Vagondagi oshxona shkafiga tatuirovka ignalari va marixuana moddasini yashirgan shaxs qo‘lga olindi

10:01 18 Iyul 2018 Jamiyat
319 0
Foto: bojxona.uz

“Keles” temir yo‘l chegara bojxona postida “Astana-Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha yurtimizga kirib kelgan yo‘lovchi tashish poyezdi yo‘lovchilarining qo‘l yuklarini bojxona ko‘rigidan o‘tkazish vaqtida qonunbuzarlik holati fosh etildi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, fuqaro O.S. vagonning oshxona jihozlari turadigan shkafning pastki qismida joylashgan maxsus joyda umumiy qiymati 2 million so‘mlik jami 120 dona “EZ Revolution cartridges” nomli inson badanini tatuirovka qilish uchun mo‘ljallangan ignalarni yashirib yurtimizga olib kirmoqchi bo‘lgan ekan.

Bojxona nazorati jarayonida oshxona shkafidagi qutilar ostida qora rangli polietilen paket o‘rami ham yashirilganligi ma’lum bo‘ldi.

Ushbu polietilen paket o‘rami xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganda, uning ichida polietilen paket parchalariga o‘ralgan, giyohvandlik vositasiga o‘xshash xashaksimon o‘simlik borligi aniqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Ekspert kriminalistik markazining xulosasiga ko‘ra, ushbu aniqlangan quritilgan o‘simlik vazni 20,71 gramni tashkil etuvchi “Marixuana” giyohvandlik vositasi, deb topildi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?