Uzun tumanida zamonaviy kutubxona oʻz faoliyatini boshladi

14:18 11 Sentyabr 2020 Jamiyat
483 0

Oʻzbekiston Respublikasini Prezidentining 2018-yil 4-maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni demokratlashtirish va modernizatsiya qilishdagi roli va ahamiyatini yangi bosqichga koʻtardi.

Ushbu farmon asosida yaratilayotgan keng imkoniyatlar sabab, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan ham yangi tashabbus va gʻoyalarni hayotga tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

“Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” gʻoyasini amalda roʻyobga chiqarish, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirishga hamda ijtimoiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlari joriy etilishiga katta eʼtibor berilmoqda.

Bugungi kunda mahalliy hokimliklarning amaliy koʻmagida, Federatsiya tomonidan aholining isteʼmol madaniyatini oshirish, tuman shaharlarda kutubxona xizmatini koʻrsatish tizimini tashkil etish, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida huquqiy va badiiy jihatdan yuksak, intellektual saviyani oʻstirishga xizmat qiladigan, isteʼmolchilik sohasi, siyosiy va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlangan “Isteʼmolchi kutubxonasi” va aholini isteʼmolchi sifatidagi huquqiy bilimini yuksaltirish maqsadida “Isteʼmolchilar uyi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasi shu kunga qadar 11 ta shu kabi ziyo maskanlari qurib foydalanishga topshirildi. Kelgusida yana 50 dan ortiq barcha qulaylik va imkoniyatlarga ega boʻlgan “Isteʼmolchi kutubxonasi” va “Isteʼmolchilar uyi” binosi qurib bitkazilishi reja qilinmoqda.

Navbatdagi bilim maskanining ochilishi, Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida boʻlib oʻtdi.

Endilikda, Uzun tumanining yoshlari uchun foydalanishga topshirilayotgan mazkur binolardan har bir fuqaro oʻzining isteʼmolchi sifatidagi bilim va koʻnikmalarini mustahkamlab borish imkoniyatiga ega boʻladi.

Aynan “Isteʼmolchi kutubxonasi” fondida Oʻzbekiston qonunlari va isteʼmolchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatlar, siyosiy-iqtisodiy qoʻllanmalar, maʼrifiy, badiiy, ilmiy ommabop kitoblar, respublikamizda nashr qilinadigan gazeta-jurnallardagi maʼlumotlar joylashtiriladi.

Bundan tashqari kutubxonada zamonaviy “Book cafe” va bepul WiFi tizimi hamda internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beruvchi “eReader” elektron oʻquv qurilmasi ham oʻrnatiladi. “Isteʼmolchilar uyi” binosida esa, fuqarolarning isteʼmolchilik huquqlari buzilganda ularning ariza va murojaatlari qabul qilinadi.

Bundan tashqari, mazkur binoda 10 nafar ish oʻrni yaratilgan boʻlib, tumandagi xotin-qizlar uchun “Tikuvchilik sexi” ham oʻz faoliyatini boshladi

Manija Bahriyeva,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari

federatsiyasi bosh mutaxassisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?