Valentina Matviyenko: Soʻnggi uch yilda mamlakatlarimiz oʻrtasida barcha sohadagi oʻzaro munosabatlar jadallik kasb etmoqda

11:39 03 Oktyabr 2019 Siyosat
108 0

Ayni paytda mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko Oliy Majlisning ikkala palatasi rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Federatsiya Kengashi Raisi parlamentlararo hamkorlik munosabatlari rivoji xususida OAV vakillariga quyidagilarni soʻzlab berdi:

— Oʻzbekiston va Rossiya oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlarga ega. Rossiya uchun Oʻzbekiston ishonchli ittifoqchi va strategik hamkor mamlakatdir. Qolaversa, soʻnggi uch yilda mamlakatlarimiz oʻrtasida barcha sohadagi oʻzaro munosabatlar jadallik kasb etmoqda. Jumladan, savdo-iqtisodiy aloqalar, parlamentlarimiz, hukumatlarimiz, fuqarolik jamiyatlarimiz oʻrtasida oʻrnatilgan oʻzaro muloqotlar izchillik bilan rivojlanmoqda. Ikki davlat rahbarlarining oʻzaro ishonchli munosabatlari va saʼy-harakatlari tufayli bu muvaffaqiyatlarga erishildi.

Globallashuv jarayonlarida hech bir davlat yakka holda muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Mamlakatlar oʻzaro manfaatlaridan kelib chiqqan holda saʼy-harakatlarini birlashtirishi lozim. Shu maqsadda hududlararo formatda erishilgan kelishuvlar borasidagi ishlarni kuchaytirishimiz lozim. 2018-yilda mamlakatimiz Prezidenti Vladimir Putinning rasmiy tashrifi chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida I Hududlararo hamkorlik forumi boʻlib oʻtgan edi. Ayni paytda 2020-yil fevral oyida boʻlib oʻtishi kutilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashrifiga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev koʻplab sohalarda, xususan, parlamentning jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirishga qaratilgan samarali islohotlarni amalga oshirmoqda. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston — Rossiya parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik koʻlami ham kengayib bormoqda. Oʻzbekiston Prezidenti Oliy Majlisning MDH Parlamentlararo Assambleyasidagi ishtirokini qayta tiklash boʻyicha qabul qilgan qarori davlat maqomi va nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Tashrif davomida Oliy Majlis palatalarida doʻstona muzokaralar boʻlib oʻtdi. Hamkasblarimiz bilan ikki davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishida Rossiya va Oʻzbekiston parlamentlari rolini kuchaytirish masalalarini muhokam qildik. Ikki mamlakat parlamentlarining quyi palatalari yoʻnalishida faol oʻzaro hamkorlik olib borilmoqda. Bundan avvalroq Oʻzbekistonga Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi Raisi Vyacheslav Volodin tashrif buyurgandi.

Oliy Majlis Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyasi faoliyatidan toʻliq qanoatlanaman. Uning toʻrtinchi yigʻilishida oʻtkazilgan mazmunli muloqot chogʻida aniq qaror va istiqboldagi rejalar koʻrib chiqildi. Oliy Majlis Senati Raisi bilan kelgusi yilda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligini nishonlash boʻyicha tadbirlar rejasini muhokama qilishga kelishib oldik. Oʻzbekiston parlamenti aʼzolari bilan hamkorlikda bugungi tinchlik va osoyishtalik uchun janglarda qahramonlarcha halok boʻlganlar xotirasiga yoshlarning ehtirom bilan yondashishlari uchun ularni koʻproq jalb qilishga yoʻnaltirilgan tadbirlar tashkil qilishni moʻljallayapmiz.

Shu bilan birga, ikki mamlakat hududlararo hamkorligini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston — Rossiya Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi majlisi oʻtkazildi. Oʻzbek tadbirkorlari vakillarining Rossiya hududlariga, rossiyaliklarning Oʻzbekistonga tashriflari ikki tomonlama foydali loyihalarning amalga oshishiga xizmat qilmoqda. Transport xavfsizligi sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish hamda Oʻzbekistondan Rossiya Federatsiyasiga yetkazib beriladigan mahsulotlarni qabul qilishni tezlashtirish tadbirlari rejasi, xususan, bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishni soddalashtirish borasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Bu esa Oʻzbekistonning eksport imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, ikki mamlakat parlamentlarining roli va taʼsiri oshib bormoqda. Palatalar rahbarlari va ixtisoslashgan qoʻmitalar yoʻnalishi boʻyicha aloqalarni yanada jadallashtirishni moʻljallayapmiz. Eʼtirof etish kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashining Devoni oʻrtasida imzolangan memorandumni alohida qayd etmoqchiman. Demak, biz ilmiy-ekspert salohiyatimizga, parlament tashkilotlari oʻrtasidagi oʻzaro tajriba almashinuvlarga, qonunchilikdagi tajribamizga, MDH Parlamentlararo Assambleyasidagi ishlanmalarga koʻproq eʼtibor qaratishimiz lozim.

Yunus BOʻRONOV yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?