Uzumning mikroklonlashgan usulda in vitro genofondi kolleksiyalari yaratiladi

14:43 01 May 2018 Iqtisodiyot
2099 0
Foto: sad-dacha-ogorod.com

“O‘zsharobsanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan akademik M. Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan hamkorlikda mikroklonlashgan usulda, uzumning in vitro genofondi kolleksiyalarini yaratish va pitomniklarda ko‘paytirish bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda. 

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan xaridorgir, genetik jihatdan yangi va istiqbolli uzum navlarini ko‘paytirish orqali eksportbop vino mahsulotlari ishlab chiqarishni hajmi oshirishdir. Jamiyat tashabbusi bilan tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda, tokzorlar uchun mos yerlar ajratish, tarmoqqa zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, yaroqsiz tokzorlarni rekonstruksiya qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan brifingda shu haqda ma’lumot berildi. 

— Prezidentimizning 2018 yil 28 fevraldagi “Vinochilik sohasini va alkagol mahsulotlarni realizatsiya qilishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori vinochilik sohasini rivojlantirish, ayniqsa, tizimdagi qayta ishlash korxonalari xom ashyo bazasini mustahkamlash borasida dasturilamal hujjat bo‘ldi, — “O‘zsharobsanoat” AJ boshqarma boshlig‘i Jamshed Axmedjanov. — Unda sanoatbop uzum yetishtirishni ko‘paytirish, yangi tokzorlar barpo etish, mavjudlarining mahsuldorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan. Shundan kelib chiqib, jamiyat tarkibidagi korxonalar tomonidan 2018-2021 yillar davomida Jizzax viloyati Baxmal, Yangiobod va Zomin tumanlarida 9750 gektar yangi tokzorlar barpo etiladi. 

Mazkur tokzorlarda jahonda taniqli bo‘lgan hosildor uzum navlari joylashtiriladi. Shuning uchun suv bilan ta’minlangan unumdor yer maydonlari ajratish, sertifikatlangan ekish materiallaridan foydalanish, zamonaviy texnika parklarini tashkil etish chora-tadbirlari ko‘rilayapti. Eng muhimi, tokzorlar qayta ishlash shoxobchalaridan uzoq bo‘lmagan xududlarda tashkil etilib, 10 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. 

Hozirgi paytda jamiyat tasarrufidagi sub’ektlar ixtiyorida 4273 gektar tokzorlar mavjud bo‘lib, bu yerda nafaqat texnik uzum, balki oziq-ovqat mahsulotlari ham yetishtirilmoqda. Xususan, yosh tok qator oralariga joriy yilda jami 1410 gektar sabzavot, poliz, kartoshka va dukkakli ekinlar ekilayapti. Bu, o‘z navbatida, yerdan samarali foydalangan holda, ichki va tashqi bozorga sifatli mahsulotlar yetkazib berilishiga mustahkam zamin yaratadi.

Said RAHMONOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?