Valentina Matviyenko Prezident maktabida boʻldi

18:10 02 Oktyabr 2019 Jamiyat
131 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Oʻzbekistonda rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko boshchiligidagi parlament delegatsiyasi 2019-yil 2-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva hamrohligida Toshkent shahridagi Prezident maktabini borib koʻrdi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Mehmonlarga mazkur davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasining faoliyati haqida batafsil axborot berildi. Maktab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil fevral oyida imzolangan qaroriga muvofiq shu yil sentyabr oyida ochilgani qayd etildi. 168 oʻquvchiga moʻljallangan oʻquv korpusi va yotoqxona, shuningdek oʻqituvchilar uchun 15 oʻrinli mehmonxona qurildi. Maktab fanlarni zamonaviy uslubda oʻqitish uchun darsliklar va qoʻllanmalar bilan taʼminlangan.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Oʻqituvchilarni saralab olishga alohida eʼtibor qaratildi. Ularning 30 nafari xorijlik mutaxassislar, 72 nafari mamlakatimiz oʻqituvchilaridir.

Oʻquvchilarning qiziqishi va qobiliyatiga qarab 9−11-sinflarda oʻqish jarayonini yakka tartibda tashkil etish koʻzda tutilgan. Prezident maktabi internat sifatida faoliyat olib boradi, yaʼni oʻquvchilar 5 kun ichida maktab hududida (kampusda) yashab tahsil oladi. Dam olish kunlari oʻquvchilarning ota-onalari bolalarini uylariga olib ketadi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Prezident maktablari tarbiyalanuvchilari bepul maktab formasi va oziq-ovqat bilan taʼminlangan. Prezident maktablarida STEAM taʼlim dasturi boʻyicha oʻqitiladi (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – texnik ijod, Art – sanʼat, Mathematics – matematika). Bu isteʼdodli yoshlarga firklash, iroda, ijodiy salohiyat va moslashuvchanlikni yanada rivojlantirish imkonini beradi. Bu yoʻnalishlar boʻyicha darslar davlat tilida olib boriladi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Tashrif davomida Prezident maktablarining faoliyati mamlakatni yanada rivojlantirishga alohida hissa qoʻshadigan oliy maʼlumotli, isteʼdodli yoshlarning yangi avlodini tarbiyalash imkonini berishi taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?