakunlangandan soʻng, Oʻzbekiston Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashining Devoni oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Shuningdek, Valentina Matviyenkoning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida Oʻzbekiston-Rossiya parlamentlararo munosabatlarining hozirgi holati va ularni yanada rivojlantirishga oid masalalar muhokama etilib, ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishga urgʻu berildi.

Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyasining toʻrtinchi majlisi boʻlib oʻtdi.

Ikki tomonlama hamkorlikning muhim yoʻnalishlari, jumladan byudjet mablagʻlari shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament nazorati boʻyicha tajriba almashish, hokimiyatning mahalliy vakillik organlari faoliyatini amalga oshirish, maʼrifatli islom gʻoyalarini targʻib qilish, shuningdek turizm, shu jumladan Oʻzbekistonga ziyorat turizmini amalga oshirish sohasida hamkorlikni faollashtirish maqsadlari belgilab olindi.

Majlis yakunlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyasining toʻrtinchi majlisi bayonnomasi va 2019-2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi oʻrtasida ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha amaliy tadbirlar rejasi imzolandi.

Shuningdek, ikki mamlakat parlamentlari shafeʼligida Oʻzbekiston-Rossiya Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda ushbu tuzilmaning oʻtgan davrdagi faoliyati va galdagi vazifalari koʻrib chiqildi, ikki mamlakat oʻrtasidagi tashqi savdo hamkorligi va korxona hamda tashkilotlar tarmoqlararo kooperatsiyasining istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi. Tadbir soʻngida ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasida kelishuvlar imzolandi.

Valentina Matviyenkoning Oʻzbekistonga tashrifi dasturining muhim qismi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohot va oʻzgarishlar bilan tanishuvga bagʻishlandi.

Jumladan, Sergeli tumanidagi 44-sonli “Baxtli bolalik” maktabgacha taʼlim muassasasi bilan tanishuv chogʻida bolalarga taʼlim-tarbiya berish uchun barcha sharoitlar mavjud boʻlgan zamonaviy innovatsion binoning loyiha va dizayni betakror ekanligi qayd etildi. Toshkent shahridagi Prezident maktabi ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Taʼkidlanganidek, Prezident maktablarining faoliyati mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadigan bilimdon va isteʼdodli yosh avlodni tarbiyalash imkonini beradi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xalq qabulxonalari faoliyati ham mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Taʼkidlanganidek, Prezident xalq qabulxonalari nafaqat fuqarolar murojaatlarini qabul qiladi va muammolarni hal qilish boʻyicha choralar koʻradi, balki joylarga chiqib, aholini oʻylantirayotgan masalalarni oʻrganib, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda ularni hal qilish choralarini koʻradi.

Qadimiy va navqiron Buxoro shahriga tashrifi paytida Valentina Matviyenko ushbu safardan mamnunligini bildirdi. Shaharning tarixiy yodgorliklari oʻzbek xalqining boy madaniy merosi, milliy meʼmoriy sanʼati yorqin namunasi ekanligi taʼkidlandi.

Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko ommaviy axborot vositalari vakillariga bergan intervyusida tashrif natijalaridan, Oʻzbekiston parlamenti aʼzolari bilan uchrashuvlardan, erishilgan ikki tomonlama kelishuvlardan mamnunligini bildirdi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollar berish imkoniyatiga ega boʻldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?