Vadim Menkov toʻrt karra Osiyo oʻyinlari chempioni boʻlgan ilk oʻzbekistonlik sportchiga aylandi. Oʻzbekiston esa 6-oʻringa koʻtarilib oldi

10:03 30 Avgust 2018 Sport
352 0
Архив фото

Oʻzbekistonlik sportchilar Indoneziyada davom etayotgan Osiyo oʻyinlarida ketma-ket medallarni qoʻlga kiritmoqda.

Bugun, 30 avgust kuni Vadim Menkov eshkak eshish boʻyicha Osiyo oʻyinlarining toʻrt karra chempioniga aylandi.

Hamyurtimiz 1000 metrga kanoeda eshkak eshish boʻyicha yakkalik bahslarida marraga birinchi boʻlib yetib bordi va yakunda musobaqa gʻolibiga aylandi. Bu Vadim uchun Osiyo oʻyinlaridagi toʻrtinchi oltindir. Bungacha u Doxa, Guanchjou va Incheonda oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlarida birinchi oʻrinni egallagan. U bunday natijaga erishgan birinchi oʻzbek sportchisiga aylandi.

Shuningdek, kanoeda eshkak eshish boʻyicha ayollar oʻrtasida 500 metr masofaga oʻtkazilgan bahslarda Dilnoza Rahmatova va Nilufar Zokirova tandemi marraga ikkinchi boʻlib yetib bordi va kumush medalni qoʻlga kiritdi.

1000 metrga kanoeda eshkak eshish yoʻnalishida qatnashgan Nurislom Toʻxtasin oʻgʻli va Serik Mirbekov juftligi hamda qayiqda 1000 metrga eshkak eshish boʻyicha startga chiqqan Shahriyor Mahkamov va Shohruhbek Aʼzamov bronza medallarini qoʻlga kiritdi.

Endilikda Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 49 taga yetdi - 13 oltin, 18 kumush va 18 bronza. Ayni vaqtda Oʻzbekiston jamoasi 6-oʻringa koʻtarilib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?